Zilzila bashorati deganda berilgan muddat ichida boʻlajak zilzila va xususan, berilgan mintaqadagi kelasi kuchli zilzilaning sodir boʻlish vaqti, joyi va magnitudasini oldindan aytib berish tushuniladi. Bunda zilzilani taxmin etish amaliyoti tushunilmasligi kerak, chunki taxminlash berilgan mintaqada kelajak bir necha yil ichida zilzila sodir boʻlishi ehtimolligini aniqlash boʻlib, aniq natija berishni oʻz oldiga vazifa qilib qoʻymaydi. Zilziladan ogohlantirish tizimi ham zilzila bashorati emas, chunki bunday tizim zotan sodir boʻlgan zilzilani qayd etib, u qoʻshni mintaqalarga yetib borgunicha ularni bir necha soniya oldindan ogohlantirish uchun ishlatiladi.

Foydali boʻlishi uchun zilzila bashorati tayyorgarlik koʻrish va faoliyat toʻxtatilishiga ketadigan sarf-xarajatlar bekor boʻlmasligini kafolatlaydigan darajada aniq boʻlishi lozim. Aks holda soxta bashoratlar nafaqat iqtisodiy zarar keltiradi, balki shunday bashoratga ishonchni kamaytirib, samarasiga jiddiy putur yetkazadi.

1970-yillarda olimlar orasida zilzilalarni bashorat etish metodi alal-oqibat ishlab chiqilishi mumkin, degan nekbinlik kuchaygan edi, biroq 1990-yillarga kelib davom etayotgan muvaffaqiyatsizlik koʻp olimlarni zilzilani bashorat qilishning umuman iloji bormi, degan savolga olib keldi. Bugunda ayrim olimlar yetarli resurslar bilan zilzilalarni bashorat qilish mumkin, deyishsa, boshqa olimlar bunday bashoratlarni amalga oshirishning hech qanday iloji yoʻq, degan fikrda.

Harakatlar Zilzilalarni bashorat qilishning samarali metodi haligacha mavjud emas, biroq bunday metodlar ishlab chiqish tomon harakatlar qilinmoqda. Bu urinishlar quyidagilarga asoslangan:

Hayvonlar atvori Zilziladan oldin hayvonlarning oʻzini tutishida oʻzgarishlar kuzatiladi, degan iddaolar qilingan. Biroq bu iddao oʻzini toʻliq oqlamagan. Masalan, 1992-yili Kaliforniyadagi 7,3 magnitudali Landers zilzilasi epitsentridan 100 km uzoqda chumolilar ustidan oʻtkazilayotgan tajriba paytida chumolilarning zilzilani na oldindan, na keyin sezgani kuzatildi. Kemiruvchilar bilan oʻtkazilgan boshqa tajriba esa gʻayrioddiy hatti-harakatni qayd etdi, biroq kemiruvchilarning bunday atvori zilzila emas, balki boshqa faktorlar tufayli boʻlgani aniqlandi.

Biroq 2011-yilgi 5,8 magnitudali Virginia zilzilasidan 5-10 soniya oldin Vashington hayvonot bogʻidagi baʼzi hayvonlar bezovtalangani kuzatilgan; lekin bu zilzilani oldindan sezish belgisi boʻlmay, odamlar sezmagan kuchsiz birlamchi p-toʻlqinini sezgani tufaylidir, bu birlamchi toʻlqin ketidan bir necha soniya oʻtib kuchli ikkilamchi s-toʻlqin yetib keldi.

Vp/Vs farqi Seysmologiyadagi yana bir metod Vp (p-toʻlqin tezligi) va Vs (s-toʻlqin tezligi) nisbati oʻzgarishini qayd etishga asoslanadi. Bu nisbat tosh qobiq siqilayotgan paytda oʻzgaradi, deb taxmin etilgandi. Bu metodga tayanib faqat bitta zilzila (1973-yilgi 2,6 magnitudali New York zilzilasi) muvaffaqiyatli bashorat qilingan. Bu metod bilan boshqa zilzilalarni oldindan aytishga urinishlar samarasiz chiqdi.

Radon emissiyasi Toshlarning aksariyati kichik miqdorda normal atmosfera gazlaridan izotopik farqlanuvchi gazlarni oʻzida saqlaydi. Katta zilzila oldidan toshlar yorilib, gazlar emissiyasi kuzatilgan. Bu gazlardan biri radon boʻlib, u toshlardagi asorat uran radioaktiv parchalanishi natijasida kelib chiqadi.

Radon emissiyasini kuzatish nisbatan qulay, chunki u radioaktivligi va yetarli davom etuvchi yarim yemirilish davri (3,8 sutka) bilan xarakterlanadi. Biroq radon emissiyasi metodining jiddiy kamchiligi shundaki, u na aniq joy (xatoligi ming kilometrgacha), na aniq vaqt (xatoligi bir necha oygacha) va na aniq magnitudani koʻrsatadi.

Manbalar

Havolalar Earthquake Prediction Topics , AQSh Geologik xizmati

Turkum:Zilzilalar