Konstantin Ustinovich Chernenko (1911-yil 24-sentyabr — 1985-yil 10-mart) — sovet siyosatchisi, Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasining yettinchi bosh kotibi. 1984-yil 13-fevraldan 1985-yil 10-mart, vafotigacha qisqa muddat Sovet Ittifoqini boshqargan.
Sibirlik kambagʻal oilada tugʻilgan Chernenko 1929-yilda Komsomolga oʻtib, 1931-yilda partiyaning haqiqiy a’zosi boʻldi. Bir qator tashviqot ishlarini olib borgach, 1948-yilda Moldaviyada Leonid Brejnev qoʻl ostida tashviqot boʻlimi boshligʻi boʻldi. 1964-yilda Brejnev KPSS Birinchi kotibi lavozimini egallaganidan soʻng Chernenko Siyosiy byuroning kun tartibini belgilash va Markaziy qoʻmitaning qarorlari loyihalarini ishlab chiqish uchun masʼul boʻlgan Markaziy qoʻmita Bosh boʻlimiga rahbarlik qildi. 1971-yilda Chernenko Markaziy qoʻmita, 1978-yilda esa Siyosiy byuroning toʻlaqonli aʼzosi boʻldi.
Brejnev va vorisi Yuriy Andropov vafotidan keyin 1984-yil fevral oyida Chernenko Bosh kotib, 1984-yil aprel oyida esa Oliy Kengash Prezidiumi raisi etib saylandi. Sogʻligʻi tez yomonlashgani sababli oʻz xizmat vazifalarini koʻp bajara olmadi. 1985-yilning mart oyida, mamlakatni atigi 13 oy boshqarganidan soʻng vafot etib, oʻrniga Mixail Gorbachyov Bosh kotib etib tayinlandi.
Yoshligi va siyosiy karyerasi
Kelib chiqishi
Chernenko 1911-yil 24-sentyabrda Sibirning Bolshaya Tes qishlogʻida (hozirgi Krasnoyarsk oʻlkasi, Novosyolovskiy tumani) kambagʻal oilada tugʻilgan.
Chernenko 1929-yilda Komsomolga (Kommunistik Yoshlar Ittifoqi) qoʻshildi. 1931-yilda hukmron Kommunistik partiyaning toʻlaqonli aʼzosi boʻldi. 1930—1933-yillarda Sovet-Xitoy chegarasida sovet chegara qismida xizmat qilgan. Harbiy xizmatdan soʻng targʻibotchi boʻlib Krasnoyarskka qaytdi. 1933-yilda Novoyolovskiy tuman partiya qoʻmitasi targʻibot boʻlimida ishlagan. Bir necha yil oʻtgach, Uyarsk raykomida xuddi shu boʻlim boshligʻi lavozimiga koʻtarildi.
Chernenko 1939-yilda Krasnoyarsk oʻlka qoʻmitasining Agitprop boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari etib tayinlanishiga qadar Krasnoyarsk partiya maʼrifat uyi direktori boʻlib, doimiy ravishda partiya saflarida koʻtarilib bordi. 1940-yillar boshlarida Fyodor Kulakov bilan yaqin munosabatda boʻlib, hududiy partiya qoʻmitasining tashviqot boʻyicha kotibi etib tayinlanadi. 1945-yilda Moskvadagi partiya tayyorlash maktabi diplomini oldi, 1953-yilda maktab oʻqituvchilari uchun sirtqi kursni tugatdi.
Sovet rahbariyatiga koʻtarilishi
1948-yilda Moldaviya Sovet Sotsialistik Respublikasida Kommunistik partiyaning tashviqot boʻlimiga rahbarlik qilishi Chernenko faoliyatidagi burilish nuqtasi boʻldi. U yerda 1950—1952-yillarda Kommunistik partiya Moldaviya boʻlimi birinchi kotibi, Sovet Ittifoqining boʻlajak rahbari Leonid Brejnev bilan uchrashib, uning ishonchini qozondi. Chernenko 1956-yilda Brejnevga ergashib, Moskvada KPSS Markaziy qoʻmitasida xuddi shunday tashviqotchi lavozimini egalladi. 1960-yilda Brejnev Oliy Kengash Prezidiumi raisi (Sovet Ittifoqi davlatining titulli rahbari) etib tayinlanganidan keyin Chernenko uning apparati boshligʻi boʻldi.
