Yangi Oʻrgimchak-odam () — Marvel Comics qahramoni Oʻrgimchak-odam komikslariga asoslanib, 2012-yilda chiqarilgan AQShning fantastika janridagi film. Columbia Pictures tomonidan Marvel Entertainment, Laura Ziskin Productions, Arad Productions hamda Matt Tolmach Productions bilan hamkorlikda ishlab chiqarilgan va Sony Pictures Releasing tomonidan ommaga taqdim etilgan. Bu film Sam Raimi tomonidan 2002—2007-yillarda suratga olingan Oʻrgimchak-odam trilogiyasidan keyin chiqarilgan toʻrtinchi Oʻrgimchak-odam filmi boʻlib, yangi aktyorlar guruhi bilan qayta ekranlashtirilgan. Filmning davomi Yangi oʻrgimchak-odam 2 hisoblanadi. Filmga Marc Webb rejissyorlik qilgan boʻlib, ssenariy James Vanderbilt, Alvin Sargent hamda Steve Kloves tomonidan yozilgan. Bosh rollarni Andrew Garfield, Emma Stone, Rhys Ifans, Denis Leary, Campbell Scott, Irrfan Khan, Martin Sheen, va Sally Fieldlar ijro etishgan. Filmda Peter Parker oʻrta maktab oʻquvchisi boʻlib, genetik jihatdan oʻzgartirilgan oʻrgimchak tomonidan chaqilganidan keyin oʻrgimchakka oʻxshash qobiliyatlarga ega boʻladi. U oʻz qobiliyatlaridan foydalanib jinoyatchilikka qarshi kurashadi, lekin oʻzining oddiy hayoti bilan qahramonlik hayotini muvozanatlashga harakat qilganida shaxsiy muammolarga duch keladi. Peter, shuningdek, oʻtmishiga yuzlanishi va ota-onasining gʻoyib boʻlishi ortida turgan haqiqatni aniqlashga harakat qiladi. Bu Peterning otasining sobiq hamkasbi boʻlgan va yovuz kaltakesakka aylangan Dr. Curt Connors bilan toʻqnashuvga olib keladi.

Suratga olish ishlari 2010-yil Tobey Maguire bosh rolidagi Oʻrgimchak-odam 4 filmini suratga olish ishlari bekor qilinganidan soʻng boshlangan. Columbia Pictures suratga olish guruhini oʻzgartirmasdan franshizani qayta ekranlashtirishga qaror qilgan. Vanderbilt ssenariyni yozishga chaqirilgan, Sargent va Kloveslar esa ssenariyda Vanderbiltga yordam berishgan. Asosiy rollar uchun kasting 2010-yilda suratga olish ishlari boshlanmasidan avval boʻlib oʻtgan. Komikslar asosida yangi dizaynlar, masalan, sunʼiy toʻr otuvchi qurilmalar kiritilgan. Red Digital Cinema Camera Companyning RED Epic kamerasi yordamida asosiy suratga olish ishlari 2010-yil dekabr oyida Los-Angelesda boshlanib, soʻng Nyu-York shahriga koʻchirilgan. Film uchun vizual effektlar va montaj ishlari 2011-yil aprel oyidan boshlangan. 3ality Technica 3D tasvirlar tayyorlashni oʻz zimmasiga olgan, Sony Pictures Imageworks esa CGI effektlar ustida ishlagan.

