Iroq, Iroq Respublikasi (arabcha: Al-Jumhuriyah al-lraqiyah) — Janubi-gʻarbiy Osiyoda, Dajla va Furot daryolari oraligʻida joylashgan davlat. Maydoni — 435,052 km. Aholisi —37,056 mln. kishi (2015). Poytaxti — Bagʻdod shahri. Maʼmuriy jihatdan 18 muhofaza (viloyat)ga boʻlinadi.
Davlat tuzumi Iroq — respublika. 1970-yil 16-iyulda kuchga kirgan Muvaqqat konstitutsiya amal qiladi. Davlat boshligʻi — prezident (1979-yil iyulidan Saddam Husayn, ayni vaqtda u bosh vazir, Inqilobiy qoʻmondonlik kengashi raisi va qurolli kuchlar oliy bosh qoʻmondoni). Prezidentning vakolat muddati — 7 yil. 2002-yil 15-oktyabrdagi referendumda S. Husaynning prezidentlik vakolati yana 7 yilga uzaytirildi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — Milliy Kengash (parlament); u 4 yil muddatga saylanadi. Ijroiya hokimiyatni prezident va hukumat amalga oshiradi.
Tabiati Iroq hududining koʻp qismi Yuqori va Quyi Mesopotamiya tekisliklaridan iborat. Shimoliy va shimoli-sharqida Armaniston va Eron togʻlari (bal. 3000 m dan yuqori), janubiy va janubi-gʻarbida Suriya Arabiston yassitogʻligining chekka qismi (bal. 900 m gacha) joylashgan. Yuqori Mesopotamiya (yoki Jazira) bal. 300–450 m tekis platodan iborat. Quyi Mesopotamiya esa bal. 100 m dan oshmaydigan al-lyuvial pasttekislikdir. Asosiy foydali qazilmalari — neft va gaz. Fosforit va oltingugurt konlari ham bor.
Iqlimi
Iroqning shimoliy qismida kontinental Oʻrta dengiz iqlimi, yozi issiq va quruq, qishi iliq va seryomgʻir, janubida tropik iqlim. Mosulda iyulning oʻrtacha harorati 34°, yanvarniki 7°. Qishda togʻlarda qor yogʻadi. Eng past harorat — 18° gacha. Basrada yanvarning oʻrtacha harorati 11°, avgustniki 34°, baʼzan 50° ga yetadi. Yillik yogʻin togʻlarda 500 mm gacha, mamlakatning janubi-sharqida 60–100 mmgacha yetadi. Iroq hududidan oʻtgan Dajla va Furot duryolaridan sugʻorishda keng foydalaniladi. Alkurn shahri yonida bu daryolar qoʻshilib, yagona Shatt ul-Arab daryosini hosil qiladi va Fors qoʻltigʻiga quyiladi. Quyi Mesopotamiyada kichik koʻllar koʻp. Choʻllarida suv vaqtincha oqadigan soyliklar bor. Tuproqlari — daryo vodiylarida sugʻoriladigan unumdor allyuvial tuproq. Iroqning qolgan qismida dasht va chala choʻlga xos kashtan va boʻz tuproqlar tarqalgan. Togʻli hududlarda togʻ-oʻtloq tuproqlari uchraydi. Hududining koʻp qismi dasht, janubi-gʻarbi choʻl va chala choʻl. Togʻ yonbagʻirlarida siyrak butazorlar, daryo vodiylarida terak va tolzorlar bor. Shatt ul-Arab vodiysida xurmozorlar koʻp.
Hayvonot dunyosi Hayvonot dunyosi xilma-xil. Tekisliklarda gʻizol (ohu, kiyik), yovvoyi eshak (xachir), ola sirtlon, chiyaboʻri, qoplon yashaydi. Kemiruvchilar, sudralib yuruvchilar (jumladan, zaharli koʻlvorilon) va zararli hasharotlar (chigirtka, falanga, chayon) koʻp. Daryo qirgʻoqlarida qoʻton, qizilgʻoz, saqoqush uchraydi.
