Qoʻngʻirxoʻja Hojinov (Qoʻnurxoʻja Hojikov) — (1886—1938) — maʼrifatparvar va davlat arbobi. Turkiston Milliy majlisi aʼzosi.

Tarjimayi holi Qoʻngʻirxoʻja Hojinov 1886-yil Turkiston general-gubernatorligining Sirdaryo viloyati Perovsk uyezdida ulamo oilasida tavallud topgan. Uning ajdodlari xoʻjalardan boʻlgan. U Toshkent shahridagi Turkiston oʻquvchilar seminariyasini oʻqib tamomlagan. Manbalarga koʻra, Qoʻngʻirxoʻja Hojinov Andijon shaharlari, Perosvsk va Turkiston yaqinidagi Qarnoq qishlog’ida rus-tuzem maktablarini ochgan. U 1912-yilda Orenburgdagi Fotih Karimiy tipografiyasida qozoq maktablari uchun birinchi darslik- „Bukvar“ kitobini nashr ettirgan. Rossiya imperiyasining Turkistondagi mustamlakachilik siyosatiga qarshi kurashlar olib borgan. Qoʻngʻirxoʻja Hojinov 1908-yildan nazorat ostida yashaydi.

Faoliyati Toshkentda 1917-yil 2—5-avgust kunlari boʻlib oʻtgan Turkiston qozoq-qirgʻizlari syezdida u prezidiumga saylangan va Sirdaryo viloyati deputati qilib saylangan. Qoʻqon shahrida 1917-yil 26-noyabr kuni boʻlib oʻtgan Butunturkiston musulmonlari favqulodda IV qurultoyida Qoʻngʻirxoʻja Hojinov Turkiston Milliy Majlisi aʼzoligiga saylangan. 1918-yil noyabrda Toshkentda tashkil etilgan birinchi qirgʻiz (qozoq) pedagogika kurslarida Qoʻngʻirxoʻja Hojinov Perosvskdan kelib taʼlim bergan. U Toshkentda ochilgan Qirg’iz maorif institutining (Qozoq xalq taʼlimi instituti) tashkil etilishida jonbozlik koʻrsatgan. 1921-yildan boshlab Yettisuv viloyatida Turkiston ASSSR Yer-suv ishlari xalq komissari oʻrinbosari sifatida yer-suv islohotiga rahbarlik qiladi. Keyingi yillarda u Qozogʻiston ASSRda ham maorif sohasida faoliyat yuritadi. U faoliyati davomida Turkiston milliy mustaqilligi uchun kurash olib bordi. Qoʻngʻirxoʻja Hojinov sovet hukumati tomonidan bir necha marotaba taʼqibga olindi. Qoʻngʻirxoʻja Hojinov 1938-yilda sovet hukumati tomonidan qamoqqa olinib, qatagʻon qilingan.

Manbalar

Turkum:Turkiston muxtoriyati Turkum:Turkiston Milliy Majlisi aʼzolari