1964-yilda Sovet rahbari Nikita Xrushchyov isteʼfoga chiqarilib, oʻrniga Brejnev keldi. Brejnev partiya rahbari boʻlgan davrda Chernenkoning faoliyati muvaffaqiyatli davom etdi. 1965-yilda Markaziy qoʻmita Bosh boʻlimi mudiri lavozimiga koʻtarilib, unga Siyosiy byuroning kun tartibini belgilash, Markaziy qoʻmitaning koʻplab farmonlari va qarorlari loyihalarini tayyorlash vakolati berildi. Shuningdek, yuqori partiya aʼzolarining turli idoralarida telefon qoʻngʻiroqlarini tinglash ishlari va yashirin tinglash qurilmalarini nazorat qilardi. Yana bir ishi har kuni yuzlab partiya hujjatlarini imzolash edi. Mazkur ish uning keyingi 20 yil davomida bajargan ish boʻlib qoldi. Partiya Bosh kotibi boʻlganidan keyin ham Bosh boʻlimga qaraydigan hujjatlarga imzo chekishni davom ettirdi (hujjatlarni jismonan imzolay olmaganida, faksimile ishlatilgan).
1971-yilda Chernenko Markaziy qoʻmitaning toʻlaqonli aʼzoligiga koʻtarildi. Uning vazifalariga xatlar byurosi ustidan partiya ishlarini nazorat qilish, yozishmalar bilan shugʻullanish kabilar kirar edi. 1976-yilda Xatlar byurosi kotibi etib saylandi. 1977-yilda Siyosiy byuroga nomzod boʻlib, 1978-yilda toʻlaqonli aʼzo boʻlgach, partiya ierarxiyasida Bosh kotibdan keyin ikkinchi oʻringa koʻtarildi.
Brejnevning soʻnggi yillarida Chernenko mafkuraviy partiya ishiga toʻliq shoʻngʻib ketdi. Xorijdagi sovet delegatsiyalariga rahbarlik qildi, muhim yigʻilish va konferensiyalarda Brejnev bilan birga boʻldi, 1977-yilda Sovet Konstitutsiyasini qayta koʻrib chiqqan komissiya a’zosi sifatida ishladi. 1979-yilda qurollarni cheklash boʻyicha Vena muzokaralarida qatnashdi.
1982-yil noyabr oyida Brejnev vafotidan soʻng Bosh kotib lavozimini Chernenko egallaydi, degan taxminlar bor edi. Biroq u partiya ichida oʻz nomzodini qoʻllab-quvvatlay olmadi. Oxir-oqibat, Brejnevning sogʻligʻi yomonlashganida mavqeini mustahkamlab olgan KGB rahbari Yuriy Andropov bu lavozimni egalladi.
Sovet Ittifoqi yetakchisi
Yuriy Andropov 1984-yil 9-fevral kuni 69 yoshida Moskva markaziy klinik kasalxonasida buyrak yetishmovchiligi tufayli vafot etdi. Garchi Andropov oʻz oʻrnini Mixail Gorbachev egallashini xohlaganiga qaramay, Chernenko bu lavozimga saylandi. Bundan tashqari, Chernenkoning oʻzi ham ogʻir kasal edi.