Sony Pictures Entertainment film uchun reklama veb-saytini yaratib, koʻplab treylerlarni chiqargan. Filmga oid mahsulotlarga Beenox va Activision tomonidan yaratilgan video oʻyinlar ham qoʻshilgan. Film 2012-yil 30-iyunda Tokioda premyera qilingan. AQShda esa 2012-yil 3-iyulda (2002-yilda taqdim etilgan „Oʻrgimchak-odam“ filmidan roppa-rosa oʻn yil oʻtib) 2D, 3D, IMAX 3D va 4DX formatlarida premyera qilingan. Film tanqidchilar tomonidan ijobiy qabul qilingan. Garfield va Stone oʻrtasidagi ishqiy munosabat, jangovar sahnalar, vizual effektlar va soundtrek tanqidchilarga xush kelgan boʻlsa, syujetdagi kichik detallar baʼzi tanqidlarga sabab boʻlgan. Film 2012-yilda dunyo boʻyicha 758 million dollar daromad qilgan holda, yilning yettinchi eng koʻp daromad keltirgan filmi boʻlgan. Filmning davomi, Yangi Oʻrgimchak-odam 2 filmi, 2014-yil 2-mayda ommaga taqdim etilgan. 2021-yilda Garfield va Ifans oʻz rollarini Oʻrgimchak-odam: Uyga Yoʻl Yoʻq filmida yana takrorladilar. Bu film multi-olamlar fazasi sabab, Raimi va Webb filmlarini bir-biriga bogʻlagan.

Voqealar rivoji Bolakay Peter Parker otasining xonasi tartibsiz holatda turganligini koʻrib qoladi. Peterning otasi Richard va Mary Parkerlar yashirin hujjatlarni olib, Peterni Ben amakisi va May xolasining uyiga tashlab, sirli ravishda gʻoyib boʻlishadi.

Oradan yillar oʻtib, Peter Midtown Sciense High Schoolga oʻqishga boradi. Garchi u aqlli boʻlsa-da, maktabning bezorilari tomonidan tez-tez tazyiqqa uchrardi. U Gwen Stacyga oshiq boʻlib qoladi. Uyning omboridan otasiga tegishli portfelni hamda uning ichidagi yashirin hujjatlarni topib oladi. Peter ota-onasining sirli ravishda gʻoyib boʻlishi ustida izlanish jarayonida otasi Oscorpda bir qoʻlini yoʻqotgan va genlarning mutatsiyasi bilan shugʻullanadigan Dr. Curt Connors bilan birga ishlagani haqida maʼlumot oladi. Oscorpga borganida Peterni genetikasi oʻzgartirilgan oʻrgimchak chaqib oladi. Shu tariqa Peter oʻrgimchakka oʻxshash qobiliyatlarga ega boʻlib, devorga chiqa olish, tezlik, kuchli sezgi kabi xislatlarni shakllantiradi. Bir qoʻlini yoʻqotgan Connors, kaltakesaklarning yoʻqotilgan tana aʼzolarini qayta oʻstira olish qobiliyatlarini genetik mutatsiya orqali boshqa jonzotlarga oʻtkazish va shu tariqa oʻzining qoʻlini ham oʻstirish ustida ish olib boradi.

Peter Connorsning tajribalarida yetishmayotgan algoritmni dadasining hujjatlari orasidan topib oladi. So'ngra, Connorsning oldiga borib, u Richardning oʻgʻli ekanligini aytadi hamda yetishmayotgan algoritm formulasini unga taqdim qiladi. Maktabdagi janjal sabab Peterning amakisi ish vaqtini tunga oʻtkazishga majbur boʻlib, xolasini ishdan qaytishda uyga olib kelish Peterning zimmasiga tushadi. Oscorpda Connors bilan genlar mutatsiyasi ustida izlanish olib borganligi uchun uyga qaytganida xolasini ishdan olib kelmagani uchun Ben amakisi bilan janjallashib qolib, uydan chiqib ketadi. Ben Peterni qidirib yurgan vaqtda bir jinoyatchiga toʻqnash kelib o'ldirib ketiladi. Peter yaqin hududda oʻq ovozini eshitib, yugurib boradi va amakisini yaralangan holda topadi. Ben Peterning qoʻlida jon beradi. Jinoyatchining taʼriflaridan Peter unga oʻxshash jinoyatchilarni qidirib qasos olishni istaydi. Spandexdan foydalanib kiyim va niqob tayyorlaydi hamda sunʼiy toʻr otadigan mexanik qurilma ixtiro qiladi. Gwenning oilasi bilan tushlikda Peter oʻrgimchak odamni qoʻlga olishga buyruq bergan George Stacy Gwenning otasi ekanligini biladi. Tomda Peter Gwenga oʻrgimchak odam ekanligini aytadi.

