Fargʻona viloyat oʻlkashunoslik muzeyi – madaniy-maʼrifiy muassasa; Respublikadagi keksa muzeylardan. Fargʻona shahrida joylashgan.

Tarixi

Fargʻona tarixi muzeyi Oʻzbekiston Respublikasidagi eng keksa muzeylaridan biridir. Muzeyga ilk bor 1894-yilda Yangi Margʻilon (Hozirgi Fargʻona shahri) shahrida oʻtgan savdo koʻrgazmasi vaqtida asos solingan. Oradan maʼlum bir vaqt oʻtib, 1895-yilda Fargʻona viloyati harbiy Gubernatori tomonidan Gubernatorlik binosining, Gubernator xonasi yaqinida Fargʻona vodiysiga oid tarixiy buyumlarni saqlash uchun 2 ta xona ajaratilgan. 1897-yilda muzeyning nizomi tasdiqlangan boʻlsa, 1899-yilning 26-may kuni „Fargʻona viloyat xalq muzeyi“ning (uning birinchi nomi shunday edi) tantanali ochilishi boʻlib oʻtdi. Bu vaqtga kelib muzeyda 2223 dona tarixiy buyum va kitoblar yigʻilgan edi. 

1911-yilda Fargʻona shahridagi oʻzgarishlar natijasida muzey yopildi va faqat 1920-yilda Fargʻonadagi siyosiy tizimning oʻzgarishi natijasida, hokimiyat sovetlar qoʻliga oʻtgach, muzey qayta ochildi. Bu vaqtga kelib muzeyning maqsad va vazifasi ham butunlay oʻzgargan edi. Muzeyning nomi esa, „Fargʻona shahar ilmiy muzeyi“ deb atala boshlandi. Muzey eski Konstantinovskaya koʻchasidagi binolarning birida 1984-yilga qadar faoliyat olib bordi. 1985-yildan Fargʻona shahrining boshqa qismiga, maxsus muzey uchun qurilgan binoga koʻchib oʻtdi.

1922—1927-yillarda muzey ekspozitsiyasida qishloq xoʻjaligi, hunarmandchilik, numizmatika, tabiat, tarix va etnografiya boʻlimlari mavjud edi. left|thumb|Fargʻona shaharidagi Farʻona darvozasining eski koʻrinishi muzey boʻlimlaridan biridan oʻrin olgan 1938-yildan esa, muzey „Viloyat oʻlkashunoslik muzeyi“ nomi ostida faoliyat koʻrsata boshladi. Bu vaqtga kelib eksponatlar soni 15 mingdan oshgan edi. 1951—1960-yillar oraligʻida Leningrad universiteti bitiruvchilari va keyinchalik, muzeyda xodim boʻlib ishlagan N. G. Gorbunova va B. Z. Gamburglar izlanishi va oʻlka, Fargʻona vodiysiga oid qazilma ishlarini olib borishi natijasida muzey 5000 ga yaqin tarixiy va arxeologik buyumlarga boyidi. thumb|1870—1910-yilar oraligʻidagi Fargʻona tarixi Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, Fargʻona viloyatining ijtimoiy hayotida muzeyning roli keskin ortdi. Fargʻona Vodiysining tarixiy allomalari Ahmad al-Fargʻoniyning 1200 yillik va Burhoniddin al-Margʻiloniyning 900 yillik yubileylari „Fargʻona tarixi muzeyi“ xodimlarning saʼy-harakatlari natijasida amalga oshirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi birinchi prezidenti Islom Karimovning 1998-yil 12-yanvardagi 1913-sonli „Muzeylar faoliyatini tubdan yaxshilash va takomillashtirish toʻgʻrisida“gi FarmoniOʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 12.01.1998 yildagi PF-1913-son lex.uz 12.01.1998, Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 5-martdagi 98-sonli „Muzeylar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash masalalari toʻgʻrisida“gi va 2002-yil 9-yanvardagi „Noyob zargarlik sanʼati asarlarini asragan holda foydalanish va saqlanishini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha choralar toʻgʻrisida“gi qarorlari muzey faoliyatini yanada jonlantirib yubordi.

Tavsifi

Bugungi kunda Fargʻona viloyati oʻlkashunoslik muzeyi barcha turdagi zamonaviy texnika vositalari bilan taʼminlangan boʻlib, ular ilmiy-tadqiqot ishlarida katta samara bermoqda. 

Hozir muzeyda 5 ta (tarix, tabiat, sanʼat, ilmiy-oqartuv va fond) boʻlim va 10 ta (tasviriy sanʼat, metal va sopol buyumlar, maxsus mato buyumlar, hujjatlar, gazeta va plakatlar, yogʻoch buyumlar, arxeologiya va numizmatika, tabiat, fotonegativ va suratlar) zaxiraxonalar faoliyat koʻrsatib turibdi. Muzey binosi 3 qavatdan iborat boʻlib, asosiy koʻrish zali ikkinchi qavatda joylashgan. Muzey xorijiy mamlakatlardagi muzeylar bilan ham hamkorlik (Angliya, Yaponiya, Rossiya) ishlarini amalga oshiradi. Shuningdek, Toshkent shahrida 1980—1990-yillar oraligʻida Fargʻona muzeyi tarixiy eksponatlari bilan bir necha koʻrgazmalar tashkil etilgan.

Shuningdek, bugungi kunda Fargʻona viloyati oʻlkashunoslik muzeyining tumanlarda 8 ta tarmogʻi mavjudFargʻona muzeyi tarixidan museumfergana.uz.

Filial

Bugungi kunda Fargʻona viloyati oʻlkashunoslik muzeyining Fargʻona viloyatida 8 ta tarmogʻi mavjud.

Shohimardon qishlogʻida Hamza Hakimzoda Niyoziy muzeyi Fargʻona tumani Kaptarxona qishlogʻida Usmon Yusupov memorial muzeyi Yaypan shahrida Oʻzbekiston tumani tarixi muzeyi Margʻilon shahar tarixi muzeyi Margʻilon shahridagi Uvaysiy uy-muzeyi Uchkoʻprik tumanidagi Ziyovuddin Xaziniy uy-muzeyi Oltiariq tuman tarixi muzeyi Erkin Vohidov uy-muzeyi Erkin Vohidov memorial muzeyi (Margʻilon shahrida).

Muzeydagi oʻgʻrilik

2022-yilda muzeyni tartibga solish va ularning moddiy bazasini qayta koʻrib chiqilgan vaqtida, 100 ga yaqin muzeyga oid asarlar, tarixiy materillar aslidan qalbakisiga almashtilgani maʼlum boʻldi. Bu holat aynan qachon roʻy bergani haqida aniq maʼlumotlar berilmagan.

Manbalar

Havolalar

Fargʻona muzeyi rasmiy sayti

Turkum:Fargʻona viloyati Turkum:Oʻzbekistondagi muzeylar Turkum:Muzeylar