Amir al-Maridaniy masjidi, shuningdek, Amir Altinbugʻa al-Maridaniy masjidi deb ham ataladi, Misrning Islomiy Qohira hududidagi Darb al-Ahmar mahallasi Bob Zuveyla janubida joylashgan masjid. 1340-yilda Mamluklar davlati davrida bunyod etilgan. Masjidni Amir Altinbugʻa al-Maridaniy qurdirgan boʻlib, qurilish ishlarini sulton An-Nosir Muhammad tomonidan sezilarli darajada qoʻllab-quvvatlangan.
Masjidning qurilish rejasi gipostil shaklda boʻlib, An-Nosir masjidiga oʻxshaydi. Tshqi devorlari esa anʼanaviy Mamluk me’morchiligi uslubida bezatilgan. Qurib bitkazilgan paytda masjid Qohiradagi eng hashamatli bezatilgan masjidlardan biri boʻlgan. Masjid shahardagi birinchi toʻliq sakkizburchak shaklidagi minorasi, yirik gumbazi hamda boshqa meʼmoriy yangiliklari bilan ajralib turgan. Masjidning tarixi va hashamat darajasi bevosita al-Maridaniyning shaxsiy hayoti va mavqei bilan bogʻliq boʻlib, bino uning qaynisi, sultonning homiyligi, shuningdek, al-Maridaniyning oʻz boyligidan qilgan katta xayriya mablagʻlari hisobiga qurilgan.
Tarixi Altinbugʻa al-Maridaniy Al-Maridaniy ilk bor sulton An-Nosir Muhammadning qadahdori (ichimliklar boʻyicha xizmatkori) sifatida eʼtiborga tushgan. U bu lavozimga noodatiy tarzda, atigi 16 yoshida tayinlangan. Sulton al-Maridaniyga doimiy ravishda eʼtibor berib, qizini unga turmushga bergan va shu tariqa al-Maridaniy uning kuyoviga aylangan. Shuningdek, u al-Maridaniyni Qohira harbiy boʻlinma boshligʻi lavozimiga tayinlagan, unga „amir minglik“ unvonini bergan. An-Nosir Muhammadning vafotidan soʻng, al-Maridaniyning faoliyati qisqa muddat hukmronlik qilgan al-Mansur Abu Bakr davrida qiyinchiliklarga duch kelgan, biroq keyinchalik al-Ashraf Kujuk va As-Solih Ismoil hukmronligi davrida yana muvaffaqiyat qozongan. Altinbugʻa al-Maridaniy 1343-yilda Halab hokimi lavozimida xizmat qilgan vaqtida vafot etgan.
Qurilishi Masjid qurilishi uchun tanlangan joy dastlab Qohira chetidagi qabriston boʻlib, hozirgi kunda bu joy al-Darb al-Ahmar nomi bilan mashhur. Al-Maridaniy davriga kelib, bu hududda shaharsozlik rivojlangan, odamlar bu yerda uylar qurishni boshlagan. Hijriy 738-yilda al-Maridaniy boʻlajak masjid quriladigan joydagi uylarni yarim narxida sotib olib, ularni buzdirgan va qurilish uchun maydon hozirlagan.
Masjidning qurilish sanalari binoda topilgan uch yozuvda qayd etilgan. Masjidning gʻarbiy kirish qismidagi yozuv uning asos solingan yili hijriy 739-yil boʻlganligini koʻrsatadi, shimoliy kirishdagi ikki yozuv va minoradagi boshqa yozuvlar esa masjidning qurilish ishlari hijriy 740-yilning Ramazon oyida yakunlanganini bildiradi. Shu paytda ogʻir kasal boʻlgan al-Maridaniyni qurilish ishlari uchun sezilarli mablagʻ ajratishga undashgan. An-Nosir Muhammad kuyoviga mehribonlik qilib, loyihada ishlash uchun bosh usta (al-mu’allim) as-Suyufiyni qurilish ishlari uchun yordamga yuborgan, shuningdek, yogʻoch va marmar yetkazib berish boʻyicha yordam koʻrsatgan.
Restavratsiya
Masjid 1895–1903-yillarda Arab sanʼati yodgorliklarini muhofaza qilish qoʻmitasi tomonidan restavratsiya qilingan. Shundan keyin masjid eʼtiborsiz qoldirildi va asta-sekin buzilib bordi. Qohiradagi choʻl muhitidan keladigan chang, kir hamda shaharning ifloslanishi bilan birga masjid atrofdagi mahallaning oqava suvlaridan, suv sathining koʻtarilishidan kelib chiqqan namlik va suv zararidan ham aziyat chekdi. Namozxona, ayniqsa, yomon holatda edi. Devorlarda yoriqlar paydo boʻlgan va marmar panel bezaklari zaiflashgan edi. 2007–2010-yillar orasida minbar bezaklarini tashkil etuvchi yogʻoch inshootlar talon-toroj qilingan.
2018-yilda Misr hukumati va Aga Khan Development Network tarkibiga kiruvchi Aga Khan Cultural Services-Egypt bilan hamkorlikda katta restavratsiya va binoni tiklash loyihasi boshlandi. Bu ishlar 2020-yilgacha davom etishi rejalashtirildi. Loyiha, asosan, namozxonani restavratsiya qilishga qaratilgan boʻlib, masjidni Darb al-Ahmar tumanidagi turistik yoʻnalishga integratsiya qilish maqsad qilingan edi. Loyihaning dastlabki taxminiy qiymati 30 million Misr funti boʻlib, ushbu mablagʻni moliyalashtirishni Yevropa Ittifoqi amalga oshirgan.
Loyihaning birinchi bosqichi, jumladan, namozxona va masjidning sharqiy qismlarini tiklash 2021-yil iyun oyida yakunlandi. Ikkinchi bosqich 2022-yilda boshlandi. Masjid 2024-yil 28-mayda rasmiy marosim oʻtkazilib, qayta ochildi.
Galereya
Yana qarnag Misrdagi masjidlar roʻyxati Misrda islom
Manbalar
Adabiyotlar
Havolalar
Turkum:14-asr Misrdagi masjidlar Turkum:1340-yilda qurib bitkazilgan binolar va inshootlar Turkum:Qohirada Mamluk meʼmorchiligi Turkum:Misrdagi Mamluk masjidlari Turkum:1340-yillarda qurib bitkazilgan masjidlar Turkum:Qohiradagi masjidlar Turkum:Misrdagi gumbazli masjidlar Turkum:Misrdagi minorali masjidlar