Kaltakesaklardan qayta tiklanish mutatsiyasi boshqa jonzotlarda muvaffaqiyatli oʻtganidan soʻng, Rajit Ratha Connorsdan buni tezroq odamlar ustida sinashni talab etadi. Connors esa begunoh odamlar ustida tajriba oʻtkazib, ularning hayotini xavf ostiga qoʻyishdan bosh tortadi. Ratha Connorsni ishdan boʻshatib, tajribani Veteranlar kasalxonasida amalga oshirishga qaror qiladi. Connors noilojlikdan tajribani oʻz ustida amalga oshirib hushidan ketadi. Qayta uygʻonganida uning yoʻqotgan qoʻli qayta oʻsganini koʻradi. Connors Rathani toʻxtatishga ketayotganida ulkan kaltakesakka aylanib Williamsburg Bridgeda odamlarga hujum qiladi. Peter oʻrgimchak odam kiyimini kiyib, u yerda odamlarni Connorsning hujumidan saqlab qoladi. Keyinroq politsiya oʻrgimchak odamni ham, ulkan kalta kesakni ham qoʻlga olishga buyruq beradi.

Peter Connorsning izidan borib hujumga uchraydi, ammo qochishga ulgurib qoladi. Connors Peterning fotoapparatidan uning kim ekanligini bilib qoladi va u oʻqiydigan maktabga hujum qiladi. Peter Connorsning ortidan borib, uning Oscorp binosidan bir zumda butun shaharga dorini yoya oladigan moslama orqali shahar aholisini ulkan kalta kesaklarga aylantirish rejasini payqab qoladi. Tezda Gwenga qoʻngʻiroq qilib, undan bu biologik qurolga qarshi antidot tayyorlashni soʻraydi va Oscorp tomon yoʻl oladi.

Kapitan Stacy va politsiyachilar oʻrgimchak odamni qoʻlga olishadi. Kapitan Stacy oʻrgimchak odam aslida Peter Parker ekanligini bilib, uni kaltakesakni toʻxtatish uchun qoʻyib yuboradi. Gwen antidotni tayyorlaydi. Peter kelib uni butun shaharga yoyib Connorsni asl holatiga qaytaradi, ammo Connors Kapitan Stacyni jarohatlab boʻlgan edi. Oʻlimidan avval Stacy Peterga Gwenni xavfsizligi uchun undan uzoqlashishni soʻraydi. Peter dastlab bu ishni qiladi, ammo ikkisi ham baxtsizligi sabab bu vaʼdasidan voz kechadi.

Qamoqda Connors nomaʼlum shaxs bilan Peter otasi haqidagi haqiqatni bilish bilmasligi haqida suhbat olib boradi. Connors esa Peter hech nimani bilmasligini va uni tinch qoʻyish kerakligini aytadi hamda nomaʼlum shaxs gʻoyib boʻladi. Rollarda

