Islambek Rustambekovich Rustambekov (1985-yil 15-dekabr, Toshkent, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbekistonlik huquqshunos, yuridik fanlar doktori va professor. Toshkent davlat yuridik universiteti O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori.
Tarjimayi holi Islambek Rustambekov 1985-yil 15-dekabrda Toshkent shahrida tugʻilgan, millati o‘zbek.. 2007-yilda Toshkent davlat yuridik institutining bakalavriat bosqichini, 2009-yilda shu institutning magistratura bosqichini tamomlagan, mutaxassisligi huquqshunos, yuridik fanlari doktori. Ilk mehnat faoliyatni 2010-yilda Toshkent davlat yuridik insituti aspiranti lavozimida boshlagan. 2010—2013-yillarda shu institutning „Xalqaro xususiy huquq“ kafedrasi o‘qituvchisi, katta o‘qituvchisi, 2013—2017-yillarda Toshkent davlat yuridik universitetining „Xalqaro tijorat huquqi“ kafedrasi mudiri, 2017-yilda universitetning „Biznes huquqi“ kafedrasi mudiri, 2017—2018-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi „Fuqarolik jamiyati institutlari boshqaruvi“ kafedrasi mudiri, 2018—2019-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Xalqaro va xorijiy tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasining manfaatlarini huquqiy himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i, 2019—2022-yillarda Toshkent davlat yuridik universitetining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori vazifasida faoliyat olib borgan. 2022-yildan 2025-yilga qadar Toshkent davlat yuridik universiteti rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchi bo‘lgan.
Ilmiy faoliyati Islambek Rustambekov xalqaro xususiy huquq, xalqaro investitsiya huquqi, xalqaro fuqarolik protsessi, xalqaro tijorat va investitsiya arbitraji, yarashuv protseduralari, mediatsiya, chet el sudlari qarorlari va arbitraj qarorlarini tan olish va ijro etish masalalari boʻyicha ilmiy-tadqiqiy faoliyat olib boradi. 2011-yilda „Oʻzbekistonda domen nomlarini huquqiy tartibga solish“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini, 2017-yilda „Internet tarmogʻida fuqarolik-huquqiy munosabatlarni tartibga solish“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 100 dan ziyod ilmiy nashrlar muallifi ( maqolalar, monografiyalar, darsliklar va oʻquv qoʻllanmalari).
Islambek Rustambekov Investitsiya nizolarini hal etish xalqaro markazi (ICSID) hakamlar hay’ati a’zosi. Shuningdek, Toshkent xalqaro arbitraj markazi (TIAC), Gonkong xalqaro arbitraj markazi (HKIAC), Kuala-Lumpurdagi Osiyo xalqaro arbitraj markazi (AIAC), Delosdagi mustaqil arbitraj instituti, Ukraina arbitraj uyushmasi (UAA), Anqaradagi Energetika nizolari arbitraj markazi (EDAC) va Butunjahon intellektual mulk tashkilotining (WIPO) arbitraj va vositachilik markazi hakamlar ro‘yxatiga, Buyuk Britaniya Qirollik hakamlar institutining a’zolari ro‘yxatiga kiritilgan.
Manbalar
Turkum:Oʻzbekistondagi oliy oʻquv yurtlari rektorlari Turkum:Oʻzbekiston huquqshunoslari Turkum:Yuridik fanlari doktorlari Turkum:Oʻzbekiston professorlari