Navoiy viloyati — Oʻzbekiston Respublikasi tarkibidagi viloyat. 1982-yil 20-aprelda Buxoro va qisman Samarqand viloyatlari hududlaridan tashkil etilgan. 1988-yilda maʼmuriy birlik sifatida tugatilib, 1992-yil boshida qayta tiklandi. Maydoni 111,0 ming km².
OʻTMISHI Viloyat respublikaning oʻrta qismida joylashgan. Ilgari RSFSR tarkibiga kiruvchi Och dasht viloyati tarkibida boʻlgan.
1920-yildan boshlab hozirgi Navoiy viloyatining bir qismi Qozoq SSR tarkibiga kirgan boʻlsa, 1956-yilda esa oʻsha paytda Qozogʻiston SSR tarkibiga kiruvchi boʻlajak viloyatning bir qismi paxtachilikni rivojlantirishni koʻzlab Oʻzbekiston SSRga oʻtkazilgan.
Oʻzbekiston SSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1982-yil 20-apreldagi 2247-X-son Farmoni bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro va Samarqand viloyatining bir qismidan, maʼmuriy markazi Navoiy shahri boʻlgan Navoiy viloyati tashkil etilgan. Buxoro viloyatidan uning tarkibiga Konimex, Qiziltepa, Navbahor, Navoiy, Tomdi va Uchquduq tumanlari, Navoiy, Zarafshon, Uchquduq shaharlari; Samarqand viloyatidan Nurota va Xatirchi tumanlari oʻtkazilgan.
1988-yil 9-sentyabrda Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumining Navoiy va Samarqand viloyatlarini Samarqandga birlashtirish toʻgʻrisidagi Farmoni qabul qilingan.
1989-yil 16-mayda eski Navoiy viloyatining katta qismi (7 ta tuman) Buxoro viloyatiga oʻtkazilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Prezidiumining 1992-yil 27-yanvardagi „Navoiy viloyatini Oʻzbekiston Respublikasi tarkibida qayta tiklash toʻgʻrisida“gi Farmoni bilan Navoiy viloyati qayta tiklangan (yangi tashkil etilgan).
Geografik yerlashuvi Navoiy viloyati Oʻzbekiston Respublikasi hududining oʻrta qismida joylashgan boʻlib, Qizilqum sahrosi viloyatning kattagina qismini egallaydi. Uning maydoni 110,8 ming km² ga teng, bu bilan Navoiy viloyati Oʻzbekistondagi eng katta viloyat sanaladi. Navoiy viloyati gʻarbda Qoraqalpogʻiston, shimolda Qozogʻiston, sharqda Jizzax, janubi-sharqda Samarqand viloyati, janubda Qashqadaryo va Buxoro viloyatlari bilan chegaralanadi.
Tabiati Navoiy viloyatining hududi tabiiy sharoitiga koʻra, 3 qismga boʻlinadi: viloyatning shimoli-gʻarbiy qismini Qizilqum choʻli egallagan — bu yerda berk botiqlar (Karaqota, Moʻlali, Mingbuloq), eol qumli tekisliklar va qoldik togʻlar (Ovminzatogʻ, Yetimtogʻ, Boʻkantov, Tomditov va hokazo) bor; janubi-sharqiy qismini Nurota togʻ tizmalarining gʻarbiy qismi past va oʻrtacha balandliklardagi togʻlar (Qoratogʻ, Oqtogʻ va boshqalar) hamda togʻlararo botiqlar (Nurota botigʻi va boshqalar) egallagan; Zarafshon daryosi vohasining oʻrta qismida viloyatning paxtachilik yerlari