Rossiya inqilobi 1917-yildan boshlangan Rossiyadagi siyosiy va ijtimoiy oʻzgarishlar davri hisoblanadi. Ushbu davr mobaynida Rossiyada monarxiya bekor qilingan hamda ketma-ket boʻlib oʻtgan ikki inqilob va fuqarolar urushidan keyin sotsialistik boshqaruv shakliga oʻtilgan. Bu inqilobni birinchi jahon urushidan keyin sodir boʻlgan boshqa inqiloblar, jumladan, 1918—1919-yillardagi Germaniya inqilobi uchun oʻtmishdosh sifatida koʻrish mumkin. Rossiya inqilobi XX asrning asosiy voqealaridan biri hisoblanadi.
Rossiya inqilobi 1917-yil boshida, birinchi jahon urushi davrida boshlangan Fevral inqilobi bilan start olgan. Urush maydonida Germaniya imperiyasidan yirik magʻlubiyatlar va mamlakat ichida non va don tanqisligiga olib kelgan logistika muammolari tufayli Rossiya armiyasida ruhiy tushkunlik kuchayib, qoʻzgʻolon xavfi yuzaga kelgan. Yuqori lavozimdagi amaldorlar podshoh Nikolay II taxtdan voz kechsa, noroziliklar kamayishi mumkin deb oʻylashgan. Keyinchalik, Nikolay II taxtdan voz kechib, Rossiya dumasi (parlamenti) boshchiligida yangi muvaqqat hukumat tashkil etilgan.
Fuqarolar tartibsizliklari davomida Petrogradda mahalliy aholi tomonidan sovet kengashlari tuzilgan. Dastlab, ular yangi Muvaqqat hukumatga qarshi chiqmagan, biroq hukumat ishlarida oʻz taʼsirini kuchaytirishni va turli militsiyalar ustidan nazoratni talab qilishgan. Mart oyiga kelib, Rossiyada oʻzaro raqib boʻlgan ikkita hukumat shakllangan. Muvaqqat hukumat harbiy va xalqaro masalalarda davlat hokimiyatini boshqargan boʻlsa, Sovetlar tarmogʻi ichki ishlar boʻyicha koʻproq taʼsirga ega boʻlgan. Eng muhimi esa Sovetlarni ishchilar sinfi va shaharning oʻsib borayotgan oʻrta tabaqasi qoʻllab-quvvatlagan.
Bu notinch davrda tez-tez qo‘zg‘olonlar, noroziliklar va ish tashlashlar yuz berib turgan. Koʻplab sotsialistik va boshqa siyosiy tashkilotlar Muvaqqat hukumat va Sovetlar ichida taʼsir uchun kurash olib borgan. Eʼtiborga molik guruhlar qatoriga Sotsial-demokratlar yoki Mensheviklar, Sotsial-inqilobchilar, Anarxistlar hamda Vladimir Lenin boshchiligidagi radikal soʻl qanot partiyasi – Bolsheviklar bor edi.
Dastlab, Bolsheviklar kichik bir guruh boʻlishgan, ammo ular „tinchlik, yer va non“ shioridagi dasturi orqali tezda mashhurlikka erishgan. Ular Germaniya bilan urushni toʻxtatishni, dehqonlarga yer berishni va urush davridagi ocharchilikni tugatishni vaʼda qilgan edilar. Urush deyarli hammaga yoqmayotgan boʻlsa-da, Muvaqqat hukumat oʻz ittifoqchilarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida urushni davom ettirishga qaror qilgan. Bu esa Bolsheviklar va boshqa sotsialistik guruhlarga inqilobni yanada ommalashtirish uchun asos yaratgan. Bolsheviklar oʻzlariga sodiq boʻlgan ishchi militsiyalarni birlashtirib, Qizil Gvardiya tashkil qilgan. Bu kuchlar hokimiyatni qoʻlga kiritish uchun yetarlicha qudratli ediOrlando Figes, A Peoples Tragedy, p. 370.
