Qizil panda (Ailurus fulgens; kichik panda nomi bilan ham tanilgan) – asosan, Sharqiy Himolay va Xitoyning janubi-gʻarbiy hududlarida uchrovchi kichik sutemizuvchi jonivor. Qizil pandaning yungi qalin qizil-jigarrang boʻlib, qorin qismining va oyoqlarining qora rangi, hoshiyasimon oq rangdagi quloqlari, oq tumshugʻi hamda halqasimon chiziqlarga ega dumi uni boshqa hayvonlardan oʻzgacharoq qilib koʻrsatadi. Pandaning tana uzunligi 51-63,5 sm boʻlib, dumi 28-48,5 sm ga yetadi. Ogʻirligi 3,2 dan 15 kg ga qadar yetishi mumkin. Egiluvchan boʻgʻinlari va yoysimon, yarim bukilgan tirnoqlari tik qiyaliklar hamda daraxtlarga oson chiqish imkonini beradi.
Qizil panda ilk bor 1825-yilda oʻrganilgan. Hozirgi vaqtda tan olingan ikkita kichik turi – Himolay va Xitoy qizil pandasi mavjud boʻlib, ular taxminan 250 000 yil oldin yashagan boshqa turdan ajralib chiqqan. Qizil pandaning evolyutsion shakllanishi davomida odatiy pandalar kabi yerda emas, aksincha daraxtlarda yashashga moslashganligi aniqlangan. Ammo zamonaviy genetik tadqiqotlar uning rakunlar, suvsarlar va skunkslar bilan oʻxshash ekanligini isbotlagan. Bu tur asli ayiq hisoblanuvchi gigant pandalar bilan bogʻliq boʻlsa-da, aslida tanasi unchalik ham katta emas Har ikkala tur ham choʻziq bilak suyaklariga hamda bambukni ushlashga moslashgan „soxta bosh barmoqlarga“ egaligi ularning oʻxshash jihatlari sifatida tan olinadi. Qizil pandaning (Ailuridae) evolyutsion rivojlanishi taxminan 18-25 million yil davom etgan. Yevroosiyo va Shimoliy Amerika hududidan 18 million yil avval yashagan va hozirda yoʻqolib ketgan qizil panda ajdodlarining qoldiqlari topilgan.
Qizil panda ignabargli oʻrmonlarda, shuningdek, moʻtadil iqlimli, keng bargli va aralash oʻrmonlarda yashaydi. Suv manbalariga yaqin boʻlgan zich bambuk qoplamali tik yonbagʻirlarni afzal koʻradi. Ayiq asosan bambuk kurtaklari va barglari bilan oziqlanadi. Shu bilan bir qatorda oʻsimliklarning mevalari va gullarini ham yeydi. Qizil pandalar erta bahorda juftlashadi, urgʻochilari yozda toʻrttagacha bola tugʻadi. Brakonerlikning rivojlanishi, shuningdek, oʻrmonlarning ommaviy kesilishi oqibatida yashash joylarining vayron boʻlishi hamda ov qilinishi tufayli qirilib ketish xavfi ostida. Ushbu tur 2015-yildan beri IUCN Qizil roʻyxatiga xavf ostida boʻlgan turlar qatoriga kiritilgan. Barcha mamlakatlarda muhofaza ostidagi hayvonlar roʻyxatida turadi.
Nepal, Butan va Hindistonning shimoli-sharqida jamoatchilik bilan birgalikda amalga oshiriluvchi tabiatni muhofaza qilish dasturlari boshlangan. Xitoy bu borada koʻplab tabiatni muhofaza qilish loyihalarini ishlab chiqqan. Dunyo boʻylab hayvonot bogʻlarida qizil pandalarni koʻpaytirish boʻyicha mintaqaviy dasturlar tashkil etilgan.