Chernenko mamlakatning eng yuqori lavozimiga koʻtarilgan paytda, birinchi navbatda, Siyosiy byuroning „eski gvardiya“siga Sovet rahbariyatining keyingi avlodidan maqbul nomzod tanlash uchun vaqt bergan oʻtish davri rahbari sifatida eʼtirof etilgan. Chernenko vaqtinchalik mudofaa vaziri Dmitriy Ustinov va tashqi ishlar vaziri Andrey Gromiko bilan hokimiyatni boʻlishib, triumviratning bir qismi sifatida mamlakatni boshqarishga majbur boʻldiSaxon, Wolfgang Succession In Moscow: Siberian Peasant Who Won Power; Konstantin Chernenko, A Brezhnev Protege, Led Brief Regime. The New York Times, New York, 1984-03-12. Bu holat tobora kuchayib borayotgan muammoga aylandi. Chunki Chernenko kasalligi tufayli tez-tez yigʻilishlarni oʻtkazib yuborishga majbur edi.
Andropovning dafn marosimida Chernenko maqtov nutqini zoʻrgʻa oʻqiydi. Yigʻilganlar u aytmoqchi boʻlgan gap maʼnosini tushunishga harakat qilishdi. Tez gapirdi, soʻzlarni yutib yubordi, yoʻtalib qoldi va lablarini namlab, peshonasini artish uchun qayta-qayta toʻxtaldi. Yangi oʻrnatilgan eskalator orqali Lenin maqbarasiga koʻtarilib, ikki tansoqchi yordamida pastga tushdiA shell of a man, propelled by anger and pride, Times of London, June 6, 2009.
Chernenko davri Brejnev davri oxirlari siyosatiga qaytishni ifodaladi. Shunga qaramay, kasaba uyushmalarining rolini oshirish, taʼlim va targʻibot sohasidagi islohotlarni qoʻllab-quvvatladi. Chernenko amalga oshirgan asosiy kadr oʻzgarishlaridan biri Bosh shtab boshligʻi, marshal Nikolay Ogarkovning ishdan olinishi edi. Ogarkov oʻrnini marshal Sergey Axromeyev egalladi.
Tashqi siyosatda Xitoy bilan savdo bitimi boʻyicha muzokaralar olib bordi. Chernenko detantni qayta tiklash haqidagi chaqiriqlarga qaramay, Amerika Qoʻshma Shtatlari bilan Sovuq urushning kuchayishiga yoʻl qoʻymaslik uchun kam harakat qildi. Masalan, 1984-yilda Sovet Ittifoqi Sharqiy Germaniya rahbari Erich Honeckerning Gʻarbiy Germaniyaga tashrifiga toʻsqinlik qildi. Biroq, 1984-yil kuz oxirida AQSh va Sovet Ittifoqi 1985-yil boshida qurol nazorati boʻyicha muzokaralarni qayta boshlashga kelishib oldilar. 1984-yil noyabr oyida Chernenko Buyuk Britaniyaning Leyboristlar partiyasi rahbari Neil Kinnock bilan uchrashdi.
1980-yilda Qoʻshma Shtatlar Sovet qoʻshinlarining Afgʻonistonga bostirib kirishiga norozilik sifatida Moskvada boʻlib oʻtgan yozgi Olimpiya oʻyinlariga xalqaro boykot eʼlon qildi. Keyingi 1984-yilgi Yozgi Olimpiya oʻyinlari Kaliforniyaning Los-Anjeles shahrida oʻtkazilishi kerak edi. 1984-yil 8-mayda Chernenko boshchiligidagi SSSR „xavfsizlik tashvishlari, shovinistik kayfiyat va Amerika Qoʻshma Shtatlarida antisovet isterika avj olayotganini“ daʼvosi bilan oʻyinlarda qatnashmaslik niyatini eʼlon qildi. Boykotga Sharqiy blokning 14 yoʻldoshi va ittifoqchilari, jumladan Kuba (Ruminiyadan tashqari) qoʻshildi. Bu aksiya AQShning Moskvadagi oʻyinlarni boykot qilgani uchun qasos sifatida baholandi. Boykot qilgan mamlakatlar 1984-yil yozida oʻzlarining „Doʻstlik oʻyinlari“ni tashkil qilishdiRobert Simon Edelman, "The Russians are not coming! The Soviet withdrawal from the games of the XXIII Olympiad." International Journal of the History of Sport 32.1 (2015): 9-36..
