Islom feminizmi bu islom dinidagi ayollarning roli bilan bogʻliq feminizmning bir shakli hisoblanadi. U jinsidan qatʼiy nazar, barcha musulmonlarning jamoat va shaxsiy hayotda toʻliq tengligini taʼminlaydi. Islom feministlari ayollar huquqlari, gender tengligi va islomiy asosga asoslangan ijtimoiy adolatni himoya qiladilar. Harakatning yetakchilari islom diniga eʼtiqod qilsalar ham, ular dunyoviy, gʻarbiy yoki musulmon boʻlmagan feministik qarashlardan ham foydalanganlar va islom feminizmining rolini integratsiyalashgan global feministik harakatning bir qismi sifatida tan olganlar.

Harakat tarafdorlari dindagi tenglik taʼlimotlarini ilgari surishga intiladi hamda Qur’on va hadislarni qayta talqin qilish orqali islomning patriarxal tushunchalarini shubha ostiga qoʻyishga undaydi.

Atoqli va mashhur yetakchilar qatoriga Amina Vadud, Leyla Ahmad, Fatima Mernissiy, Aziza al-Hibriy, Riffat Hasan, Asma Lamrabet va Asmo Barlas va boshqa islom feministlari kiradi.

Taʼrif va tarix

Islom feministlari Oʻn toʻqqizinchi asrning oʻrtalaridan boshlab musulmonlardan koʻpchiligi bir qator ayollar bilan bogʻliq muammolar, xususan, ularning taʼlim olishi, yolgʻiz yashashi, hijob, koʻpxotinlik, qullik va kanizaklik bilan bogʻliq cheklovlarni tanqid qilishdi. Zamonaviy musulmonlar bu amaliyotlarni keskin muhokama qildilar va islohot hamda oʻzgarishlarni qoʻllab-quvvatladilar. Islomdagi ayollarning mavqeyi haqida munozaralar davom etmoqda, konservatorlar ham, islom feministlari ham Qur’on, hadis va musulmon tarixidagi taniqli ayollarni ayollar huquqlarini muhokama qilish uchun dalil sifatida ishlatishadi. Feministlar islom koʻproq tenglik gʻoyalarini ifodalaydi, deb taʼkidlasalar, konservatorlar gender nosimmetrikligi „ilohiy tarzda belgilab qoʻyilgan“ deya daʼvo qiladilar.

Islom feministlari — Qur’on va hadisni erkak va ayollarning teng huquqli ekanligini tasdiqlovchi manba sifatida talqin qiluvchi, jamoat hamda shaxsiy sohada ayollar huquqlari va tengligini himoya qiluvchi musulmonlar. Islom feministlari islomning patriarxal, seksist va misoginistik tushunchalarini tanqid qiladilar. Islom feministlari Qur’onni gender tengligini targʻib qiluvchi manba deb tushunishadi. Islom feminizmining asosi islom dinining muqaddas kitobi, yaʼni Qur’on bilan mustahkamlangan. Tarixchi Margot Badranning taʼkidlashicha, islom feminizmi „oʻz tushuncha va majburiyatini Qur’ondan oladi va undan ayollar va erkaklar uchun birdek huquq va adolatni izlaydi“Badran, Margot. Feminism in Islam : Secular and Religious Convergences. Oxford : Oneworld, 2009., 2009..

Islom feministlari islom harakati faollaridan farq qiladi. Islom faollari (islomistlar, islomchilar) siyosiy islom tarafdorlari boʻlib, ular Qur’on va hadis asosida ish koʻruvchi islomiy hukumatni tashkil qilish gʻoyasini ilgari suradilar. Baʼzi islomchilar jamoat sohasida ayollar huquqlarini himoya qiladilar, lekin shaxsiy yondashuvda gender tengsizligiga qarshi chiqmaydilar. Sudanlik akademik va siyosatchi Suad al-Fotih al-Badaviy feminizm taqvo (islomning taqvo tushunchasi) bilan mos kelmasligini va shuning uchun islom va feminizm bir-birini inkor qilishini taʼkidlaydi. Badran esa islom va feminizm bir-birini inkor qilmaydi, deya tushuntiradi.

Islom feministlari tomonidan islom feminizmini tushunish va taʼriflash turlicha shaklda boʻlgan. Islom olimi Asma Barlas dunyoviy feministlar va islom feminizmi orasidagi farqni muhokama qilib, Badranning fikrlari bilan oʻrtoqlashadi va musulmonlar aholisining 98 % ni tashkil etadigan mamlakatlarda anʼanaviy eʼtiqodlarni qabul qilishdan qochish mumkin emas, deb hisoblaydi.

Elizabeth Segranning taʼkidlashicha, ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi konvensiya (Convention on the Elimination of All Forms of Discrimination Against Women) (CEDAW) belgilab qoʻygan inson huquqlari haqida gapirish oddiy musulmon ayollar orasida darhol rezonans uygʻotmaydi; Islom ulardagi qadriyatlarning manbasi boʻlgani sababli inson huquqlarini islom bilan birlashtirish mantiqiydir.