Qizil panda obrazi animatsion filmlar, videooʻyinlar, komikslarda tez-tez uchraydi, shuningdek, ayrim kompaniyalar va musiqa guruhlari ham oʻzlariga nom va brend belgisi sifatida qizil panda koʻrinishini tanlashgan.
Etimologiyasi „Panda“ soʻzi mahalliy nepal tilida uchraydigan pajā „panjasi“ yoki paũjā „panja“ nomlaridan kelib chiqqanligi tahmin qilinadi. Koʻplab tillarda bu soʻzning „panda“ shakli shunday tarzda qabul qilingan. 1869-yildan boshlab rasman oʻrganib chiqilgan va gigant pandadan farqlanib turishi uchun „qizil panda“ yoki „kichik panda“ nomi bilan atala boshlangan.
Ailurus urugʻining nomi qadimgi yunoncha αἴλουρος (ailouros) soʻzidan olingan boʻlib, „mushuk“ degan maʼnoni anglatadi. Fulgensning binar nomenklaturasi lotincha „porlash“, „yorqin“ degan soʻzdan kelib chiqqan.
Taksonomiyasi thumb|Thomas Hardwicke tomonidan buyurtma qilingan qizil pandaning akvarel rasmi ()
Qizil pandani 1825-yilda Frederic Cuvier tasniflagan va hozirgi ilmiy nomi Ailurus fulgens nomi berilgan. Cuvierning tavsifi zoologik namunalarga, shu jumladan „Hindiston shimolidagi togʻlardan“ topilgan panda terisi, panjalari, jagʻ suyaklari va tishlariga, shuningdek, Alfred Duvaucelning hisobotiga asoslangan. Qizil pandani 1821-yilda Thomas Hardwicke ham tasniflagan, ammo uning maqolasi 1827-yilda nashr etilgan. 1902-yilda Oldfield Thomas Sichuanda boʻlgan yigʻilishda qizil panda namunalarini toʻplagan Frederick William Styan sharafiga Ailurus fulgens styani nomi ostida erkak qizil panda namunasining bosh suyagini tasniflab bergan.
Kenja turlari Zamonaviy qizil panda – Ailurus urugʻidagi yagona tan olingan tur hisoblanadi. U anʼanaviy ravishda ikkita kichik turga boʻlinadi: Himolay qizil pandasi (A. f. fulgens) va Xitoy qizil pandasi (A. f. styani). Himolay kenja turining peshonasi ochiqroq rangli hamda pastki orqa va dumgʻaza qismida uchli tuklari mavjud. Xitoy kenja turi koʻproq bukilgan peshona va egilgan tumshuqli, shuningdek oq yuzi quyuqroq tuklar bilan qoplangan.
2020-yilda qizil panda namunalarining genetik tahlili natijalari, Himolay va Xitoydagi qizil panda populyatsiyalari taxminan 250 000 yil oldin boshqa turlardan ajralib chiqqanini koʻrsatgan. Tadqiqotchilar ikki kichik turga alohida tur sifatida qarashni taklif qilishgan. Janubi-sharqiy Tibet va shimoliy Myanmadagi qizil pandalar syaniyaning bir qismi, janubiy Tibetdagilar esa fulgens deb tasniflangan.
Shimoli-sharqiy Hindiston va Xitoyda toʻplangan 132 nafar qizil panda najas namunalarining DNK tahlillari asosida, Siang daryosi Himolay va Xitoy qizil pandalari oʻrtasidagi oraliq tur ekanligini koʻrsatadigan ikkita alohida klaster shakllantirilgan. Ular Pleystotsen davrida janubiy Tibet platosidagi muzlik davri tufayli alohida turlarga ajralib ketgan boʻlishi taxmin qilinadi.