Oʻlimidan oldin Chernenko 1985-yil 9-mayda Gʻalabaning 40 yilligi paradi kuni Volgograd shahrini Stalingrad deb oʻzgartirish toʻgʻrisidagi dastlabki hujjatlarni imzoladi. Stalinning qizi Svetlana Alliluyevaga yozgan maktubida „I.V.Stalinning xotirasi va merosiga nisbatan adolatning tiklanishi“ haqida yozgani Stalinning siyosiy reabilitatsiyasiga ishora qilgan.
Sogʻligʻi bilan muammolar, oʻlimi va merosi
Chernenko toʻqqiz yoshida chekishni boshlagan va har doim ashaddiy chekuvchi ekanligi maʼlum boʻlgan. Bosh kotib etib saylanishidan ancha oldin unda amfizema va oʻng tomon yurak yetishmovchiligi kasalliklari rivojlangan. 1983-yilda bronxit, plevrit va pnevmoniya tufayli uch oy davomida oʻz vazifalarini bajarmagan. Tarixchi Jon Lyuis Gaddis 1984-yilda Andropovning oʻrnini egallaganida Chernenkoni „razvedka maʼlumotlarini baholay olmaydigan darajada zombiga oʻxshash zaif keksa odam“" deb taʼriflagan.
1984-yil boshida Chernenko bir oydan koʻproq vaqt davomida kasalxonada boʻldi, lekin Siyosiy byuroga buyruqlar va xatlar yuborib, ishini davom ettirdi. Yozda shifokorlari Kislovodskka mineral kurortlarga yuborishdi, ammo kurortga kelgan kuniyoq Chernenkoning salomatligi yomonlashib, pnevmoniyaga chalingan edi. Chernenko 1984-yil oxiriga qadar Kremlga qaytmadi. Kabinetida kosmonavtlar va yozuvchilarni ordenlar bilan taqdirlagan, ammo yoʻlaklarda yura olmay, nogironlar aravachasida olib yurilgan.
1984-yil oxirida Chernenko Moskva gʻarbidagi qattiq qoʻriqlanadigan markaziy klinik kasalxonadan zoʻrgʻa chiqdi. Andropovning oʻlimi arafasida Chernenko imzosi bilan qilganidek, Siyosiy byuro barcha maktublarga Chernenkoning imzosi faksimilini yopishtirib chiqdi. Chernenkoning kasalligi birinchi marta 1985-yil 22-fevralda Moskva shimoli-sharqidagi Kuybishev tumanida boʻlib oʻtgan televideniye saylov mitingida ommaviy ravishda tan olingan. Oʻshanda Bosh kotib Rossiya SFSR Oliy Kengashi deputatligiga nomzod boʻlgan, Siyosiy byuro aʼzosi Viktor Grishin Bosh kotibning shifokor tavsiyasiga koʻra yoʻqligini maʼlum qilgan edi. Ikki kundan soʻng televizorda xalqni larzaga solgan tasvirlar namoyish etildiDmitri Volkogonov. (1998), Autopsy for an Empire: The Seven Leaders Who Built the Soviet Regime. (page 72). . Grishin ogʻir kasal boʻlgan Chernenkoni kasalxona yotogʻidan olib chiqib, ovoz berish uchun saylov qutisi oldiga olib bordi. 1985-yil 28-fevralda Chernenko parlament ishonch yorliqlarini qabul qilish uchun yana bir bor televideniyeda koʻrinish berib, oʻzining saylovdagi gʻalabasi haqida qisqacha bayonotni oʻqib eshittirdi: „Saylov kampaniyasi tugadi, endi saylovchilar oldimizga qoʻygan va kommunistlar ochiq gapirgan vazifalarni bajarish vaqti keldi“.