Vaziyat keskinlashib, 1917-yil oktabr oyida juda ham jiddiylashib ketgan. Petrogradda ishchilar va askarlar tomonidan amalga oshirilgan qurolli qoʻzgʻolon natijasida Muvaqqat hukumat agʻdarilib, hokimiyat Bolsheviklar qoʻliga oʻtgan. Bolsheviklar sovet kengashlari doirasida oʻz hukumatini tuzgan va keyinchalik Rossiya Sovet Federativ Sotsialistik Respublikasi (RSFSR) tashkil etilganini eʼlon qilgan. Germaniya hujumlari tufayli ular davlat poytaxtini Moskvaga koʻchirishga majbur boʻlgan. RSFSR sobiq imperiyani dunyodagi birinchi sotsialistik davlatga aylantirish jarayonini boshlagan va sovet demokratiyasini milliy hamda xalqaro miqyosda joriy qilishni maqsad qilgan. Rossiyaning birinchi jahon urushida ishtirokini tugatish haqidagi vaʼdasini Bolsheviklar 1918-yil mart oyida Germaniya bilan tuzilgan Brest-Litovsk shartnomasini imzolab, bajardilar. Yangi davlatni mustahkamlash uchun Bolsheviklar Cheka deb atalgan maxfiy politsiya turini tashkil etgan. Bu inqilobiy xavfsizlik xizmati xalq dushmanlarini aniqlash, jazolash va yoʻq qilish bilan shugʻullangan. Ushbu harakatlar Fransuz inqilobi davridagi usullarga asoslangan edi.
Bolsheviklarni shahar hududlaridagi aholining aksar qismi qoʻllab-quvvatlaganiga qaramay, ularning hukumatini tan olmagan koʻplab ichki va tashqi dushmanlari ham bor boʻlgan. Rossiyada qonli fuqarolar urushi boshlangan. Unda Bolsheviklar (Qizillar) oʻz dushmanlariga qarshi kurashgan. Ularning raqiblari orasida boshqa millatlarning mustaqillik harakatlari, anti-Bolshevik sotsialistik partiyalar, anarxistlar, monarxistlar va liberallar boʻlgan. Monarxistlar va liberallar asosan Rossiya imperiyasining oʻng qanot ofitserlari tomonidan boshqarilgan va eski imperiya tuzumini qayta tiklashni maqsad qilgan Oq harakatni qoʻllab-quvvatlagan. Bunga javoban, Bolsheviklar komissari Lev Trotskiy ularga sodiq ishchi militsiyalardan Qizil Armiyani tashkil etgan. Garchi asosiy voqealar Moskva va Petrogradda yuz bergan boʻlsa-da, imperiyaning deyarli barcha shaharlarini, milliy ozchiliklar yashaydigan hududlarni va qishloq joylarini notinchlik qamrab olgan. Qishloqlarda esa dehqonlar yerlarni oʻzaro kelishib, qayta taqsimlab olishgan.
Urush davom etar ekan, RSFSR Rossiya imperiyasidan ajralib chiqqan yangi mustaqil respublikalarda sovet hokimiyatini oʻrnatishni boshlagan. Dastlab, eʼtibor Armaniston, Ozarbayjon, Belorussiya, Gruziya va Ukraina kabi yaqindagina mustaqil boʻlgan respublikalarga qaratilgan. Urush davridagi birlashuv va xorijiy davlatlarning aralashuvi RSFSRni ushbu davlatlarni yagona bayroq ostida birlashtirishga undagan. Natijada, Sovet Sotsialistik Respublikalari Ittifoqi (SSSR) tashkil etilgan. Tarixchilar inqilobiy davrning yakunini 1922-yilga toʻgʻri keladi deyishadi. Chunki oʻsha yili Rossiyada fuqarolar urushi yakunlanib, Oq gvardiya va koʻplab separatistik guruhlar magʻlubiyatga uchragan. Bu esa koʻplab odamlarning Rossiyadan ommaviy ravishda emigratsiya qilinishi bilan yakunlangan. Gʻolib chiqqan Bolsheviklar partiyasi esa Butunittifoq Kommunistik Partiyasi (Bolsheviklar) nomi ostida qayta tashkil etilgan va keyingi 69 yil davomida hokimiyatni oʻz qoʻlida saqlab qolgan.
