Erkin Turdaliyevich Berdiyev (1959-yil 24-noyabr, Piskent shahri, Toshkent viloyati, Oʻzbekiston SSR) – oʻzbekistonlik olim, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori (2018), professor (2019). Biografiyasi Erkin Berdiyev 1959-yil 24-noyabr Toshkent viloyatining Piskent shahrida tugʻilgan. 1982-yilda Toshkent qishloq xoʻjaligi institutining (hozirgi Toshkent agrar universiteti) oʻrmon xoʻjaligi fakultetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini „Uzgiprozem“ yer tuzish loyiha institutida muhandis-agro-oʻrmon meliorator vazifasidan boshlagan. 1992—1997-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya komissiyasida qishloq xoʻjaligi va veterinariya fanlari boʻyicha bosh mutaxassis, 2006—2015-yillarda Toshkent davlat agrar universiteti „Oʻrmonchilik va ekologiya“ kafedrasi dotsenti, 2015—2020-yillarda universitetning „Manzarali bogʻdorchilik va koʻkalamzorlashtirish“ kafedrasi mudiri vazifasida faoliyat koʻrsatgan. 2020-yildan Toshkent davlat agrar universitetining „Oʻrmonchilik va landshaft dizayni“ kafedrasi professori.

Ilmiy faoliyati Erkin Berdiyev 1983—1986-yillarda Oʻrta Osiyo oʻrmon xoʻjaligi ilmiy tadqiqot institutining aspiranturasida oʻqigan. 1993-yilda mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan va qishloq xoʻjaligi fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan. 2018-yilda „Naʼmatak (Rosa) va chakandani (Hippophae) koʻpaytirish texnologiyasi“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilib, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olgan. Turon Fanlar akademiyasi akademigi (2016). 2019-yilda professor ilmiy unvoni berilgan. 250 ga yaqin ilmiy ishlar, jumladan, 7 ta darslik, 20 ta oʻquv qoʻllanma, 10 ta monografiya, 15 ta uslubiy qoʻllanma, 180 ga yaqin ilmiy maqolalar muallifi.

Mukofotlari „O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi fidoyisi“ koʻkrak nishoni (2021).

Manbalar

Turkum:Oʻzbekiston professorlari Turkum:Qishloq xoʻjaligi fanlari doktorlari