Hüda Kaya (1960-yil 9-oktyabrda Istanbulda tugʻilgan) — turkiyalik jurnalist, yozuvchi, faol va Xalq demokratik partiyasi (HDP) siyosatchisi. 2015-yil iyundan beri Turkiya parlamenti aʼzosi boʻlib, Istanbul saylov okrugidan vakillik qiladi. Xalqaro musulmon ayollar uyushmasi kabi bir qancha ayollar tashkilotlari harakatlarida faol ishtirok etadi. 2023-yil 1-noyabrda 2014-yilgi Kobani norozilik namoyishlari bilan bogʻliq tergov doirasida hibsga olingan.

Ota-onasi ajrashganidan soʻng, Kaya turk millatchisi boʻlgan otasi va oʻgay onasining qoʻlida voyaga yetgan. Oʻzining biologik onasi bilan 45 yoshida uchrashgan. U islom diniga eʼtiqod qilgan. Keyinchalik kelib chiqishi iroqlik boʻlgan kishiga turmushga chiqqan va ular uch qiz va bir oʻgʻil farzand koʻrishgan. Oradan bir qancha vaqt oʻtgach, Kaya eri bilan ajrashishga qaror qilgan va Istanbuldan Malatya shahriga koʻchib oʻtgan. U yerda Kayaning kichik doʻkoni boʻlgan, shuningdek, mahalliy radio va gazetalar uchun jurnalist sifatida faoliyat yuritgan.

Kaya oʻzining siyosiy faolligi markazida ayolning erkin irodasiga zid deb hisoblagan roʻmol oʻrash taqiqiga qarshi kurash turgan. 1998-yilda u roʻmol oʻrash taqiqiga qarshi norozilikda qatnashgani va yozgan maqolasi uchun aybdor deb topilib, ikki yilga qamoqqa tortilgan. 1998—2003-yillar oraligʻida Kaya bir necha bor qamoqqa olingan va jami uch yil umrini qamoqda oʻtkazgan. Yuridik qiyinchiliklar sabab u Turkiyani tark etib, Pokistonga ketishga qaror qilgan, biroq oradan bir yil oʻtganidan soʻng yana yurtiga qaytib kelgan.

Kurdparast „Özgür Gündem“ gazetasi uchun olib borgan ishlaridan soʻng Hüda Kaya Xalq demokratik partiyasiga (HDP) qoʻshilgan va 2015-yil iyun oyidagi umumiy saylovda Istanbul saylov okrugidan Turkiya parlamenti aʼzosi etib saylangan. U 2015-yil noyabr oyidagi navbatdan tashqari saylovda hamda 2018-yilgi umumiy saylovda mandatini tasdiqlatgan. Turkiyadagi Kassatsiya sudi huzuridagi Davlat prokurori Bekir Şahin 2021-yil 17-mart kuni Konstitutsiyaviy sudga daʼvo arizasi kiritib, Kaya va yana 686 nafar Xalq demokratik partiyasi siyosatchilari uchun siyosiy faoliyat bilan shugʻullanishga besh yillik taqiq qoʻyilishini talab qilgan. Daʼvo, shuningdek, partiyaning PKK bilan tashkiliy aloqalari borligi haqidagi daʼvolar sabab Xalq demokratik partiyasini yopishni soʻrash talabi bilan birga kiritilgan.

Manbalar

Havolalar

Turkum:1960-yilda tugʻilganlar Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:Turkiyalik feminist yozuvchilar Turkum:Turkiya 25-parlamenti a’zolari Turkum:Turkiya 26-parlamenti a’zolari Turkum:Turkiya 27-parlamenti a’zolari Turkum:Istanbul deputatlari Turkum:21-asr turkiyalik ayol siyosatchilar