Pamela Leora Spratlen (talaffuzi: Pamela Liora Spratlen) – afroamerikalik davlat arbobi, AQShning Qirgʻiziston va Oʻzbekistondagi sobiq elchisi.

Shaxsiy hayoti Pamela Liora Spratlen 1954-yil 14-iyulda Amerikaning Ogayo shtati Kolumbus shahrida tugʻilgan va Vashington hamda Kaliforniya shtatlarida oʻsgan. Uning otasi Thaddeus Spratlen Vashington universiteti biznes maktabida marketing boʻlimi professori boʻlib ishlagan. Yoshligida Thaddeus Spratlen AQSh Davlat departamentining Tashqi ishlar xizmatiga ham ariza topshirgan, biroq oʻsha paytda mamlakatda afroamerikaliklarga nisbatan irqchilik cheklovlari mavjudligi tufayli soʻrovi rad etilgan. Spratlenning onasi Lois Price Spratlen Vashington universiteti hamshiralik kollejida dotsent darajasiga erishgan.

Biografiyasi Taʼlimi Spratlen 1972-yilda oʻrta maktabni tamomlagan va keyin 1976-yilda Wellesley kollejida psixologiya boʻyicha bakalavr darajasini olgan. Keyin u 1981-yilda Berkeley Kaliforniya universitetida davlat siyosati boʻyicha magistr darajasini olishidan oldin turli davlat tashkilotlarida xizmat qilgan. 2006-yilda Spratlen AQSh armiyasi harbiy kollejida strategik tadqiqotlar boʻyicha yana bir magistrlik darajasini oldi.

Faoliyati 1981-yildan 1989-yilgacha Spratlen Kaliforniya qonun chiqaruvchi organida katta maslahatchi boʻlib ishlagan va shtatning 3 milliard dollarlik oliy taʼlim byudjetini nazorat qilgan.

1990-yilda u AQSh Davlat departamentiga ishga kirdi va turli lavozimlarda, jumladan, 1999-yilda Davlat kotibi Madeleine Albrightning rasmiy safarlarini rejalashtirgan guruhda faoliyat olib bordi. Shu maqomda Spratlen 1999-yil yanvar oyida Moskvadagi AQSh elchixonasiga Albrightning Kosovodagi vaziyat yuzasidan Rossiya Federatsiyasi vakillari bilan uchrashuvlarini uyushtirishda yordam berdi.

2000-yildan 2002-yilgacha Pamela Spratlen Moskvadagi Amerika elchixonasida koordinator yordamchisi boʻlib ishlagan va keyinchalik 2002-yildan 2004-yilgacha Vladivostokdagi AQSh Bosh konsuli boʻlgan. Keyin u yurtiga qaytib keldi va bir necha yil AQShda ishladi, jumladan, 2006–2007-yillarda Markaziy Osiyo bilan aloqalar departamenti direktori lavozimida ishladi.

Spratlen Vashingtonda Amerikaning Yevroosiyodagi siyosatini yoʻlga qoʻygan shaxslardan biri sanaladi. U olti oy davomida AQSh Davlat kotibining Markaziy Osiyo boʻyicha yordamchisi oʻrinbosari boʻlib ishlagan va Tojikiston prezidentining xalqaro aloqalar boʻyicha maslahatchisi Erkin Rahmatullayev hamda Qirgʻiziston davlatidan Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Erkin Bulekbayevga „Milliy demokratik institutni mamlakatda roʻyxatdan oʻtkazish“ masalasi boʻyicha maslahat bergan. Keyinchalik, 2007–2008-yillarda u Gʻarbiy Yevropa masalalari departamenti direktori lavozimida ishlagan. Spratlen Vashington uchun Rossiya va Xitoyning Markaziy Osiyodagi mavqeini zaiflashtirish, shuningdek, „Ipak yoʻli iqtisodiy kamari“ strategiyasiga qarshi turish uchun yangi rejalar ishlab chiqqan.

Qozogʻistonning Ostona shahridagi AQSh elchixonasida missiya boshligʻi oʻrinbosari lavozimida ishlagandan soʻng Spratlen 2011-yil 15-aprelda Qirgʻizistondagi AQSh elchisi sifatida qasamyod keltirdi. Bu lavozimda 2014-yil iyun oyida u Manas havo bazasini Qirgʻiziston davlatiga topshirishda asosiy rolda ishtirok etgan. Bu Afgʻonistonga qoʻshinlar va yuklarning tranziti uchun muhim edi. Spratlen Qirgʻizistondagi missiyasini 2014-yil 12-dekabrda yakunladi va 2014-yil 16-dekabrda darhol AQShning Oʻzbekistondagi elchisi lavozimiga oʻtib, bu yerda 2018-yil 4-oktyabrgacha xizmat qildi.

Spratlen rus, fransuz va ispan tillarini biladi. Hozirda u nafaqaga chiqqan. Spartlen xalqaro faoliyatga, xususan, Tashqi ishlar xizmatiga qiziqqan talabalarga oʻz qobiliyat va koʻnikmalarini topish hamda oshirishni maslahat beradi.

Mukofotlari Spratlenning yutuqlari qatoriga AQSh Davlat departamentining eng yuqori faxriy mukofotlari kiradi.

2018-yilda Oʻzbekistonning amaldagi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistondagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Pamela Spratlenni koʻp qirrali oʻzaro manfaatli Oʻzbekiston-AQSh munosabatlarini izchil rivojlantirish va mustahkamlashdagi muhim xizmatlari uchun „Doʻstlik“ ordeni bilan taqdirlagan edi.

Manbalar

Turkum:Amerika Qoʻshma Shtatlarining Oʻzbekistondagi elchilari Turkum:Oʻzbekiston-AQSh munosabatlari Turkum:Doʻstlik ordeni sohiblari