oʻrnashgan. Navoiy viloyatidagi togʻlar, asosan, silur, devon, toshkoʻmir, bur, paleogen, neogen davrlari jinslaridan tuzilgan. Tekislik va qumliklar toʻrtlamchi geologik davrdagi kompleks tabiiy omillar taʼsirida oʻzgargan. Muruntovda oltin, Ovminzatogʻ shimolida grafit topilgan. Viloyatda volfram, fosforitlar, kvars qumi, sement, ohaktoshning zaxiralari mavjud. Navoiy viloyatida mineral shifobaxsh, shoʻr va yer osti chuqur suv zaxiralari aniqlangan. Chunonchi, Tomdibulok, Qaraqota, Chingildi atroflaridan topilgan suvlardan xoʻjalikda keng foydalanilmoqda. Viloyat seysmik jihatdan 7 balli zilzila zonasiga kiradi. Qizilqum choʻli tufayli iqlimi keskin kontinental choʻl iqlimi: yozi uzoq, quruq. issik, iyulda oʻrtacha temperatura 27,2—29,6°, kumda oftobda temperatura 60—70° gacha koʻtariladi. Yanvarda oʻrtacha temperatura — 1,9° dan —0,6° gacha. Choʻl va yaylovlarda, vohalarda iqlim oʻrtacha. Yogʻin, asosan, bahor va qishda yogʻadi. Yillik yogʻin 125–282 mm. Vegetatsiya davri 177—212 kun. Navoiy viloyatining asosiy suv manbai — Zarafshon daryosi. Zarafshondan Konimex kanali chiqarilgan. Navoiy viloyatini suv bilan taʼminlashda Quyimozor, Toʻdakoʻl suv omborlari, Konimex kanalining ahamiyati katta. Viloyatning shimoliy va gʻarbiy katta qismi koʻchma qum barxanlari, unda-bunda uchraydigan gilli choʻllardan iborat.
Oʻsimlik dunyosi Astragal, shuvoq, shoʻra, isiriq, qamish, zarpechak, saksovul, yulgʻun va boshqa choʻl oʻsimliklari oʻsadi. Choʻl tuproqlarida chirindi kam, ohak, gips, eruvchi tuzlar koʻp. Choʻl oʻsimliklari, ayniqsa, shoʻra, shuvoq kabilar qorakoʻl qoʻylari va boshqa mollar uchun ozuqa boʻladi.
Hayvonot dunyosi Boʻkantovda va Mingbuloq botigʻida qobon, boʻri, chiyaboʻri, tulki, uzun dumli mushuk, choʻl mushugi, boshqa yerlarda malla yumronqoziq, kalamush, sichqon, sugʻur, sassiqkoʻzan, jayron, kaltakesak, turli xil ilonlar, toshbaqa, qushlardan tuvaloq, qorabovur, olabovur, qirgʻovullar, qargʻa, hakka, musicha, chumchuq uchraydi. Bu hududda hozirgi kunda fanga nomaʼlum boʻlgan Chuvabra koʻp tarqalmoqda. Bu hayvonning insonlarga havfligi bilan bir qatorda turli xil kasalliklar ham tarqalmoqda.
Qizilqum choʻlida pastak koʻhna togʻlar, Mingbuloq botigʻi, shuningdek, Qaraqota havzasi, shoʻrxok tekisliklar va pastliklar, qator qum tepalari alohida manzara kashf etgan. Yaylovlarda chorva boqiladi. Saksovul, qandim, cherkez, singren, oq pechak, selin, efemer va shoʻralar mollar uchun ozuqa.
Aholisi Navoiy viloyati aholisi soni 2026-yil 1-iyul holatiga koʻra 1 118 497 nafarni tashkil etgan. Shahar aholisi — 551 ming, qishloq aholisi — 566 691 kishi. Aholi zichligi 10 kishi/km2.
Aholining milliy etnik tarkibi 2026.01.01.