Filogenezi Qizil pandaning evolyutsion daraxtdagi oʻrni koʻp muhokama qilingan. XX asr boshlarida turli olimlar bu turni rakunlar kabi Procyonidae oilasiga mansub deb hisoblaganlar. Oʻsha paytda taniqli biologlarning koʻpchiligi qizil pandani gigant panda bilan aloqador deb hisoblashgan. Oxir-oqibat ushbu tur ayiq ekanligi haqida nazariyalar ham yuzaga kelgan. 1982-yilda oʻtkazilgan tadqiqotda qizil pandalar gigant panda, boshqa ayiqlar va prokionidlar oʻrtasidagi tur sifatida tadqiq etilgan. Ularning bosh suyagidagi oʻxshashlik va farqlar oʻrganilgan hamda tur Ailuridae oilasiga mansub ekani taʼkidlangan. Tadqiqot muallifi qizil pandani ayiqlar bilan turdosh deb hisoblagan.
1995-yilda mitoxondrial DNK tahlili qizil pandaning protsionidlar bilan bogʻliq ekanligini aniqladi.
2005, 2018 va 2021-yillarda olib borilgan genetik tadqiqotlar natijasida qizil panda Musteloidea turkumiga mansub ekani aniqlandi. Bu turkumga Procyonidae, Mustelidae va Mephitidae (skunks va uning turdoshlari) oilalari kiradi.
Qazilma qoldiqlari link=//upload.wikimedia.org/wikipedia/commons/thumb/0/04/Simocyon_batalleri_head.jpg/220px-Simocyon_batalleri_head.jpg|alt=Drawing of a skull (above) and head (below) of an extinct animal|right|thumb|Zamonaviy qizil pandaning oʻtmishda yashagan yirik yirtqich qarindoshi – Simocyonning bosh suyagi va rekonstruksiya asosida chizilgan boshi Ailuridae oilasi Yevropada soʻnggi oligotsen yoki ilk miotsen davrida, bundan taxminan 25—18 million yil oldin rivojlangan. Amphictis turi eng qadimgi vakilining bosh suyagi hamda zamonaviy turlar bosh suyagi bir xil oʻlchamda (10 sm) boʻlishi mumkin. Tishlari oʻtkir premolyarlar va karnasyallardan (P4 va m1) hamda silliqlash uchun moslashtirilgan (M1, M2 va m2) molarlardan iborat boʻlib, u umumiy qilib aytganda, ayiqning yirtqichlarga xos ratsionga ega boʻlganidan dalolat beradi. U qoziq tishlarining yon tomonidagi teshik qismlariga asoslanib Ailuridae turkumidan joy olgan. Boshqa erta yoki bazal ailuridlarga Alopecocyon va Simocyon singari oilalar kiradi, ularning vakillari Yevroosiyo va Shimoliy Amerika boʻylab tarqalgani aniqlangan. Turning tarqalishi Oʻrta Miotsen davridan boshlangan. Erta Pliotsen davriga mansub turlarining qoldiqlari saqlanib qolgan. Ikkalasida ham Amfiktisga oʻxshash tishlari mavjud. Shuning uchun ham bir xil ovqatlanish tartibiga ega boʻlgani taʼkidlanadi.
Puma kattaligidagi Simocyon daraxtda yashovchi tur boʻlib, „soxta bosh barmogʻi“ – choʻzilgan bilak suyagining zamonaviy turlar bilan qoʻshilishi natijasida, bu qoʻshimcha barmoq bambuk bilan oziqlanish uchun emas, balki daraxtda harakatlanishga moslashib ketganligini koʻrsatadi.
Keyinchalik yanada rivojlangan ailuridlar Ailurinae kenja oilasida tasniflanadi va „haqiqiy“ qizil pandalar deb nomlanadi. Bu hayvonlar kichikroq koʻrinishga ega hamda oʻtxoʻr hisoblanib, fitofaglar bilan oziqlanishga moslashgan. Fanga maʼlum boʻlgan eng qadimgi haqiqiy panda Ispaniyada topilgan Oʻrta Miotsen davriga mansub Magerictis turi boʻlib, faqat bitta tish – pastki ikkinchi qoziq tishlaridan maʼlum. Tish nisbatan pastda joylashgan va oddiy tojga ega boʻlgan. Shuningdek, keyingi turlar kabi rivojlangan tish milklari hamda choʻzilgan maydalagich qismiga ega.
