Harry Potter va Feniks jamiyati () – J. K. Rowlingning ayni nomli romani asosida 2007-yilda tasvirga olingan fentezi janridagi film; Harry Potter filmlar seriyasining beshinchi qismi. Filmga David Yates rejissyorlik qilgan, ssenariyni esa Michael Goldenberg yozgan. Filmda bosh rollarni Daniel Radcliffe, Rupert Grint, Emma Watson, Helena Bonham Carter, Robbie Coltrane, Warwick Davis, Ralph Fiennes, Michael Gambon, Brendan Gleeson, Richard Griffiths, Jason Isaacs, Gary Oldman, Alan Rickman, Fiona Shaw, Maggie Smith, Imelda Staunton, David Thewlis, Emma Thompson va Julie Walters ijro etgan.
Film premyerasi 2007-yilning 11-iyulida AQShda, 2007-yilning 12-iyulida esa Birlashgan Qirollikda boʻlib oʻtgan. Film kinotanqidchilar tomonidan xush qarshilangan hamda koʻplab mukofotlarga, jumladan, BAFTAga nomzod etib koʻrsatilgan. Byudjeti £75–100 millionni ($150–200 million) tashkil etgan ushbu kinokartina umumjahon boʻylab prokatlarda $942 million ishlab topgan va 2007-yilning ikkinchi eng kassabop filmiga aylangan.
Syujeti Harry Potter yozgi taʼtilni Dursleylarnikida oʻtkazadi. Kunlarning birida Harry va Dudley dementorlar hujumiga uchraydi. Harry ularni Patronus afsuni yordamida oʻzidan nari ketkazadi. Sehrgarlik vazirligi Harryning afsun ishlatganidan xabar topadi va uni jazo tariqasida Hogwarts maktabidan chetlatadi (sababi voyaga yetmaganlarning afsun ishlatishi man etilgan). Mazkur jazo keyinchalik bekor qilinadi.
Albus Dumbledore asos solgan „Feniks jamiyati“ nomli sirli tashkilot Harryni Sehrgarlik vazirligi Lord Voldemortning qaytgani haqidagi mish-mishlar tarqalishini oldini olishga urinayotgani haqida boxabar qiladi. Tashkilot qarorgohida Harryning choʻqintirgan otasi Sirius Black unga Voldemort qandaydir buyum izlayotganini aytadi.
Sehrgarlik vaziri Cornelius Fudge Dolores Umbridgeni qora kuchlardan himoyalanish boʻyicha professor etib tayinlaydi. Umbridge himoyalanish boʻyicha afsunlarni oʻquvchilarga oʻrganishni man etishi u va Harry oʻrtasida ziddiyatga olib keladi. Umbridge maktab ustidan nazoratni qoʻlga ola boshlayotganda, Ron va Hermione Harryga oʻquvchilarga himoyalanish afsunlarini oʻrgatishni maqsad qilgan „Dumbledore otryadi“ maxfiy guruhini tuzishga koʻmaklashishadi. Umbridge „Slytherinlar“ fakulteti oʻquvchilaridan iborat „Inspeksiya drujinasi“ guruhini tuzib, guruh aʼzolariga boshqa oʻquvchilar ortidan aygʻoqchilik qilish vazifasini topshiradi.
Kechalarning birida Harry Arthur Weasleyning Vazirlik binosida hujumga uchrayotganini tush koʻradi. Dumbledore Voldemort Harry bilan mazkur aloqadan foydalanishi mumkinligidan choʻchib, Severus Snapedan Harryga uning ongini Voldemortning ehtimoliy taʼsiridan himoyalash maqsadida okklyumensiyani oʻrgatishni iltimos qiladi. Snapedan saboq olish chogʻida Harry otasi James maktab davrida Snapeni koʻp marotaba masxara qilganini aks ettiruvchi xotiralarni koʻradi. Harry va Voldemort oʻrtasidagi aloqa Harryni doʻstlaridan yiroqlashishiga sabab boʻladi. Bu orada „Ajal kasofatlari“ jamoasining oʻn nafar aʼzosi Azkaban qamoqxonasidan qochishga muvaffaq boʻladi. Hogwarts maktabida Umbridge va „Inspeksiya drujinasi“ „Dumbledore otryadi“ guruhini fosh etadi. Fudge Dumbledoreni ushbu guruhni tuzganlikda ayblab, uni qoʻlga olishni buyurganida, Dumbledore qochib ketadi. Umbridge esa maktabning yangi direktoriga aylanadi.
Harry xayolida Voldemort Siriusni azoblayotgani bilan bogʻliq tasvirlarni koʻradi. Harry, Ron va Hermione „Feniks jamiyati“ tashkiloti aʼzolarini Harry koʻrgan tasvirlardan boxabar etish maqsadida Umbridgening xonasi tomon shoshilishadi. Umbridge ularni qoʻlga oladi va Harryni ogʻir jazolamoqchi boʻlganida, Hermione taqiqlangan oʻrmonda Dumbledorening „sirli quroli“ mavjudligini aytadi. Hermione va Harry Umbridgeni Hagridning bahaybat ukasi Grawp yashayotgan joyga olib borishadi. U yerda ular kentavrlarga toʻqnash kelishadi. Kentavrlar Umbridgeni oʻgʻirlab ketishadi. Harry, Hermione, Ron, Luna, Neville va Ginny Siriusni qutqarish uchun festrallarda Sehrgarlik vazirligi tomon uchishadi.