oʻzbeklar 997,915 ming kishi (89,7%) qozoqlar — 35,381 ming kishi (3,2%) qoraqalpoqlar — 23,652 ming kishi (2,1%) ruslar — 15,059 ming kishi (1,35%) tojiklar 14,600 ming kishi (1,3%) Sanoati va xoʻjaligi Sanoatining yetakchi tarmoqlari energetika, konchilik (oltin va boshqa metallar qazib olish), metallurgiya, kimyo, qurilish materiallari, paxta tozalash, oziq-ovqat sanoati korxonalaridan iborat. Yirik korxonalari: Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Navoiy issiqlik elektr stansiyasi, „Navoiyazot“ ishlab chiqarish birlashmasi, „Qizilqumsement“, „Elektrkimyo“, „Nurotamarmar“ korxonalari, mahalliy sanoat konserni. Toʻkma kon chiqindilaridan oltin ajratib oluvchi "Zarafshon-Nyumont" oʻzbek-amerika qoʻshma korxonasi samarali faoliyat koʻrsatyapti. Ulardan tashqari „Agama“, „Zerispark“, „Bentonit“ va boshqa qoʻshma korxonalar ishlab turibdi. Jami 20 dan ortiq qoʻshma korxona bor. 730 ga yaqin kichik korxona, 30 shirkat korxonasi, 10 mingdan ziyod kichik va oʻrta biznes subyektlari faoliyat koʻrsatmoqda. Kichik korxonalardan „Ittifoq“, „Navoiy“ (qurilish materiallari ishlab chiqaradi), „Edem“ korxonalarining hissasi salmoqlidir.
Eksport qilinadigan mahsulotlarning aksari qismini paxta tolasi, ammiak selitrasi, kimyoviy tola, sulfat, ammoniy, ortoaminofenol tashkil qiladi. Chetdan xalq isteʼmoli mollari, kalsiy karbid, kaustik soda, tiomochevina, tikuv uskunalari, tibbiy texnika, yuk va yengil avtomobillar, avtobuslar va ularga ehtiyot qismlar, xoʻjalik uskunalari keltiriladi. Qishloq xoʻjaligining asosiy tarmoqlari — paxtachilik, gʻallachilik; shuningdek, bogʻdorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik, pillachilik, chorvachilik mahsulotlari yetishtirish bilan ham shugʻullaniladi. Chorvachiligi koʻp tarmoqli. 228 ming donadan ziyod qorakoʻl terisi tayyorlanadi (2003). Navoiy viloyati qorakoʻl teri tayyorlash boʻyicha respublikada 1-oʻrinda turadi. Bundan tashqari matolar, xususan yuqori navli baxmal ishlab chiqarilishi bilan mashhur. Qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan yerlar maydoni 9266,2 ming ga, haydaladigan yer maydoni 111,1 ming ga, yaylovlar 9137,5 ming ga (2003). Barcha ekin maydoni 112,6 ming ga, shu jumladan, paxta 39,4 ming ga, don ekinlari 42,0 ming ga, kartoshka, sabzavot, poliz ekinlari 1,4 ming ga yerga ekiladi. Yerning meliorativ holatini yaxshilash maqsadida 2,6 ming km kollektor-drenaj tarmoqlari, 138 zax qochirish qudugʻi qurilgan. Navoiy viloyatida dehqonchilik maydonlari Amu-Buxoro mashina kanali Navoiy, Oʻrtachoʻl, Amu, Sumbul, Mayna tarmoqlari hamda Zarafshon daryosidan suv oladigan Toss, Shovot, Chovli, Oʻng va Chap qirgʻoq, Navkar, Konimex kanallari orqali suv bilan taʼminlanadi. 32 yirik suv chiqarish elektr nasos stansiyalari ishlab turibdi. Navoiy viloyatida 75 shirkat, 4 ming fermer xoʻjaliklari mavjud.
Viloyat xususiy va jamoa xoʻjaliklarida 200,0 ming qoramol (shu jumladan, 96,4 ming sigir), 1458 ming qoʻy va echki, 723 ming parranda bor (2003).