Keyinchalik ailurinlar orasida Shimoliy Amerikaning sharqiy qismida kech Miotsendan Erta Pliotsenga qadar yashagan Pristinailurus bristoli va Parailurus jinsining bir necha turlari ilk Pliotsen davrida birinchilardan boʻlib Yevropada paydo boʻlgan. Keyinchalik, Yevroosiyo boʻylab tarqalgan. Bu hayvonlar, ehtimol, zamonaviy qizil pandalar avlodiga tegishli singil taksonining bir qismi boʻlishi ham mumkin. Oʻtxoʻr zamonaviy turlardan farqli oʻlaroq, bu qadimiy panda turlari, ehtimol, omnivor hayvonlar hisoblanib, yuqori qoziq tishlari va oʻtkir tirnoqlari bilan ajralib turgan.
Zamonaviy Ailurus oilasining eng qadimgi qazilma qoldiqlari pleystosendan oldingi davr qatlamlarida uchramagan hamda suyaklarning topilish hududi Osiyo qitʼasi bilan cheklangan. Zamonaviy qizil pandaning ilk ajdodlari bambukli ovqatlanish tartibiga moslashgan boʻlib, jagʻi molyarsimon, premolyar va koʻproq koʻtarilgan molyar tishlarga ega. Soxta bosh barmogʻidan oziqlanishda ham foydalanadi.
Genomikasi Sichuan va Yunnandagi 53 ta qizil panda namunalari tahlili genetik xilma-xillikning yuqori darajasini namoyish etgan. Qizil pandaning toʻliq genomi 2017-yilda ketma-ketlikda boʻlgan. Tadqiqotchilar konvergent evolyutsiya genetikasini oʻrganish uchun uni gigant pandaning genomi bilan solishtirishgan, chunki ikkala turda ham soxta barmoqlar mavjud va yirtqich hayvonlarning ovqat hazm qilish tizimiga ega boʻlishiga qaramay, bambuk bilan oziqlanishga moslashgan. Ikkala pandada bosh barmoqlarning rivojlanishida rol oʻynashi mumkin boʻlgan baʼzi oyoq-qoʻllarning rivojlanish genlarida (DYNC2H1 va PCNT) oʻzgarishlar yuzaga kelgan.
Yirtqichlikdan oʻtxoʻrlikka oʻtishda har ikkala tur ham achchiqlikni aniqlash uchun ishlatiladigan taʼm retseptorlari genlarini qayta faollashtirgan, ammo oʻziga xos genlar boshqacha tarzda shakllangan.
Tavsifi
Qizil pandaning moʻynasi asosan qizil yoki toʻq sariq-jigarrang, qorin va oyoqlaridagi yungi esa qora tusda boʻladi. Ogʻiz, yonoqlar, qoshlar va ikki quloq chetlari oq rangda boʻlib, paxmoq dumida qizil va halqasimon naqshlar mavjud shuningdek, dum uchi odatda jigarrang tusda boʻladi.
Rangi qizil mox va oq lishayniklar bilan qoplangan daraxtzorda yashashi sababli, pandaning moʻynasi kamuflyaj vazifasini oʻtaydi. Ustki moʻynasi uzunroq va qoʻpolroq boʻlsa ham ostki tuklari qisqaroq va mayinroq boʻladi. Orqa tarafdagi yunglari 47—56 mm gacha uzunlikda boʻladi. Ogʻiz, pastki jagʻ va iyagi atrofida oʻrtacha uzun moʻylovlari bor. Panjalar tagidagi tuklari unga qorda yurish imkonini beradi.