Turon yoʻlbarsining (Panthera tigris tigris) tarqalish hududi sharqiy Turkiya, shimoliy Eron, Mesopotamiya, Kaspiy dengizi atrofi, Kavkaz, Markaziy Osiyo, shimoliy Afg‘oniston va Xitoyning gʻarbiy Xinjiang hududlarini oʻz ichiga olgan. Oʻrta asrlargacha u janubiy Rossiyada ham mavjud boʻlgan. Turon yoʻlbarsi 1970-yillargacha bu hududdagi quruq oʻrmonlar va daryo boʻylarida yashagan. Ushbu populyatsiya alohida kenja tur sifatida koʻrilgan va 2003-yilda yoʻqolib ketgan deb baholangan.
Filogeografik tahlil natijalari Turon va Amur yoʻlbarslari populyatsiyalari XIX asr boshlariga qadar umumiy va uzluksiz geografik tarqalishga ega boʻlganini koʻrsatadi.
Turon yoʻlbarsining oʻlcham jihatdan Amur va Bengal yoʻlbarsining oʻrtasida boʻlgan.
Turon yoʻlbarsi Balxash yoʻlbarsi, Hyrcanian yoʻlbarsi, Kaspiy yoʻlbarsi va Mazandaran yoʻlbarsi deb ham atalgan.
Taksonomiya 1815-yilda Johann Karl Wilhelm Illiger tomonidan Kaspiy dengizi atrofida yashovchi yoʻlbarsni Felis virgata deb nomlagan va bu Turon yoʻlbarsi uchun ishlatilgan birinchi ilmiy nomdir. 1904-yilda Konstantin Satunin Tigris septentrionalis ilmiy nomini 1860-yillarda Lankaran pasttekisligida oʻldirilgan yoʻlbarslar uchun ularning bosh suyagi va teri namunalaridan kelib chiqib taklif qilgan. Ernst Schwarz esa 1916-yilda Felis tigris lecoqi va Felis tigris trabata nomlarini Lop Nur va Ili daryosi hududlaridan olingan yoʻlbars terisi va bosh suyaklariga asoslanib taklif qilgan.
1929-yilda Reginald Innes Pocock yoʻlbarsni Panteralar turkumiga kiritgan. Bir necha oʻn yillar davomida, Turon yoʻlbarsi alohida kenja tur sifatida qaralgan.
1999-yilda bir nechta yoʻlbars kenja turlarining haqiqiyligi savol ostiga olingan. XIX va XX asrlarda tasvirlangan koʻplab ehtimoliy kenja turlar, asosan, moʻyna uzunligi va rangliligi, chiziqlarning naqshi va tana oʻlchamlari asosida farqlangan. Bular esa yoʻlbars populyatsiyalar orasida keng oʻzgarib turadigan xususiyatlar hisoblangan. Morfologik jihatdan, turli hududlardagi yoʻlbarslar biroz farqlanadi va Pleistotsen davrida ushbu hududlar populyatsiyalari oʻrtasida gen oqimi boʻlishi mumkin deb hisoblanadi. Shuning uchun faqat ikki yoʻlbars kenja turini haqiqiy deb tan olish taklif qilingan: Osiyoda P. t. tigris va Katta Sunda orollaridagi P. t. sondaica.
XXI asrning boshida, muzey kolleksiyalaridan olingan 20 ta yoʻlbars suyagi va toʻqima namunalari asosida genetik tadqiqotlar oʻtkazilgan va kamida beshta mitoxondrial gen segmenti ketma-ketligi oʻrganilgan. Natijalar Turon yoʻlbarslarining mitoxondrial DNKlarida kam miqdordagi oʻzgaruvchanlikni va Turon yoʻlbarsi va Amur yoʻlbarsi juda oʻxshash ekanligini koʻrsatgan. Bu esa Amur yoʻlbarsining Turon yoʻlbarsining genetik jihatdan eng yaqin tirik turdoshi ekanligini koʻrsatadi. Filogeografik tahlil shuni koʻrsatadiki, Turon va Amur yoʻlbarslarining umumiy ajdodi Markaziy Osiyoga sharqiy Xitoydan Gansu-Ipak yoʻli hududi orqali 10,000 yildan kamroq vaqt ilgari koʻchib oʻtgan va keyinchalik sharqqa oʻtib, Rossiya Uzoq Sharqidagi Amur yoʻlbarsi populyatsiyasini tashkil etgan. Turon va Amur yoʻlbarslari ehtimol XIX asr boshigacha bitta uzluksiz populyatsiya boʻlgan, ammo sanoat inqilobi davrida yashash muhitlarining parchalanishi va yoʻqolishi sababli bir-biridan ajralib ketgan.