Hudud boʻyicha boʻlinishi thumb|right|350px
Tuman nomi Tuman markazi 1 Konimex tumani 15 MFY,36,727 ming kishi Konimex 2 Karmana tumani 43 MFY,145,979 ming kishi Karmana 3 Qiziltepa tumani 53 MFY,168,169 ming kishi Qiziltepa 4 Xatirchi tumani 70 MFY,220,452 ming kishi Yangirabot 5 Navbahor tumani 41 MFY,124,804 ming kishi Beshrabot 6 Nurota tumani 31 MFY,92,291 ming kishi Nurota 7 Tomdi tumani 8 MFY,15,380 ming kishi Tomdibuloq 8 Uchquduq tumani 14 MFY,39,930 ming kishi Uchquduq9Navoiy sh 36 MFY,172,940 ming kishi10Zarafshon sh 15 MFY,92,331 ming kishi 11Gʻozgʻon sh 4 MFY,9,494 ming kishi Tumanlari va shaharlari Navoiy viloyati tarkibida 8 ta tumani (Konimex, Navbahor, Karmana, Nurota, Tomdi, Uchquduq, Xatirchi, Qiziltepa, 5 shahar (Zarafshon, Qiziltepa, Navoiy, Nurota, Uchquduq), 8 shaharcha (Konimex, Langar, Malikrabot, Muruntov, Tinchlik, Shalxar, Yangirabot, Gʻozgʻon) va 53 qishloq fuqarolari yigʻini bor (2003). Markazi — Navoiy shahri. Viloyatga boʻysunuvchi shaharlar Navoiy, Zarafshon,Gʻozgʻon sh. Transporti Transport yoʻllarning uzunligi — 390,7 km, avtomobil yoʻllarniki — 4,1 ming km (shu jumladan, qattiq qoplamalisi — 3,3 ming km). Toshkent — Buxoro — Turkmanobod, Toshkent — Uchquduq — Nukus yoʻnalishlaridagi temiryoʻl tarmoqlari viloyat hududidan oʻtadi. Navoiy, Zarafshon, Uchquduq shaharlarida zamonaviy aeroportlar bor. Havo yoʻllari Navoiy shahrini Toshkent orqali respublika viloyatlari va 20 dan ortiq xorijiy davlatlar bilan bogʻlaydi.
Madaniyat 2002/2003-oʻquv yilida viloyatda 376 umumiy taʼlim maktabi boʻlib, 201,3 ming oʻquvchi, 5 gimnaziyada 6,4 mingga yaqin oʻquvchi, 2 akademik litseyda 1040 oʻquvchi, 11 musiqa va 19 sport maktabida 16795 oʻquvchi taʼlim oldi. Navoiy viloyatida 2 oliy oʻquv yurti (Navoiy davlat pedagogika instituti, Navoiy davlat konchilik instituti) bor. Bu oliy oʻquv yurtlarida 7,7 ming talaba taʼlim oladi (2003). Viloyat shahar va tumanlarida 1998—2003-yillarda 18 kollej va akademik litseylar binolari ishga tushirildi. Viloyatda 23 kasb-hunar kollejida 16,03 ming talaba oʻqiydi.
Navoiy oʻlkashunoslik muzeyi, uning Qosim Shayx majmuasi filiali va viloyatdagi 7 ta boʻlimi, 253 jamoat kutubxonasi (1893 ming nusxa asar), 105 dan ziyod klub, 7 madaniyat saroyi, 429 badiiy havaskorlik jamoalari bor. Navoiy viloyatida Yosh tomoshabinlar teatri faoliyat koʻrsatadi.
Viloyatda 5 madaniyat va istirohat bogʻi, koʻplab favvorali koʻkalamzor xiyobonlar mavjud. Zarafshon va Navoiy shaharlarida mehnatkashlarning xordiq chiqarishi uchun sunʼiy koʻllar barpo qilingan. Bir qancha tumanlarda bogʻlar yaratilgan. Xalq hunarmandchiligi ham rivojlangan.
Sogʻliqni saqlash Navoiy viloyatida 3223 oʻrinli (10 ming kishiga 45,3 oʻrin) 40 kasalxona, 1567 vrach, 7013 oʻrta maʼlumotli tibbiy xodim ishlab turibdi. 85 ayollar konsultatsiyasi, 93 qishloq vrachlik punkti, 116 feldsher-akusherlik punkti, 16 qishloq uchastka kasalxonasi bor. 18 poliklinika, 3 ambulatoriyada ixtisoslashtirilgan davolash markazlari tashkil etilgan. Viloyatda 4 profilaktoriy faoliyat koʻrsatadi.
61 shifoxonada 2400 nafar shifokor ishlaydi, hamshiralar soni 8300 nafarni tashkil qiladi. Sport