Adile Sulton (; 1826-yil 23-may — 1899-yil 12-fevral) — Usmoniylar malikasi, devon shoirasi va xayriyachi. Sulton Mahmud II ning qizi, sultonlar Abdulmajid I va Abdulazizning oʻgay singlisi.
Yoshligi Adile Sulton 1826-yil 23-mayda tugʻilgan. Uning otasi Usmoniylar imperiyasi sultoni Mahmud II, onasi esa sultonning toʻrtinchi jufti Zernigâr Kadın edi. 1830-yilda onasi vafot etganidan soʻng toʻrt yoshida otasining birinchi jufti Nevfidan Kadınning qaramogʻiga topshirilgan.
Adile saroyda taʼlim oldi. U Qur’on, arab tili, fors tili, musiqa va xattotlikdan saboq oldi. Xattotlik darslarini davrning mashhur xattoti Ebubekir Mümtaz afandidan oldi. Taʼlimi va nozik tabiatini uygʻunlashtirgan holda sheʼrlar yozishga kirishib, Usmoniylar malikalari orasida yagona shoiraga aylandi.
1839-yilda otasi vafot etgach, 13 yoshida Adileni oʻgay akasi yangi sulton Abdulmajid I uni oʻz homiyligiga oldi.
Nikohi 1845-yilda akasi sulton Abdulmajid uni Damat Mehmet Ali poshoga turmushga berishga qaror qildi. Posho imperiyaning qurol-aslaha omborida maslahatchi boʻlib xizmat qilayotgan edi. Hemşinda tugʻilgan Mehmet Ali Galataning bosh ogʻasi Hoji Umar ogʻaning oʻgʻli boʻlgan. U juda yosh paytida Istanbulga kelib, bolaligini Enderunda oʻtkazgan.
Nikohga tayyorgarlik ishlari 1845-yil 24-martda boshlandi, nikoh shartnomasi esa 27-aprel kuni muqaddas yodgorliklar xonadoni Topkapı saroyida tuzildi. Marosim oʻtkazilgach, seplar Darüssaade Ogʻaga olib kelinib, u yerdan Tophane koʻchasi orqali Çırağan saroyiga eltildi. Toʻy tantanalari keyingi yozgacha kechiktirildi. Juftlikning toʻyi 1845-yil 7-iyunda boshlanib, bir hafta davom etdi. Tantanalarning soʻnggi kuni Adile Defterdarburnuda joylashgan Neşatabad saroyiga olib borildi. Bu saroy ilgari sulton Mustafo III ning qizi Hadicha Sultonga tegishli boʻlgan.
Nikohdan soʻng Mehmet Ali posho flot qoʻmondoni boʻldi va bu lavozimda besh marta xizmat qildi. Soʻngra sulton Abdulmajid davrida qisqa muddat Bosh vazir boʻlib ishladi. Ularning Sultonzoda Ismoil bey ismli bir oʻgʻli va Hayriye Xonimsulton, Sıdıka Xonimsulton hamda Aliye Xonimsulton ismli uch qizi boʻlgan. Mehmed Ali posho 1868-yilda Adilening oʻgay akasi, keyingi sulton Abdulaziz hukmronligi davrida vafot etdi. Ularning yagona tirik qolgan qizi Hayriye 1846-yilda tugʻilgan, biroq otasining vafotidan bir yil oʻtib, 1869-yilda vafot etgan.
1861-yilda Abdülaziz taxtga oʻtirdi. Adile va oʻgay akasi Abdulazizning munosabatlari unchalik ham yaxshi emasdi. Yangi sulton bilan yarashish uchun Adile uni Edadil Kadın bilan tanishtirdi. Sulton Abdulaziz ham uni jufti sifatida qabul qildi. Adile Sulton ularning oʻgʻli Shahzoda Mahmud Jaloliddinning tavalludini nishonlash uchun bir necha asarlar yozgan.
