Elaru Mevhibe Kadın ( – „isteʼdod“ yoki „sovgʻa“; 1835-yil 6-avgustda tugʻilgan – 1936-yil 21-fevralda vafot etgan) – Usmoniylar imperiyasi sultoni Murod V ning birinchi xotini, Usmoniylar imperiyasining bosh kadın (xotin)i.
Yoshligi Mevhibe Kadın 1835-yil 6-avgustda Gruziyaning Tbilisi shahrida tugʻilgan. Otasi – Tarkanişvili Ahmad bey. 1839/1840-yillarda Gurjiy Hayraddin posho oʻsha paytdagi Trabzon eyaleti hokimi sifatida uni saroy haramiga taqdim etgan. Bu yerda Usmoniylar saroyi odatiga koʻra uning ismi Elâru deya oʻzgartirilgan. U Usmoniylar saroyiga juda yoshligida olib kelingan va Murod V ning otasi sulton Abdulmajid I ning qizlari orasida ulgʻaygan.
Qrim urushi davrida haram ayollari Qurʼon tilovat qilardi. Elâru ham unda ishtirok etardi. U, shuningdek, shahzoda Murod uchun Shevkefza xotun tomonidan tashkil etilgan musiqiy tomoshaning ham bir qismida ishtirok etgan. Bu tomoshada jami sakkiz nafar qiz ishtirok etgan. Biroq oʻsha davrda Murodning musiqa sanʼatiga qiziqishi uncha kuchli emas edi.
Nikohi Elâru sulton Abdulmajid I hukmronligi davrida Murod hali shahzoda boʻlgan chogʻda, 1857-yil 2-yanvarda Dolmabahçe saroyida turmushga chiqqan. Oʻshanda Elâru 22 yoshda, Murod esa 17 yoshda edi. Biroq Elârudan zirriyod qolmagan. Abdulmajid 1861-yilda vafot etganidan soʻng, uning ukasi Abdulaziz taxtga chiqdi. Shundan soʻng Murod valiahd shahzoda boʻldi. Elâru va Murod Abdulaziz tomonidan unga ajratilgan Kurbağalıderedagi qasrda yashashdi. Qish fasllarini Dolmabahçe saroyidagi valiahdlar uchun moʻljallangan apartamentlarda va Nisbetiye qasrida oʻtkazishar edi. 1875-yilda Murod uning ismini Mevhibe deya oʻzgartirgan.
1876-yil 30-mayda Sulton Abdulaziz taxtdan agʻdarilib, Murod taxtga chiqqandan soʻng, Elâruga „Katta Kadın“ unvoni berildi. Murod V ning eng yosh xotini Filizten xonim farzandsiz xotinga bunday unvon berilishi juda gʻayrioddiy deb hisoblardi. Aslida koʻplab bosh xotinlar farzandsiz boʻlsalar ham bu mavqeni egallashgan edi. Murodning otasi Abdulmajid I ning bosh xotini Servetseza Kadın ham shular jumlasidandir. Filizten shunchaki Usmoniylar harami odatlarini yetarlicha yaxshi bilmagan boʻlishi mumkin.
Mevhibe baland boʻyli, koʻzlarining rangi och jigarrang deya taʼriflanadi. U nihoyatda goʻzal ayol edi. Beqiyos nozik qora qoshlarining ostida miltillovchi surma tortilgan qora koʻzlari uning soʻzlaganida mayin pushti rangda tovlanadigan, oqarib turgan yuziga betakror sehr bagʻishlardi. U juda aqlli va ziyrak edi. Mevhibe bilan uchrashgan yoki suhbatlashgan har qanday odam uning sehrli jozibasiga maftun boʻlmay iloj topolmasdi.
Mevhibe 93 kun davomida bosh kadın boʻlgan. U Usmoniylar tarixidagi eng qisqa muddatda ushbu unvonga ega voʻlgan ayol sanaladi. 3 oy hukmronlik qilgach, sulton Murod 1876-yil 30-avgustda ruhiy beqarorligi sababli taxtdan agʻdarilib, Çırağan saroyiga qamab qoʻyildi. Mevhibe ham Murodning ortidan ergashdi. Qamoqdagi butun davr davomida u eriga butunlay sodiq qoldi. Qariyb 20 yillik saroy qamogʻi davomida Mevhibe oʻzini yuksak qadr-qimmat sohibi sifatida tutdi, hech qachon taslim boʻlmadi. Tashqi dunyo bilan aloqalarni yuritish aynan uning zimmasida edi. U muntazam ravishda Sulton Abdulhamid II ga xatlar yozib turar, baʼzan biror mayda narsa soʻrar, tamaki yoki ekzotik mevalar kabi kichik neʼmatlar yuborilganda minnatdorchilik bildirishni aslo unutmasdi. Uning xonadonlari saroyning Istanbul tomonida joylashgan edi. Baʼzan Murod uning xonadoniga koʻchib oʻtardi. Mevhibe kiyim tikishda ham usta boʻlib, uni haqiqiy mohir tikuvchi deb hisoblanishi mumkin edi. Bir necha marta u hatto Murodning oʻzi uchun ham kiyimlar tikkan. Shevkefza xotun 1889-yilda vafot etgach, haram ustidan hokimiyat Mevhibega oʻtdi. Murod Mevhibeni bu lavozimga bir umrga tayinlagan edi.
1904-yilda Murod vafot etganidan keyin Mevhibe beva qoldi. Shundan soʻng uning Çırağan saroyidagi iztiroblari nihoyasiga yetdi. Oʻzining ota bir ukasi Murodning oʻlimi haqida Abdulhamid II ga xabar yoʻllagan ham aynan Mevhibe edi. Uning vafotidan soʻng Mevhibe sulton Abdulhamid II ga yoʻllagan xabarida Abdulhamidning himoyasi, rahmati va mehr-muruvvati tufayli 28 yil davomida kecha-yu kunduz shifokorlar tekshiruviga qaramay, eri tabiiy oʻlim bilan vafot etganini bayon qilgan.
Keyingi yillari va vafoti Murodning oʻlimidan keyin Mevhibe Tarlabaşı saroyiga joylashdi. Bu saroy ilgari sulton Abdulhamid II ning toʻngʻich qizi Zekiye Sultonga tegishli boʻlgan. 1908-yilda Ikkinchi konstitutsiya eʼlon qilingach, u Shishlida uy sotib oldi. U yerda deyarli tashqariga chiqmay, yakkalanib hayot kechirdi. Britaniyaliklar Istanbulni ishgʻol qilganidan keyin esa uyidan chiqmaslikka qaror qildi va soʻnggi yillarini bogʻni parvarish qilish bilan oʻtkazdi. 1924-yilda Usmoniylar sulolasi aʼzolari mamlakatdan surgun qilindi, biroq sulolaning qondosh aʼzosi boʻlmagan Mevhibega Istanbulda qolishga ruxsat berildi. Mevhibe Kadın 1936-yil 21-fevralda vafot etgan va Ortaköydagi qabristonga dafn qilingan. Vafoti chogʻida u 100 yoshda boʻlib, Usmoniylar sulolasi tarixidagi eng uzoq umr koʻrgan aʼzo edi.
Yana qarang
Usmoniylar sultonlarining xotinlari roʻyxati
Kadın (unvon) Usmoniylar imperiyasi harami
Manbalar
Adabiyotlar
Turkum:1835-yilda tugʻilganlar Turkum:1936-yilda vafot etganlar Turkum:19-asr Usmoniylar imperiyasi sultonlarining rafiqalari