Oltovlon Sirlar boʻlimiga yetib kelishadi va Voldemort axtarayotgan buyum – Harryning ismi tushirilgan bashorat toshini topishadi. Bu paytda „Ajal kasofatlari“ ularga pistirmadan hujum uyushtiradi. Lucius Harryga Siriusning azoblanayotgani bilan bogʻliq tasvirlar uni shu yerga keltirish uchun tuzilgan puxta reja ekanligini ochiqlaydi. Harry Luciusga bashorat toshini topshirishdan bosh tortadi va natijada „Dumbledore otryadi“ va „Ajal kasofatlari“ oʻrtasida jang yuzaga keladi. „Ajal kasofatlari“ oʻquvchilardan iborat guruhdan ustun keladi va Harryni bashorat toshini topshirishga majburlashadi. Harry Luciusga bashorat toshini berayotganda, Sirius, Remus Lupin, Nymphadora Tonks, Kingsley Shacklebolt va Mad-Eye Moodydan iborat jamoa yetib keladi. Ular „Ajal kasofatlari“ga hujum qilishganida, Lucius bashorat toshini yerga uloqtirib, uni yoʻq qiladi. Sirius Lucius bilan kurashayotganda, Bellatrix Siriusni oʻldiradi.
Voldemort paydo boʻlib, Harryni oʻldirishiga bir baxya qolganda, Dumbledore yetib keladi. Voldemort va Dumbledore oʻrtasida shiddatli jang sodir boʻladi. Ikkovining kuchi deyarli teng kelganida, Voldemort Harryning vujudiga kirib oladi. Harryning doʻstlari va oilasiga boʻlgan muhabbati Voldemortni vujudidan siqib chiqarib yuboradi. Vazirlik rasmiylari Voldemort gʻoyib boʻlishidan avval yetib kelishadi; Fudge Voldemort qaytganini tan oladi va isnod bilan isteʼfoga chiqadi. Umbridge ishidan ozod etiladi va Dumbledore Hogwartsga maktab direktori oʻlaroq qaytadi. Dumbledore Harryga Voldemort ularning aloqasidan foydalanishi mumkinligidan xavotirlanib oʻzini undan uzoqroq tutganini tushuntiradi. Siriusning oʻlimi ortidan gʻam-gʻussa chekar ekan, Harry bashorat zamiridagi tub maʼnoni anglashga urinadi: „Ikkinchisi tirik boʻlsa, boshqa biri yashay olmaydi“.
Rollarda
Daniel Radcliffe Harry Potter rolida: 15 yoshli britaniyalik sehrgar. Rupert Grint Ron Weasley rolida: Harryning Hogwarts maktabidagi eng yaqin doʻsti. Emma Watson Hermione Granger rolida: Harryning Hogwarts maktabidagi eng yaqin doʻsti. Helena Bonham Carter Bellatrix Lestrange rolida: „Ajal kasofatlari“ aʼzosi va Sirius Blackning jiyani. Robbie Coltrane Rubeus Hagrid rolida: oʻrmonchi, Hogwarts maktabida sehrli mavjudotlar parvarishi fanidan oʻqituvchi va „Feniks jamiyati“ aʼzosi. Ralph Fiennes Lord Voldemort rolida: sehrgarlar dunyosini zabt etishni maqsad qilgan qora kuchlar sehrgari va „Ajal kasofatlari“ yoʻlboshchisi. Michael Gambon Albus Dumbledore rolida: Hogwarts sehrgarlar maktabi direktori va „Feniks jamiyati“ aʼzosi. Brendan Gleeson Mad-Eye Moody rolida: „Feniks jamiyati“ aʼzosi. Richard Griffiths Vernon Dursley rolida: Harryning pochchasi. Jason Isaacs Lucius Malfoy rolida: „Ajal kasofatlari“ aʼzosi. Gary Oldman Sirius Black rolida: Harryning choʻqintirgan otasi va „Feniks jamiyati“ aʼzosi. Alan Rickman Severus Snape rolida: Hogwarts maktabida oʻqituvchi hamda „Slytherin“ fakulteti rahbari. Fiona Shaw Petunia Dursley rolida: Harryning xolasi. Maggie Smith Minerva McGonagall rolida: Hogwarts maktabida oʻqituvchi va „Feniks jamiyati“ aʼzosi. Imelda Staunton Dolores Umbridge rolida: Hogwarts maktabida qora kuchlardan himoyalanish boʻyicha yangi oʻqituvchi. David Thewlis Remus Lupin rolida: Harryning qora kuchlardan himoyalanish boʻyicha sobiq oʻqituvchisi va „Feniks jamiyati“ aʼzosi. Emma Thompson Sybill Trelawney rolida: Hogwarts maktabida oʻqituvchi. Julie Walters Molly Weasley rolida: Weasleylar oilasi matriarxi va „Feniks jamiyati“ aʼzosi.