Tarixi
1905-yilgi Rossiya inqilobi 1917-yilgi inqiloblarning kelib chiqishiga asosiy omil boʻldi. Qonli yakshanba voqealari butun mamlakat boʻylab norozilik namoyishlari va askarlar qoʻzgʻolonlarini keltirib chiqardiWood, The origins of the Russian Revolution, 1861–1917. London: Routledge. 1979. p. 18. Ushbu tartibsizliklar orasida Sankt-Peterburg Soveti deb nomlangan ishchilar kengashi tashkil etildi. 1905-yilgi inqilob, shuningdek, Duma (parlament)ning tashkil etilishiga olib keldi. Duma keyinchalik 1917-yil fevral voqealaridan soʻng Muvaqqat hukumatni shakllantirdi.
1914—1915-yillardagi Rossiyaning sust harbiy natijalari imperator Nikolay II va Romanovlar sulolasiga qarshi noroziliklarning ortishiga sabab boʻldi. Birinchi jahon urushining Sharqiy frontidagi magʻlubiyatlar va ogʻir sharoitlar tufayli vatanparvarlik ruhidagi millatchilikning qisqa davri yakuniga yetdi. 1915-yilda imperator Nikolay II Rossiya imperatorlik armiyasini shaxsan boshqarishni oʻz zimmasiga olishi bilan vaziyatni yanada ogʻirlashtirdi. Endi Rossiyaning davomiy magʻlubiyatlari va yoʻqotishlari uchun u shaxsan javobgar deb hisoblanardi. Bundan tashqari, imperatorning frontda boʻlishi davrida mamlakatni boshqarishga qoldirilgan qirolicha Aleksandra nemis millatiga mansub boʻlgani sababli, uning dushman bilan til biriktirgani haqidagi shubhalar yuzaga kelgan. Bu shubhalar, ayniqsa, Aleksandraning ziddiyatli, mistik shaxs Grigoriy Rasputin bilan boʻlgan munosabatiga oid mish-mishlar bilan yanada kuchaydi.
1914-yil oktyabr oyida Usmonli imperiyasining Markaziy kuchlar tomonida urushga kirishi natijasida Rossiya O‘rta yer dengiziga olib boruvchi muhim savdo yoʻlidan mahrum boʻldi. Bu esa iqtisodiy inqiroz va oʻq-dorilar tanqisligini yanada kuchaytirdi. Shu bilan birga, Germaniya ikki frontda uzluksiz jang olib borayotgan boʻlsa-da, katta miqdorda oʻq-dorilar ishlab chiqarishga erishdiWood, 1979. p. 24.
Urush davridagi sharoitlar Rossiya armiyasi va umumiy aholi orasida ruhiy tushkunlikning kuchayishiga olib keldi. Bu, ayniqsa, shaharlar aholisi orasida oʻta yaqqol namoyon boʻldi, chunki qishloq xoʻjaligi mahsulotlari uzilishlari natijasida oziq-ovqat yetishmovchiligi jiddiy muammoga aylandi. Ammo oziq-ovqat tanqisligining sababi hosildorlikning pasayishida emas, balki hukumatning urushni moliyalashtirish uchun millionlab rubl pullarni bosib chiqarishida edi. 1917-yilga kelib, inflyatsiya natijasida narxlar 1914-yilga nisbatan toʻrt barobarga oshdi. Natijada, fermerlar yuqori xarajatlarga duch kelib, daromadlarining sezilarli darajada oshmagani sababli oʻz donlarini jamgʻarib qoʻyishga va faqat oʻz ehtiyojlari uchun qishloq xoʻjaligi bilan shugʻullanishga oʻtdilar. Bu esa shaharlarni doimiy ravishda oziq-ovqat tanqisligida qoldirdi. Shu bilan birga, narxlarning oshishi zavodlarda ish haqini oshirish talabini keltirib chiqardi. 1916-yilning yanvar va fevral oylarida Germaniya mablagʻlari yordamida qisman kuchaygan inqilobiy propaganda keng qamrovli ish tashlashlarga sababchi boʻldi. Bu holat hukumatga nisbatan tanqidning kuchayishiga, ishchilarning inqilobiy partiyalarga faolroq qoʻshilishiga sabab boʻldi.