Aholisi Aholisi, asosan, arablar (75%) va kurdlar (20%). Shuningdek, turkmanlar, ossuriy (aysor)lar, eroniylar, armanlar va boshqalar ham yashaydi. Rasmiy tili — arab va kurd tillari. Asosiy dini — Islom. Aholisining 96%i musulmonlar (62%i shialar va 34%i sunniylar). Xristianlar ham bor. Aholining 70,4% shaharlarda yashaydi. Yirik shaharlari: Bagʻdod, Basra, Mosul, Karkuk, Najaf.
Tarixi Iroq hududi (Mesopotamiya) — dunyodagi eng qadimgi madaniy markazlardan biri. Mil. avv. 7-ming yillikda ilk sugʻorma dehqonchilik, chorvachilik rivojlangan. Mil. avv. 3 mingyillikda shaharlar paydo boʻlgan, bir necha mayda quldorlik davlatlari vujudga kelgan. Mil. avv. 2 ming yillikda ular Bobil podsholigiga birlashgan. Mil. avv. VI asrda Iroq hududi Ahamoniylar, keyinchalik Salavkiylar (mil. avv. IV — II asrlar) va Parfiya (mil. avv. II asr — mil. III asr) davlatlarining xoʻjalik, savdo markazi boʻlgan. Sosoniylar hukmronligi davrida bu yerda xristianlik, yahudiylik va boshqa dinlar bilan birga zardushtiylik ham tarqalgan.
VII asrning 30-yillarida Mesopotamiyani arablar egallagan. 661-yil Umaviylar xalifaligiga qoʻshib olindi. Aholi orasida Islom dini va arab tili keng tarqala boshladi. 750—1055-yillar bu yerda Abbosiylar hukmronlik qildi. Keyinchalik saljuqiylar, XIII asr 2-yarmida moʻgʻullar bostirib kirdi. XIV asr oxiri — XV asr boshida Amir Temur saltanati tarkibiga kirgan. XVI asr 30-yillarida Iroqni turklar, XVII asr boshida Safaviylar egalladi. XVII asr 2-choragidan Birinchi jahon urushi oxirigacha Usmonli turk imperiyasi tarkibida boʻldi. Birinchi jahon urushidan keyin Iroqni inglizlar bosib oldi va talon-toroj qildi. 1920-yil Iroq ustidan Buyuk Britaniya mandati oʻrnatildi. Shu paytdan eʼtiboran mustamlakachilikka Qarshi butun mamlakat boʻylab milliy ozodlik qoʻzgʻoloni boshlanib ketdi. Bu qoʻzgʻolon shafqatsizlik bilan bostirilgan boʻlsa ham, inglizlar milliy hukumat tuzishga rozilik berdi. Iroq amir Faysal boshchiligidagi qirollik deb eʼlon qilindi, ammo u inglizlar nazoratida edi. Angliya Iroq qirolligini ogʻir shartnomalar tuzishga majbur qildi (1922, 1923). Iroq nefti Angliya boshliq monopoliyalar, asosan „Irak petroleum kompani“ (1929-yilgacha „Turkish petroleum“) ixtiyorida qoldi. 1932-yil Buyuk Britaniya Iroqqa rasmiy jihatdan mustaqillik berdi, ammo harbiy-siyosiy nazorat qilib turish huquqini oldi. Iroq hukumatining Buyuk Britaniya bilan hamkorlikni kuchaytirish, qishloqlarda zamindorlar hukmronligini mustahkamlashni koʻzda tutgan siyosati xalqni ochlikka olib keldi va siyosiy huquqlardan mahrum etdi. Bu siyosatga qarshi dehqonlarning qoʻzgʻolonlari boʻlib oʻtdi (1930—36). Ishchilar oʻz huquqlari uchun kurash boshladi. Bir necha kasaba uyushmalari tuzildi. Iroq hukumatining siyosatidan mayda milliy ziyoli va zobitlarning bir qismi ham norozi boʻldi. Hukumat rahbarlari bir necha marta oʻzgartirildi. 1941-yil oktyabrda Nuri Said rahbarligida yangi hukumat tuzildi. Ikkinchi jahon urushi davrida mehnatkashlar ahvoli ogʻirlashib, xalq harakatlari kuchaydi. Natijada, siyosiy mahbuslar ozod qilindi.