2015-yilda barcha ehtimoliy yoʻlbars kenja turlarining morfologik, ekologik va molekulyar xususiyatlari kombinatsiyalangan usulda tahlil qilingan. Natijalar ikkita evolutsion guruhni, yaʼni kontinental va Sunda yoʻlbarsiga ajratishni qoʻllab-quvvatlagan. Mualliflar faqat ikki kenja turini tan olishni taklif qilishgan: P. t. tigris Bengal, Malay, Hindixitoy, Janubiy Xitoy, Amur va Turon yoʻlbarsi populyatsiyalari, va P. t. sondaica Yava, Bali va Sumatra yoʻlbarsi populyatsiyalarini oʻz ichiga oladi. Osiyoning quruqlik qismidagi yoʻlbarslar ikkita kladga boʻlinadi. Yaʼni Turon va Amur yoʻlbarsi populyatsiyalari tomonidan shakllangan shimoliy klad va Osiyoning qolgan quruqlik qismidagi populyatsiyalari tomonidan shakllangan janubiy klad.
2017-yilda Cat Specialist Group yirtqichlar taksonomiyasini qayta koʻrib chiqdi va Osiyoning quruqlikdagi yoʻlbars populyatsiyalarini P. t. tigris deb nomladi. Biroq, 2018-yilda chop etilgan genetik tadqiqot oltita monofiletik klad mavjudligini ilgari surdi, Amur va Turon yoʻlbarslari Osiyoning quruqlikdagi boshqa populyatsiyalaridan ajralib turishini, shu bilan birga oltita tirik kenja turning anʼanaviy konsepsiyasini qoʻllab-quvvatladi.
Tashqi koʻrinishi
Moʻynasi Turon va Amur yoʻlbarsi terisining fotosuratlari shuni koʻrsatadiki, Turon yoʻlbarsi moʻynasining rangi oʻzgarib turgan va umuman olganda Amur yoʻlbarsiga qaraganda yorqinroq va bir xil tonda boʻlgan. Chiziqlar torroq, toʻliqroq va Manjuriyadagi yoʻlbarslarga qaraganda bir-biriga yaqinroq joylashgan. Chiziqlarining rangi jigarrang yoki dolchin ranglarining aralashmasi boʻlgan. Toza qora naqshlar faqat bosh, boʻyin, bel qismining oʻrtasi va dum uchida joylashgan. Dumining asosidagi burchakli naqshlar Uzoq Sharq populyatsiyalariga qaraganda kamroq rivojlangan. Yozgi va qishki moʻynalar orasidagi farq keskin boʻlgan. Ammo Uzoq Sharq populyatsiyalaridagi kabi boʻlmagan. Qishki moʻyna ochroq, kamroq aniq naqshlarga ega edi. Yozgisi Bengal yoʻlbarsining moʻynasi bilan bir xil zichlik va soch uzunligiga ega boʻlgan, ammo Turon yoʻlbarsining chiziqlari odatda torroq, uzunroq va bir-biriga yaqinroq joylashgan. U Osiyoning moʻtadil qismlarida uchrashi sababli, yoʻlbarslar orasida eng qalin moʻynaga ega boʻlgan.
