Charles Oliveira da Silva (1989-yil 17-oktyabrda tug‘ilgan) — braziliyalik professional aralash yakkakurash (MMA) jangchisi va Braziliya jiu-jitsusi bo‘yicha to‘rtinchi darajali qora kamar sohibi. Hozirda u Ultimate Fighting Championship (UFC) tashkilotining yengil vazn toifasida ishtirok etadi. U sobiq UFC yengil vazn chempioni hamda hozirgi ramziy UFC “BMF” unvoni sohibi hisoblanadi. 2026-yil 27-yanvar holatiga ko‘ra, u UFC yengil vazn reytingida 3-o‘rinni egallab turibdi.

Oliveira yoshligidan Braziliya jiu-jitsusi bilan shug‘ullanishni boshlagan va ushbu sport turida bir nechta chempionlik unvonlarini qo‘lga kiritgan. Keyinchalik u 2007-yilda professional MMA faoliyatiga o‘tgan. Oliveira UFC tarixida bir nechta rekordlarga ega. Jumladan, u tashkilot tarixida eng ko‘p taslim qilish usuli bilan g‘alaba (17 ta), eng ko‘p muddatidan oldin yakunlangan g‘alabalar (21 ta) va eng ko‘p bonus mukofotlari (21 ta) rekordlariga ega.

Ilk hayoti Kamtarona sharoitda tug‘ilgan Oliveira 1989-yil 17-oktyabrda Braziliyaning San-Paulu shtatidagi Guarujá shahrining favela hududi bo‘lgan Visente de Karvalyoda tug‘ilgan. U 7 yoshida yurak shovqini (heart murmur) va revmatik isitma (rheumatic fever) kasalliklari bilan kasallanganligi aniqlangan va shifokorlar unga sport bilan shug‘ullanish mumkin emasligini aytishgan. Biroq uning ota-onasi bu tavsiyaga qat’iy amal qilmay, vaqt o‘tishi bilan sog‘lig‘i yaxshilanishiga ishongan holda unga sport bilan shug‘ullanishga ruxsat berishgan. 12 yoshida qo‘shnisi uni braziliya jiu-jitsusi mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan zalga olib borgan. U yerda murabbiy Roger Koelyo kam ta’minlangan insonlar uchun bepul mashg‘ulotlar o‘tkazgan. Oliveiraning oilasi uning kelajakdagi mashg‘ulotlarini moliyalashtirish uchun ko‘chada gazaklar sotish va tashlab yuborilgan kartonlarni yig‘ib sotish orqali yordam bergan. Shundan so‘ng u jiu-jitsu bilan shug‘ullanishni boshlaganidan atigi ikki oy o‘tib San-Paulu shtati chempioni bo‘lishga muvaffaq bo‘lgan.

Braziliya jiu-jitsusidagi faoliyati 2004-yilda Oliveira San-Paulu shtat chempionatida ikkinchi marta g‘olib bo‘ldi. 2005-yilda u Copa Nação Jiu-Jitsu musobaqasida g‘alaba qozondi, 2006-yilda esa jami 16 ta medalni qo‘lga kiritdi. 2007-yilda u ko‘k belbog‘ sohibi sifatida ikki karra CBJJE jahon chempioni bo‘ldi. Keyingi yili binafsha belbog‘ bilan kumush medalni qo‘lga kiritdi hamda 2008-yilda CBJJE Janubiy Amerika chempioni bo‘ldi. Oliveira jigarrang belbog‘ darajasigacha bo‘lgan barcha belbog‘larini murabbiy Koelyodan olgan.

2007-yilga kelib u o‘z faoliyatini asosan MMAga yo‘naltira boshladi. 2010-yilda Oliveira braziliya jiu-jitsusi bo‘yicha qora belbog‘ni Erikson Kardozu hamda Xorxe "Makako" Patino qo‘l ostida qo‘lga kiritdi.

2020-yil yanvar oyida Oliveira SFT 20 MMA musobaqasida Demian Maia jiu-jitsu jamoasidan bo‘lgan Lukas Barrosga qarshi grappling superfightida ishtirok etdi. Oliveira va Barros qafas ichida jiu-jitsu gi kiygan holda IBJJF qoidalari asosida jang qilishdi. Natijada Charlz hakamlar qarori bilan g‘alaba qozondi.

Oliveira 2023-yil 6-avgust kuni Gold Talents BJJ 2 turnirining asosiy jangida Krishtianu Souza bilan bahs olib borishi rejalashtirilgan edi.

UFC faxriysi Renan Barão 2023-yil iyul oyida kelajakda o‘tkaziladigan BJJ Stars turnirlaridan birida Oliveira bilan grappling jangini o‘tkazish rejalashtirilganini ham e’lon qilgan.

Jang uslubi Oliveiraning jang uslubi yuqori bosimga asoslangan Muaytay zarba texnikalarini UFC tarixidagi eng xavfli taslim qilish (submission) uslublaridan biri bilan uyg‘unlashtiradi. U jang boshlanishi bilanoq tajovuzkor harakatlari bilan tanilgan bo‘lib, ko‘pincha to‘g‘ri zarbalar, tirsak zarbalari va tizza zarbalari orqali raqiblarini ortga suradi. Bunda u faqat zarbalar soniga emas, balki bosim va to‘g‘ri vaqt tanlashga tayanadi.

Uning grappling (ushlab kurashish) mahorati hatto ko‘plab mashhur taslim qilish ustalari orasida ham yuqori darajada baholanadi. Oliveira UFC tarixida eng ko‘p taslim qilish orqali g‘alaba qozongan jangchi hisoblanadi. Uning texnik arsenaliga rear-naked choke, guillotine, triangle kabi bo‘g‘ish usullari hamda boshqa murakkab kombinatsiyalar kiradi. Uni ayniqsa xavfli qiladigan jihat — jang davomida vaziyat o‘zgarishi paytida ham taslim qilish usullarini qo‘llashga tayyorligidir. U bunday usullarni raqib bilan olishuvlar (scramble), nokdaun holatlari yoki tik turib clinchdan ajralish jarayonida ham qo‘llashi mumkin. So‘nggi yillarda u takedown (raqibni yerga yiqitish) usullarini ham yaxshilagan va yuqoridan bosim bilan jang qilishni ko‘rsatgan. Shunga qaramay, u eng xavfli holatda aynan tartibsiz va keskin jang almashinuvlari vaqtida raqibni qo‘lga tushirganda bo‘ladi.

Yana qarang

Manbalar