Mariam Shengelia (; 2002-yil 14-mayda tugʻilgan) — gruziyalik xonanda. U Gruziya nomidan „Eurovision–2025“ tanlovida „Freedom“ qoʻshigʻi bilan ishtirok etgan. Shengelia ikkinchi yarim finalda 15-oʻrinni egallagan hamda umumiy hisobda 33-natijani qayd etgan.

Shengelia, shuningdek, Gruziyaning Mix2ura musiqiy guruhi aʼzosi sifatida ham faoliyat yuritgan.

Yoshligi Shengelia 2002-yil 14-mayda Gruziyaning tarixiy Mingrelia hududida tugʻilgan hamda 10 yoshiga qadar Tbilisi shahrida voyaga yetgan. Keyinchalik u oilasi bilan birgalikda mamlakatning gʻarbiy qismidagi Zugdidi shahriga koʻchib oʻtgan. Shengeliada bolalik davridan boshlab qoʻshiq kuylash va sahna faoliyatiga qiziqish shakllangan. U Tbilisi davlat konservatoriyasida tahsil olib, musiqa nazariyasi hamda vokal ijrochiligi yoʻnalishida bilim olgan. Xonandaning dastlabki musiqiy ijod naʼmunalari orasida jaz, pop va soul kabi turli janrlar muhim oʻrin egallagan.

Karyerasi 2018-yilda Shengelia ilk bor Gruziya miqyosida „X Factor Georgia“ musiqiy loyihasining beshinchi va yakuniy mavsumi orqali tanilgan hamda yarim final bosqichiga qadar yetib borgan. Bir yil oʻtib u „Georgian Idol“ tanlovining ikkinchi mavsumida ishtirok etgan. Mazkur loyiha bekor qilingan „Eurovision–2020“ uchun Gruziya vakilini aniqlash maqsadida tashkil etilgan boʻlib, Shengelia unda oltinchi oʻrinni egallagan. Agar tanlov oʻtkazilganida, u Gruziya nomidan saralangan Tornike Kipianining „Take Me as I Am“ qoʻshigʻida orqa fondagi vokal ijrochilaridan biri sifatida qatnashishi mumkin boʻlgan.

2021-yilda Shengelia „The Voice Sakartvelo“ loyihasining toʻrtinchi mavsumida qatnashgan va yarim final bosqichida musobaqani tark etgan. Oradan toʻrt yil oʻtib, u „Dancing with the Stars“ mediaserialining gruzincha talqini hisoblangan „Tsekvaven Varskvlavebi“ dasturida ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan.

2025-yil 14-martda Georgian Public Broadcaster Shengelia ijrosidagi „Freedom“ qoʻshigʻini Basel shahrida oʻtkazilgan „Eurovision–2025“ tanlovida Gruziya vakili sifatida ishtirok etishini eʼlon qilgan. Xonanda ikkinchi yarim finalda 15-oʻrinni egallagan hamda final bosqichiga chiqa olmagan.

Siyosiy qarashlari Shengelia Gruziyada hukmron siyosiy kuch hisoblangan Georgian Dreamni ochiq qoʻllab-quvvatlagani, shuningdek, partiya tomonidan qoʻllab-quvvatlangan reklama roliklari hamda konsert dasturlarida ishtirok etgani uchun tanqid qilingan. Xonanda konsertlardagi ishtiroki orqali oʻzining asosiy gʻoyasi boʻlgan tinchlik targʻibotini yoyishni maqsad qilganini bildirgan.

Ommaviy axborot vositalari xabarlariga koʻra, u dastlab 2023-yilda hukmron partiyaga qarshi namoyishlarda qatnashgan. Shuningdek, Shengelia 2022-yilda Facebook sahifasida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi fonida Irakli Garibashvilining ikkinchi hukumati harakatlari uchun uzr soʻragan mazmundagi postni ham ulashgan.

Diskografiyasi Singllari Nomi Yil Albom yoki Mini-albom Freedom 2025 —

Manbalar

Turkum:Mingreliada tugʻilganlar Turkum:Eurovision ishtirokchilari Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:Gruziyalik pop qoʻshiqchilar