Urushdan keyin milliy ozodlik harakati kuchaydi. Arab-Isroil urushi davri (1948—49)da hukumat mamlakatda qatagʻon va taʼqib qilish siyosatini olib bordi. Parlament tarqatildi, siyosiy partiyalar va kasaba uyushmalari faoliyati taqiqlandi. AQSH bilan Iroq oʻrtasida „Texnika yordami“ (1953), „Harbiy yordam“ (1954) toʻgʻrisida shartno-malar tuzildi. 1955 yil Iroq-Turkiya harbiy shartnomasi imzolandi. Bu esa Bagʻdod paktining tuzilishiga asos boʻldi. Mamlakatdagi vatanparvar kuchlar ozodlik va demokratiya uchun kurashni toʻxtatmadilar. 1956-yilda Iroq armiyasida „Ozod zobitlar“ nomli yashirin inqilobiy tashkilot tuzildi. 1957-yil Iroq Kompartiyasi, Milliy demokratik partiya, Mustaqillik partiyasi („Istiqlol“) va Arab sotsialistik uygʻonish partiyasi (Baas partiyasi)ning birlashuvidan Milliy Birlik Fronti (MBF) tashkil topdi.
1958-yil 14-iyulda MBF, „Ozod zobitlar“ tashkiloti hamda mehnatkashlarning birgalikdagi harakati natijasida podshohlik agʻdarildi va Iroq respublika deb eʼlon qilindi. Abdulkarim Qosim boshchiligida hukumat tuzildi. Respublika hukumati Iroqning Bagʻdod paktidan chiqqanini eʼlon qildi. Iroqdagi ingliz harbiy bazalari tugatildi (1959-yilning 30-mayida).
1958-yil 26-iyulda qabul qilingan konstitutsiyada barcha fuqarolar qonun oldida teng huquqlar va demokratik erkinliklar bilan taʼminlanajagi qayd etildi. Shundan soʻng kasaba uyushma tashkilotlari va siyosiy partiyalar ochiq ishlay boshladi. Hukumat siyosiy mahbuslarga umumiy afv eʼlon qildi. Ayollar erkaklar bilan teng huquqqa ega boʻldi. Chet el firmalarining Iroq yerlariga egaligi cheklandi.
Hukumatning xalqparvarlik siyosati ichki xurofiy kuchlarning qarshiligiga uchradi. A. Qosim vatanparvar tashkilotlar faoliyatini cheklashga majbur boʻldi. 1961-yil sentyabrda kurd xalqiga qarshi urush boshladi. 1963-yil fevralda davlat toʻntarishi boʻlib, hokimiyat Baasning ekstremist rahbarlari qoʻliga oʻtdi. Ular demokratlarni jismonan yoʻq qilishga kirishdi. Minglab vatanparvarlar oʻldirildi va qamoqqa olindi. Bunday zulmkor siyosatga nisbatan xalq gʻazabi kuchayishi natijasida Baas rahbarlari ikki qarama-qarshi guruhga boʻlindi. 1963-yil noyabrda hokimiyatni A. S Orif boshliq harbiylar qoʻlga oldi. 1963-68-yillar turli siyosiy guruhlarning hokimiyat uchun kurashi bilan oʻtdi. Hukumatga qarshi namoyishlar boʻldi. 1968-yil iyuldagi davlat toʻntarishi natijasida hokimiyat general Ahmad Hasan al-Bakr boshchiligidagi Baas rahbarlari qoʻliga oʻtdi. Hukumat siyosiy mahbuslarni ozod qilib, oldingi vazifalariga qayta tayinladi. Kam haq oladigan mehnatkashlar „mudofaa soligʻi“ dan ozod boʻldi. Mehnat, nafaqa, ishchilarning ijtimoiy taʼminoti, yer islohoti haqida yangi qonun qabul qilindi (1970). Inqilobiy qoʻmondonlik kengashi Iroq davlati doirasida kurdlarning milliy muxtoriyatini tan oldi. Iroq Kurdistonidagi harbiy harakatlar toʻxtatildi. Kurd taraqqiyparvar tashkilotlariga erkinlik berildi. Kurd tili ikkinchi rasmiy til deb eʼlon qilindi. Hukumat vakillari safiga kurd millatiga mansub 5 nafar siyosatchi kiritildi. Kurdistonni rivojlantirish dasturi amalga oshirila boshlandi. 1974-yil 11-martda Iroq Kurdistoni muxtoriyati eʼlon qilindi.