Hajmi Erkak Turon yoʻlbarsining tana uzunligi 270–295 sm (106–116 dyum) va vazni 170–240 kg (370–530 funt) boʻlgan. Urgʻochilarining boshdan tanaga boʻlgan oʻlchami 240–260 sm (94–102 dyum) va vazni esa 85–135 kg (187–298 funt) edi. Erkaklarning bosh suyagi maksimal uzunligi 297–365,8 mm (11,69–14,40 dyum), urgʻochilarniki esa 195,7–255,5 mm (7,70–10,06 dyum) boʻlgan. Turon yoʻlbarsining ensasi Bengal yoʻlbarsinikidan kengroq boʻlgan. Turon yoʻlbarsi eng katta mushuk turlaridan biri boʻlib, u Amur yoʻlbarsi bilan bir qatorda boʻlgan.
Turon yoʻlbarsining baʼzi aʼzolari favqulodda yirik oʻlchamlarga ega boʻlgan. 1954-yilda Sumbar daryosi yaqinidagi Kopet-Dag da bir yoʻlbars oʻldirilgan, uning tulum qilingan terisi Ashxabod muzeyiga qoʻyilgan. Uning boshdan tanaga boʻlgan uzunligi 2,25 m (7,4 fut) edi. Uning bosh suyagi kondilobazal uzunligi taxminan 305 mm (12,0 dyuym), va zigomatik kengligi 205 mm (8,1 dyuym) ni tashkil etgan. Bosh suyagi uzunligi 385 mm (15,2 dyuym) boʻlgan, bu Turon yoʻlbarsi populyatsiyasi uchun oʻsha paytdagi maksimal 365,8 mm (14,40 dyuym) koʻrsatkichdan yuqori edi va aksariyat Amur yoʻlbarslarining bosh suyagi uzunligidan ozgina katta boʻlgan. 1899-yil fevral oyida Prishibinskda yana bir yoʻlbars oʻldirilgan. Teri olinib oʻlchanganda, tana uzunligi 270 sm (8,9 fut) ni, 90 sm (3,0 fut) uzunlikdagi dum bilan birga, jami uzunligi taxminan 360 sm (11,8 fut) ni tashkil etgan. Turon yoʻlbarsining tana uzunligi 2,95 m (9,7 fut) gacha boʻlganlari maʼlum. Guvohlarga koʻra Turon yoʻlbarsi „ulkan hajmdagi yoʻlbars“ va „mahalliy ot zotlaridan kichik emas“ deb tasvirgan. Uning moʻynasi ancha uzun boʻlgan.
Turon yoʻlbarslari bosh suyagi oʻlchami va shakli Osiyoning quruqlikdagi boshqa yoʻlbars namunalari bilan sezilarli darajada oʻxshash va deyarli farqli boʻlmagan.
Tarqalishi va yashash hududlari
XIX asrda yoʻlbarslar quyidagi hududlarda uchragan: Sharqiy Anatoliya hududi, bu Turon yoʻlbarsi uchraydigan eng gʻarbiy hudud hisoblanadi. Turkiyaning sharqidagi Ararat togʻi, Şanlıurfa, Şırnak, Siirt va Hakkari viloyatlarida Turon yoʻlbarsi haqida yozuvlar mavjud. Hakkari viloyatida yoʻlbarslar ehtimol 1990-yillarga qadar uchragan . Iroqda tasdiqlangan yagona manba 1887-yilga toʻgʻri keladi. Unga koʻra Mosul yaqinida yoʻlbars otib oʻldirilgan, u janubi-sharqiy Turkiyadan koʻchib kelgan deb ishoniladi. Shuningdek, Iroq va Suriyadagi Dajla va Furot daryosi hududida yoʻlbarslarning tarixan mavjudligi haqida daʼvolar mavjud. Kavkazning janubi-sharqiy chekkasi, masalan, Talysh togʻlarining tepalik va pasttekislik oʻrmonlari, Lankaran pasttekisliklari, Göytəpə, Jalilabad pasttekislik oʻrmonlari, bu yerlar orqali yoʻlbarslar Trans-Kavkazning sharqiy tekisliklariga Don daryosi havzasigacha koʻchgan; shimoli-gʻarbiy Forsning Arasbaran va Zangezur togʻlari. Kaspiy dengizi hududida, notekis tarqalgan va daryo havzalari, koʻl qirgʻoqlari va dengiz qirgʻoqlari kabi botqoqliklar