Janubiy afrikalik musulmon olimi Fatima Seedat islom olamida feminizmning ahamiyati haqida Barlas va Badranning fikriga qoʻshiladi. Biroq u „Islom feminizmi“ atamasini keraksiz deb hisoblaydi, chunki feminizm „shaxsiy oʻziga xoslik emas, balki ijtimoiy hodisadir“. Seedatning fikricha, islom va feminizmning yaqinlashishi koʻproq ziddiyatlarni keltirib chiqaradi hamda „islomchilar“ uchun Qur’onni siyosiy ehtiyojlariga mos ravishda talqin qilish yoki notoʻgʻri maqsadlarda ishlatishga zamin yaratadi. Uning fikricha, Qur’onning oyatlarida ayollar huquqlari qanday iroda etilganligini koʻrsatish va tushuntirish muhim. Ikkalasini bir-biridan ajratib, alohida tushuntirish orqaligina islomda ayollarga eʼtibor barcha (erkaklar, ayollar, musulmonlar va musulmon boʻlmaganlar) uchun universal tushuncha boʻlib qolishiga erishish mumkin. „Feminizm va islom feminizmi: noadekvatlik va muqarrarlik oʻrtasida“ nomli maqolasida Seedat bunday atamaning mavjudligi musulmonlarni bir-biridan yakkalab, ularni dunyoning qolgan qismidan hamda universal feministik harakatdan ajratib qoʻyishini tushuntiradi. U oʻz maqolasida islom feminizmi taklif qilayotgan narsalarni dunyo hamjamiyatiga koʻrsatish va oʻzlarini islomiy feministlar deb hisoblamaslik orqali islomning haqiqiy qiyofasini koʻrsatish muhimligini taʼkidlaydi.

Ayrim musulmon yozuvchi va faol ayollar gʻarb feminizmi musulmon ayollar va umuman dunyoning turli qismidagi, turlicha eʼtiqod va qarashli ayollarning barchasi uchun mos emas, degan eʼtiqod tufayli oʻzlarini islomiy feministlar deb bilishdan qochishgan. Livanlik musulmon olimi Aziza al- Hibri esa oʻzini „womanist“ („ayolparast“) deb taʼrifladi.

Qur’on mazmuni Islom feministlari Qur’onni gender tengligini targʻib qiluvchi manba sifatida tushunishadi. Feminist va huquqshunos olim Aziza al-Hibriyga koʻra, Qur’on barcha insonlarni Xudo tomonidan bir qalbdan yaratilganini, bir-birini bilish uchungina millat va qabilalarga boʻlganini, eng hurmatli shaxslar (jinsidan qatʼiy nazar) esa eng taqvodorlar ekanini uqtiradi. Shuning uchun, al-Hibriy yozadiki, Qur’on odamlar orasidagi farqlarni tan olgan holda ularning tabiiy tengligini taʼkidlaydi va hech kim faqat jinsiga qarab ustun deya tan olmaydiAl-Hibri, Azizah. „An Introduction to Muslim Womenʼs Rights“ in Windows of Faith: Muslim Women Scholar-Activists in North America, edited by Gisela Webb. Syracuse University Press. pp. 52-53. ISBN 0815628528..

Ilk musulmonlar va zamonaviy islom feministlari Zamonaviy musulmon feministlar va ilgʻor musulmonlar islom tarixidagi dastlabki shaxslarni Xadicha, Oysha, Hafsa, Ummu Salama, Fotima va Zaynab binti Ali kabilarni namuna sifatida keltiradilar. Zaynab Alvaniy Oyshani boshqa sahobalarning misoginiyasi (ayollarni yoqtirmaslik, ularni mensimaslik yoki ularga nisbatan noʻtoʻgʻri qarash) ga qayta-qayta duch kelgan kuchli va aqlli ayol sifatida tilga oladiAlwani, Zainab. "Muslim Women as Religious Scholars: A Historical Survey, " in Muslima Theology: The Voices of Muslim Women Theologians, edited by Ednan Aslan, Marcia Hermansen, and Elif Medini, Peter Lang, Frankfurt, 2013, pp. 45-58.. Marokashlik feminist Asma Lamrabet, shuningdek, Oysha kuchli va ziyoli ayol boʻlganini, oʻzining esa misogonistik qarashlarga qarshi ekanligini taʼkidladi. Lamrabet ham Ummu Salamani feministik shaxs sifatida maqtadi.

Eron inqilobchi yozuvchisi Ali Shariati Muhammadning qizi Fotimaning tarjimai holiga bagʻishlangan Fatemeh is Fatemeh (Fotima Fotimadir) nomli kitob yozgan boʻlib, bu kitobda Fotimani ayollar uchun namuna sifatida koʻrsatadi. Ednan Aslanning taʼkidlashicha, Fotima islomning ilk davrida ayollar imkoniyatlarini kengaytirishning namunasidir, chunki u Abu Bakrga qarshilik koʻrsatishdan va oʻzining meʼrosini talab qilishdan qoʻrqmaganAslan, Ednan. "Early Community Politics and the Marginalization of Women in Islamic Intellectual History, " in Muslima Theology: The Voices of Muslim Women Theologians, edited by Ednan Aslan, Marcia Hermansen, and Elif Medini, Peter Lang, Frankfurt, 2013, pp. 36-37..