Ishlab chiqarish Filmga rejissyorlik qilish taklifi avvalboshda Mike Newell (Harry Potter and the Goblet of Fire filmi rejissyori), Jean-Pierre Jeunet, Guillermo del Toro, Matthew Vaughn va Mira Nair kabi kinorejissyorlarga berilgan, biroq ularning hech biri taklifni qabul qilishmagan. Keyinchalik, ayni taklif britaniyalik rejissyor David Yatesga berilganda, u taklifni qabul qilgan. Yatesning fikriga koʻra, studiyaga uning State of Play, Sex Traffic, The Girl in the Café kabi teleloyihalardagi ishi manzur kelgan. Shu sababdan ham uni oʻtkir syujetli, hissiyotlarga boy filmga rejissyorlik qilishga munosib koʻrgan. Prodyuser David Heymanga koʻra, Feniks jamiyati siyosiy mavzudagi film boʻlib, vakolatlarini suiisteʼmol qilayotgan rahbariyatdan norozi boʻlgan oʻspirinlar isyoni haqida hikoya qiladi. Emma Watson filmning siyosiy va ijtimoiy jihatlari haqida shunday fikr bildirgan: „Film qandaydir darajada 7-iyuldan keyingi hayot, insonlarning qoʻrqqanida oʻzlarini qanday tutishlari, qanday qilib haqiqatning inkor etilishi hamda jamiyatimiz duch keladigan hamma narsalar haqida hikoya qiladi“.
Potter haqidagi birinchi toʻrt film ssenariysini yozgan Steve Kloves boshqa loyihalar bilan band boʻlgani tufayli Feniks jamiyati loyihasida ishtirok etmagan. Shu sababli bu vazifa Michael Goldenbergga yuklatilgan. Kloves keyinchalik Feniks jamiyatidan keyin ishlangan Potter haqidagi filmlarning barchasida ssenariy muallifi oʻlaroq ishtirok etgan.
Filmda Mark Day montaj ustasi, Sławomir Idziak operator, Jany Temime esa liboslar boʻyicha rassom sifatida ishtirok etgan. Ilgari David Yates bilan bir necha loyihalarda birga ishlagan xoreograf Paul Harris filmda tayoqchalar bilan boʻlgan jang sahnalarini sahnalashtirishda muhim oʻrin tutgan.
Kasting Radcliffe Harry roliga qaytishini eʼlon qilganidan keyin 2005-yilning mayida Feniks jamiyati filmi uchun kasting jarayoni boshlangan. Goblet of Fire filmi chiqarilishi ortidan OAVda yuzaga kelgan ajiotaj fonida Grint, Watson, Lewis, Wright, Leung va Fiennes kabi aktyorlar avvalgi Potter haqidagi filmlarda gavdalantirgan rollariga qaytishlarini eʼlon qilishgan.
Filmdagi yangi personajlarni qaysi aktyorlar jonlantirishini aniqlab olish maqsadidagi kasting eʼlonlari butun 2006-yil davomida berilib borilgan. Evanna Lynch kastingda ishtirok etgan 15 mingdan ziyod qizlar orasidan Luna Lovegood rolini ijro etish uchun tanlan olingan. Saoirse Ronan ham ushbu rol uchun muhtamal nomzod boʻlgan, ammo studiya uni Lovegood roli uchun juda yosh deb hisoblagan.
OAVda Elizabeth Hurley Bellatrix Lestrange rolini ijro etishi haqida koʻplab mish-mishlar tarqalgan, ammo Warner Bros. studiyasi mish-mishlarga javoban Hurley mazkur rolni ijro etmasligini eʼlon qilganAnelli, Mellisa. „WB: Hurley Not Cast in Fifth Potter Film“ . The Leaky Cauldron. 8 February 2005. Retrieved 28 May 2006.. 2005-yilning avgustida ushbu rolga Helen McCrory nomzod ekanligi toʻgʻrisida mish-mishlar tarqala boshlagan. 2006-yil 2-fevralda McCrory haqiqatan ham Bellatrix rolini oʻynashi eʼlon qilingan. Biroq, 2006-yilning aprelida u uch oylik homiladorligini aytib, filmda rol oʻynamaslikka qaror qilgan. Bu qarorga kelishiga filmda boʻladigan jang sahnalarini ijro eta olmasligini sabab oʻlaroq koʻrsatgan. 2006-yilning 25-mayida Helena Bonham Carter Bellatrix rolini ijro etishi maʼlum boʻlgan. McCrory keyinchalik Harry Potter and the Half-Blood Prince filmida Narcissa Malfoy personajini jonlantirgan.