Andrew Garfield Peter Parker (Oʻrgimchak odam) rolida: Garchi oʻtkir zehnli boʻlsa-da tabiatan tortinchoqroq boʻlgan, hayot yoʻlida oʻz oʻrnini topishga urinayotgan, ota-onasidan erta ayrilgan oʻspirin yigit. U otasi ishlagan Oscopr binosiga kirganida genetik mutatsiyalar orqali oʻzgartirilgan oʻrgimchak uni chaqib olib, unga oʻrgimchaknikiga oʻxshash qobiliyatlar taqdim qiladi. Amakisi jinoyatchi tomonidan oʻldirib ketilganidan soʻng, u oʻzi yaratgan kiyim va niqob orqali Oʻrgimchak odam nomi ostida koʻcha jinoyatchilariga qarshi kurashishni boshlaydi. U oʻrgimchak kabi devorlarda yopishib yura olar va oʻzi yaratgan toʻr otuvchi moslama orqali binolar aro harakatlanardi. U amakisining qotilini izlashdan chekinib, insonlar uchun xavf tugʻdirayotgan ulkan kaltakesakka aylangan yovuzga qarshi kurashadi. Garfield unga Parker obrazi yoshligidan muhim personaj boʻlganini va hayot yoʻlida muhim taʼsir oʻtkazganini taʼkidlagan. Garfield Maguire bilan oʻtkazilgan intervyu jarayonida u yoshligida „Oʻrgimchak odam“ filmini tomosha qilgan vaqtlari Maguirening jumlalarini doʻsti bilan koʻzgu yonida yoddan aytgan davrlarini eslagan. Doʻsti unga u hech qachon oʻrgimchak odam boʻlmasligini aytganini eslaydi. Rolga qabul qilinganidan soʻng, Garfield shunday deydi: „Men bu rolni asli kabi gavdalantirish uchun juda koʻp qiyinchiliklar kutib turganini bilaman. Muxlislar ham, men ham allaqachon bu rol haqida taassurotlarga egamiz. Balki kinoteatrlarda filmni tomosha qilganimda oʻzimga nisbatan turli haqoratlar ham ishlatarman. Ammo endi ortga yoʻl yoʻq va men ham chekinish niyatida emasman“. U kiyimning juda noqulayligini aytib, kiyim teriga yopishib turadigan boʻlgani uchun ichki kiyimlar kiyishga ruxsat berilmaganiga qaramay, baribir bu ishni qilganini taʼkidlaydi. Suratga olish ishlari davrida Garfieldda personajning jismoniy holatiga moslashish uchun toʻrt oygina muddat berilgani uchun juda qiyin va charchatadigan boʻlganini aytgan. Shu sababdan Sony unga kaskadyor sifatida yoshroq boʻlgan Andy Devineni jalb qilgan. Max Charles Peter Parkerning yoshligini gavdalantirgan. Emma Stone Gwen Stacy rolida: Peterning sevgilisi va maktabdagi sinfdoshi boʻlib, Oscorpda malaka oshiruvchi zukko va jozibali qiz. Bu rol uchun Stone odatiy boʻyalgan qizil sochlaridan koʻra oʻzining tabiiy tillarang sochlarini saqlab qolgan. U koʻproq Oʻrgimchak odam haqida maʼlumot yigʻishi kerakligini tan olib shunday deydi: „Men yoshligimdan komikslar oʻqib katta boʻlmaganman. Oʻrgimchak odam filmi haqida tushunchalarim faqat Sam Raimi filmlari orqali boʻlgan. Men har doim Mary Jane Peterning ilk muhabbati boʻlgan deb oʻylayman“. Stone yana shunday deydi: "Men ich-ichimdan Oʻrgimchak odam yoki Gwen Stacy personajlarini juda sevadiganlarning koʻnglini olishni istayman. Umid qilamanki, ular menga bu rolga oʻz uslubim bilan yondashishimga ijozat berishadi". Rhys Ifans Dr. Curt Connors (Kaltakesak) rolida: Genetik mutatsiyalar ustida Oscorpda Richard Parker bilan hamkorlikda ishlaydigan olim. Formulada nimadir xato ketganligi sabab u ulkan kaltakesakka aylanib qoladi. Ifans filmning asosiy qismini inson sifatida gavdalantirgan. 9 fut uzunlikdagi ulkan sudralib yuruvchi rolida esa Ifans maxsus CGI kiyimlaridan foydalangan. Ifans texnologiyalar oʻta rivojlanganligini aytib shunday deydi: „Har safar ulkan kaltakesakning koʻzlarini qimirlaganini koʻrsangiz, bu mening koʻzlarim. Agar men qovogʻimni solsam yoki qandaydir emotsiya koʻrsatsam, bular ham mening emotsiyalarim. Texnologiya shunday darajada rivojlanib ketgan“. Ifans ovoz oʻzgartirish ishlari qanday qilinishini tushuntirar ekan, shunday deydi: „CGI kiyimlarida baqirayotgan vaqtlarim xuddi yashil kiyimdagi a crash-test dummy kabi his qilardim. Undan tashqari, Andrew Garfieldga va Emma Stonega kaltakesakka aylangan paytimda gapirishga toʻgʻri kelgan vaziyatlar boʻlgan“.