Poliomiyelitga qarshi vaksina – poliomiyelitning oldini olish uchun qoʻllaniladigan vaksina. Ushbu vaksinaning ikki turi mavjud. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti barcha bolalarni poliomiyelitga qarshi toʻliq emlashni tavsiya qiladi. Har yili qayd etilib kelinayotgan natijalar shuni koʻrsatadiki, 1988-yil holatiga koʻra poliomiyelitdan aziyat chekkanlar soni 350 000 ni tashkil qilgan boʻlsa, ushbu vaksinani qo'llash orqali kasallanganlar soni 2018-yilga kelib 33 tani koʻrsatgan.
Vaksinadan soʻng ukol qilingan joyda yengil qizarish yoki ogʻriq paydo boʻlishi mumkin. Vaksina ogʻiz orqali yuborilganda million kishidan taxminan uchtasida paralitik poliomiyelitga olib keluvchi holat kuzatilish ehtimoli bor. Bundan tashqari, poliomiyelit infeksiyasidan falaj boʻlish har million kishidan 5000 nafarida uchraydi. Ikkala turdagi vaksinani ham homiladorlik paytida va OIV/OITS bilan kasallangan kishilarda qoʻllash xavfsiz hisoblanadi.
Poliomiyelitga qarshi vaksinaning birinchi muvaffaqiyatli qoʻllanilgan shakli 1950-yilda Hilary Koprowski tomonidan odamlarga ichirilgan tirik, ammo zaiflashtirilgan virus boʻlgan. Ushbu vaksinadan Amerika Qoʻshma Shtatlarida foydalanishga ruxsat berilmagan, ammo boshqa hududlarda undan muvaffaqiyatli foydalanilgan. 1955-yilda Jonas Salk tomonidan ishlab chiqilgan faolsizlantirilgan (oʻldirilgan) poliomiyelitga qarshi vaksinaning muvaffaqiyatli qoʻllanilgani eʼlon qilingan. Ogʻiz orqali yuboriladigan poliomiyelitga qarshi boshqa bir zaiflashtirilgan tirik vaksina Albert Sabin tomonidan ishlab chiqilgan va 1961-yilda undan tijorat maqsadida foydalanilgan.
Poliomiyelitga qarshi vaksina Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining asosiy dori vositalari roʻyxatiga kiritilgan va hozirgi kunda poliomiyelit kasalligiga qarshi faol qo'llanilib kelinmoqda. Manbalar
Turkum:Vaksinalar