Liberal partiyalarda ham oʻz shikoyatlarini bildirish uchun kengaytirilgan platforma bor edi, chunki urushning dastlabki shiddati chor hukumatini turli xil siyosiy tashkilotlarni tashkil etishga olib keldi. 1915-yil iyul oyida taniqli oktyabrist Aleksandr Guchkov (1862—1936) raisligida oʻnta ishchi vakilini oʻz ichiga olgan Markaziy urush sanoati qoʻmitasi tashkil etildi. Petrograd mensheviklari xorijdagi rahbarlarining eʼtirozlariga qaramay, ushbu tashabbusga qoʻshilishga rozi boʻldilar. Ushbu siyosiy faollik siyosiy ambitsiyalarga yangidan kuch berdi. 1915-yil sentyabr oyida Dumada oktyabristlar va kadetlarning koalitsiyasi mas’uliyatli hukumat tuzishni talab qildi, biroq imperator Nikolay II bu talabni rad etdiWood, 1979. p. 25.
Ushbu omillar urush davomida hatto hukmron sinf doiralarida ham rejimga boʻlgan ishonchning keskin pasayishiga olib keldi. 1916-yil boshida Aleksandr Guchkov yuqori martabali harbiy qoʻmondonlar va Markaziy harbiy sanoat qoʻmitasi aʼzolari bilan imperatorni taxtdan voz kechishga majbur qilish uchun ehtimoliy davlat toʻntarishi muhokama qildi. 1916-yil dekabr oyida bir guruh zodagonlar Grigoriy Rasputinni oʻldirdilar. 1917-yil yanvar oyida Georgiy Lvov imperator Nikolay IIning amakivachchasi, Nikolaydan taxtni jiyanidan qabul qilishga tayyor ekanligini bilmoqchi boʻldi. Bu hodisalarning hech biri fevral inqilobining toʻgʻridan-toʻgʻri sababi boʻlmasa-da, ular monarxiya nega inqilob boshidan atigi bir necha kun oʻtib qulaganini tushuntirishga yordam beradi.
Ayni paytda, chet elda, asosan Shveysariyada yashovchi Sotsialistik inqilobchilar rahbarlari xalqaro sotsialist birdamligining qulashi voqealarining tomoshabinlari boʻlib qolishdi. Fransiya va Germaniya Sotsial-demokratlari oʻz hukumatlarining urush saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatladilar. Parijda yashovchi Georgiy Plexanov Germaniyaga qarshi kuchli antipatetik pozitsiyani egallagan boʻlsa, Alexander Parvus esa Rossiyada inqilobni amalga oshirishning eng yaxshi usuli sifatida Germaniyaning urush saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatladi. Mensheviklar asosan Rossiya Germaniyadan oʻzini himoya qilishga haqli ekanligini daʼvo qilishdi. Mashhur Mensheviklardan biri boʻlgan Yuliy Martov urushni tugatishni va milliy oʻz taqdirini belgilash asosida kelishuvni talab qilgan, bunda hech qanday qoʻshib olish yoki tovon toʻlash boʻlmasligi kerakligini taʼkidlagan.