atrofida yashagan. Eronning tarixiy yozuvlari faqat Kaspiy dengizining janubiy qirgʻoqlari va unga tutash Alborz togʻlari boʻylab tarqalgani haqida maʼlum xolos. Markaziy Osiyo, masalan, Turkmanistonning janubi-gʻarbiy qismida Atrek daryosi va uning irmoqlari boʻylab, Sumbar va Chandyr daryolari boʻylab; Kopet-Dagning gʻarbiy va janubi-gʻarbiy qismlarida; Ashxabodning shimoliy etaklarida; Afgʻonistonning Harirud daryosining Hirotdagi yuqori oqimida va daryoning quyi oqimidagi oʻrmonlar boʻylarida; Tejen va Murgap atrofida, Kushka va Kashan daryolari boʻylarida; Amudaryo havzasidan Orol dengizigacha va Orol dengizining butun qirgʻoqlari boʻyida; Sirdaryo boʻylab Fargʻona vodiysigacha Toshkent va Talas Olatovining gʻarbiy tarmogʻigacha; Chu va Ili daryolari boʻylab; Balxash koʻlining janubiy qirgʻoqlari boʻylab va shimolga tomon janubiy Altay togʻlari, janubi-sharqiy Transbaykal yoki Sharqiy Sibirgacha tarqalgan . Xitoyda, u Tarim, Manasi daryosi va Lop Nur havzalarida uchragan.
Turon yoʻlbarsining avvalgi tarqalishini mintaqadagi tuyoqli hayvonlarning tarqalishini oʻrganish orqali taxmin qilish mumkin. Yovvoyi choʻchqa oʻrmonli hududlarda, suv oqimlari boʻylab, qamishzorlar va Kaspiy va Orol dengizlari boʻyidagi chakalakzorlarda son jihatdan hukmron tuyoqli hayvon edi. Suv oqimlari choʻl hududlariga chuqur kirib borganda, yovvoyi choʻchqa va yoʻlbars yashash joyi odatda chiziqli boʻlgan, eng koʻpi bilan bir necha kilometr kenglikda yashagan. Qizil kiyiklar Qora dengiz atrofidagi oʻrmonlarda va Kaspiy dengizining janubiy qismidagi tor oʻrmon hududida uchragan. Balxash koʻlining janubidagi oʻrmonlarda kiyiklar uchragan. Buxoro bugʻusi Orol dengizining janubiy chegarasida, va janubga Sirdaryo va Amudaryo boʻylab choʻzilgan tor oʻrmon hududida yashagan.
Soʻngi Pleistotsen va Holotsen davrlarida, Turon yoʻlbarsi populyatsiyasi ehtimol Hindukushda 4,000 m (13,000 ft) dan past boʻlgan yoʻlaklar orqali Bengal yoʻlbarsi populyatsiyasi bilan bogʻlangan. Keyinchalik esa gen oqimi odamlar tomonidan uzib qoʻyilgan.
Mahalliy qirgʻinlar
Turon yoʻlbarsining yoʻq boʻlishi XIX asr oxirida Rossiyaning Turkistonni mustamlakaga aylantirishi bilan boshlandi. Uning yoʻq boʻlib ketishiga bir necha omillar sabab boʻldi: Yoʻlbarslar sportchilar va harbiy xizmatchilarning katta guruhlari tomonidan oʻldirilgan, ular shuningdek yovvoyi choʻchqa kabi yoʻlbarslarning asosiy oʻljalarini ham ovlagan. Yovvoyi choʻchqaning yashash hududlari XIX-asr oʻrtalaridan 1930-yillargacha haddan tashqari koʻp ovlash, tabiiy ofatlar va choʻchqa bezgagi va ogʻiz va tuyogʻ kasalligi kabi kasalliklar tufayli tez va keng koʻlamda kamayib ketgan. Yoʻlbars yashaydigan keng qamishzorlar tobora koʻproq paxta va boshqa ekinlarni ekish uchun qishloq xoʻjaligi yerlariga aylantirilgan. Katta choʻl hududlaridagi suv oqimlarining cheklanishi allaqachon tabiatan tarqalishi zaif boʻlgan yoʻlbarslarning koʻpayishini battar yomonlashtirgan.