Dindorligi Adile Sulton dindor ayol edi. Taxminan 1845-yilda u shayx Shumnulu Ali afandining muridiga aylandi va Naqshbandiya tasavvuf tariqatiga kirdi. U Neşetabad saroyida shayxlar va darveshlar majlislarini oʻtkazar edi. Bu joy, shuningdek, ehtiyojmandlar oʻz muammolarini malikaga yetkazadigan qabulxona boʻlib ham ham xizmat qilgan.
Xayriya Adile Sultonning Validebağda yozgi uyi va Kandillida Adile Sulton saroyi (Istanbulning Osiyo qismida) boʻlgan. Erining vafotidan keyin Kandillidagi saroyini tark etib, Fındıklidagi sohil saroyiga koʻchib oʻtgan. Adila Sulton saroyini davlatga Usmoniylar imperiyasidagi qizlar uchun ilk oʻrta (yuqori) maktabga aylantirish sharti bilan ehson qilgan. Uning bu istagi 1916-yilga (urushlar sababli) kelib amalga oshgan. Yosh turklar faoli, davlat arbobi va maʼrifatchi Ahmed Rizo Adile Sultan İnas Mekteb-i Sultanisi (Qizlar uchun Adila Sulton imperiya maktabi)ni ochdi. Bugungi kunda ushbu maktab Qizlar uchun Kandilli Onadoʻli litseyi nomi bilan tanilgan. Biroq imperiyadagi qizlar uchun ushbu maktab dastlabki emas, ikkinchi oʻrta maktabga aylandi. Litsey 1969-yilda yangi binoga koʻchdi, Adile Sulton saroyi 1986-yilda elektr qisqa tutashuvi sabab yonib ketdi. Maktab 2006-yilda Sakıp Sabancı Kandilli taʼlim va madaniyat markazi sifatida qayta ochildi.
Sheʼriyat Adile Sulton shoira ham edi. U Fuzuliy, Muhibiy va Shayx Gʻolibga nazira yozgan, ammo tuygʻu va uslub jihatidan uning asarlari unchalik ham ajralib turmagan. Adile zamondoshlari Leyla Saz, Fitnat Xonim va Leyla Gülefşan Xonim kabi muvaffaqiyatli shoira boʻlmagan.
Uning sheʼrlari 1996-yilda „Adile Sulton devoni“da nashr etilgan.
Vafoti Adile Sulton 1899-yil 12-fevralda 73 yoshida vafot etgan. U sulton Mahmudning tirik qolgan soʻnggi farzandi edi. Vafotidan keyin Istanbulning Eyüp tumanida joylashgan erining maqbarasiga dafn etilgan.
Shaxsiyati Adile Sulton shoira, ilmli, tarbiyali va taqvodor ayol boʻlib, muruvvati, ezgu ishlari va xayriya ishlari bilan mashhur edi. Eri vafot etganda unga bagʻishlab goʻzal marsiyalar bitgan. Uning xizmatidagilar hamda unga yaqin kishilar doimo Adile haqida mamnuniyat bilan odobli muomalasini eslab gapirganlar. U, shuningdek, chilim chekishga odatlangan edi.
Mukofotlari Xayriya ordeni, 1879-yil 18-yanvar
Farzandlari Ism Tugʻilgan Vafot etgan Izohlar Hayriye Xonimsulton 1846-yil iyun 1869-yil 26-iyul 1866-yilda İşkodralızâde Ali Rızo beyga turmushga chiqqan. Bir oʻgʻil va ikki qizi boʻlgan, biroq barchasi goʻdakligida vafot etgan. Shodika Xonimsulton nomaʼlum nomaʼlum Goʻdakligida vafot etgan. Sultonzoda Ismoil bey nomaʼlum nomaʼlum Goʻdakligida vafot etgan. Aliye Xonimsulton nomaʼlum nomaʼlum Goʻdakligida vafot etgan.
Yana qarang Adile Sulton saroyi
Manbalar
Adabiyotlar
Havolalar Uning tarjimai holi
Turkum:1826-yilda tugʻilganlar Turkum:1899-yilda vafot etganlar Turkum:19-asr Usmoniylar imperiyasi malikalari