1979-yil S. Husayn mamlakat prezidenti boʻlgach, 1980-yil sentyabrda Iroq bilan Eron oʻrtasida Shatt ul-arab daryosi boʻylab oʻtgan chegara xususidagi janjal qurolli toʻqnashuvga aylanib ketdi. 8 yil davom etgan bu mojaro Yaqin Sharq va Fors koʻrfazi atrofidagi vaziyatni keskinlashtirib yubordi. Nihoyat 1990-yil 15-avgustda Iroq prezidenti Saddam Husayn Eron prezidenti A. A. Hoshimiy Rafsanjoniyga maktub yoʻllab, darhol sulh tuzishni taklif etdi. Eron bu taklifni qabul qildi. Ammo bu urush mamlakat iqtisodiyotiga katta zarar yetkazdi.
1990-yil 1-avgustdan 2-avgustga oʻtar kechasi Iroq qoʻshinlari Kuvayt hududiga bostirib kirdi va bir necha kun davomida uni qamal qilib turdi. Bagʻdod Kuvaytning Iroq bilan „toʻla-toʻkis va abadiy birlashganini“ eʼlon qildi. BMT Xavfsizlik Kengashi Kuvaytning Iroq tomonidan bosib olinishini qoraladi va Iroq qoʻshinlari Kuvaytdan darhol olib chiqib ketilishini talab qildi. Iroqqa qarshi qattiq iqtisodiy jazo choralari joriy etdi. Ammo Iroq rahbariyati bu talabni bajarmadi. Natijada BMT Xavfsizlik Kengashining „Mazkur regionda tinchlik va xavfsizlikni tiklash uchun barcha zarur vositalardan foydalanish“ toʻgʻrisidagi qaroriga binoan, AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, bir qator arab davlatlari harbiy qismlaridan iborat koʻp millatli kuchlarning qoʻshinlari 1991-yil 16-yanvardan 17-yanvarga oʻtar kechasi Iroqqa qarshi urush harakatlari boshladi. „Choʻldagi boʻron“ deb atalgan bu jangda Iroq qoʻshinlari magʻlubiyatga uchradi. 1994-yil noyabrda Iroq Kuvaytning suvereniteti, hududiy butunligi va xalqaro chegaralarini toʻla-toʻkis va uzil-kesil tan olishini bildirdi. BMT xavfsizlik kengashi qarorlariga muvofiq Iroqning ommaviy qirgʻin qurollari zaxiralari, ularni eltuvchi vositalar va ishlab chiqarish quvvatlarini aniqlab, yoʻq qilib tashlash uchun maxsus komissiya tuzildi. Iroqdan barcha turdagi xomashyo, shu jumladan, neft, tayyor mahsulotlar sotib olish hamda unga barcha turdagi xomashyo va tayyor mahsulotlar, qurol-yarogʻ, harbiy texnika sotish, boshqa tarzda harbiy yordam koʻrsatish taqiqlandi. Oziq-ovqat va dori-darmon bundan mustasno. Harbiy mojarolar va iqtisodiy qamal natijasida Iroq ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda haddan tashqari ogʻir ahvolga tushib qoldi.
Iroq 1945-yildan BMT aʼzosi. Oʻzbekiston Respublikasi bilan diplomatik munosabatlarini 1993-yil 19-iyunda oʻrnatdi. Milliy bayrami — 17 iyul — Inqilob kuni (1968).
Asosiy siyosiy partiyalari, tashkilotlari va kasaba uyushmalari