Baʼzi musulmon feministlar Muhammadning oʻzini feminist deb taʼkidlaydilar.

Tarix Oʻtgan 150 yil ichida musulmon ayollarga nisbatan sodir etilgan ijtimoiy huquqbuzarliklarni bartaraf etishga qaratilgan koʻplab ilmiy talqinlar islom anʼanalari asosida ishlab chiqilgan. Masalan, ayollar jinsiy aʼzolarini kesish (tashqi jinsiy aʼzolarini sunnat qilish Iroq, Yaman va yana 27 ta Afrika davlatida oʻtkaziladi) kabi amaliyotlarni taʼqiqlashga, oila qonunchiligini tenglashtirishga, ayollarni diniy vakil sifatida va masjidlarda maʼmuriy lavozimlarda qoʻllab-quvvatlashga hamda musulmon ayollarning fuqarolik va diniy muassasalarda sudya (qozi) boʻlishlari uchun teng imkoniyatlarni yaratishga qaratilgan yangi islom huquqshunosligi paydo boʻlmoqda. Zamonaviy feminist islom olimlari oʻz ishlarini Xudo va Paygʻambar tomonidan berilgan, lekin jamiyat tomonidan inkor etilgan huquqlarning qayta tiklanishi deb bilishadi.

XIX asr Islom feminizmining zamonaviy harakati XIX asrda boshlangan.

Aisha Taymur (1840—1902) — Misrdagi taniqli yozuvchi va ayollar huquqlari sohasida ilk faollardan. Taymur asarlarida erkaklarning ayollar ustidan hukmronligini tanqid qilingan, ayollarning aql-zakovati va jasoratini esa tarannum etilgan.

Yana bir ilk musulmon feminist faoli va yozuvchisi Zaynab Favvaz (1860—1914) edi. Favvaz ayollarning ijtimoiy va intellektual salohiyati yuzasidan erkaklar bilan bahslashdi va mashhur ayollarning tarjimaiy hollari kitobini yozdi.

Misrlik yurist Qasim Amin, u 1899-yilda chop etilgan „ Ayollar ozodligi“ („Tahrir al-Marʼa“) kitobining muallifi, koʻpincha Misr feministik harakatining otasi sifatida taʼriflanadigan shaxs. Amin oʻz asarida oʻsha davrda jamiyatida keng tarqalgan koʻpxotinlilik, hijob va purdah, yaʼni islomda jinsiy ajratish kabi qator odatlarni keskin tanqid qilgan. U ularni noislomiy va haqiqiy islom ruhiga yod harakatlar deb qoraladi. Uning ishi butun islom va arab dunyosidagi ayollar siyosiy harakatlariga katta taʼsir koʻrsatdi va bugungi kunda ham uning asarlari oʻqiladi va feministik munozaralarda asos sifatida keltiriladi.

Qasim Aminning zamonaviy islomiy feministik harakatlarga taʼsiriga qaramay, hozirgi olim Leyla Ahmad uning asarlarini ham androsentrik, ham mustamlakachi deb biladiLeila Ahmed. Women and Gender in Islam. New Haven and London: Yale University Press, 1992. pp.155-163, 171, 179.. Amin hatto ayollar haqida erkaklar tarafidan qaralgan notoʻgʻri tushunchalarni keltirib berdi, masalan, sevgini boshdan kechira olmasliklari, musulmonlar nikohi jaholat va shahvoniylikka asoslangani, ularning shahvoniy manbai ayollar ekani toʻgʻrisida asoslar berdiLeila Ahmed. Women and Gender in Islam. New Haven and London: Yale University Press, 1992. pp.157-159..

Biroq oʻz jamiyatlarini feministik tanqid qilishda Amindan oldin yashagan kishilar haqidagi maʼlumotlar deyarli saqlanmagan. Misrdagi ayollar matbuoti 1892-yildagi dastlabki sonidan boshlaboq bunday xavotirlarni bildira boshladi. Misrlik, turkiyalik, eronlik, suriyalik va livanlik ayollar hamda erkaklar bundan oʻn yillar avval ham Yevropa feministik jurnallarini oʻqishar va umumiy matbuotda ularning Yaqin Sharq bilan aloqadorligini muhokama qilishar edi.

XX asr Bint ash-Shati („Daryo sohili qizi“) taxallusi bilan ijod qilgan Oisha Abdurrahmon (Aisha Abd al-Rahman) Qur’on tafsirini birinchilardan boʻlib yozgan va u oʻzini feminist deb hisoblamasa ham, asarlarida feministik ruhdagi mavzular aks etgan. U oʻzining mashhur kitoblarini 1959-yilda, Nagib Mahfuz Muhammad hayotining allegorik va feministik versiyasini nashr etgan yili chiqara boshladi. U Islom tarixidagi ilk ayollar, jumladan, Muhammad paygʻambarning onasi, ayollari va qizlari tarjimai holini, shuningdek, adabiy tanqidlar yozganArab Women Novelists: The Formative Years and Beyond by Joseph T. Zeidan, State University of New York Press, 1995.