Samariddin Nurmuhammad oʻgʻli Nurov (1934-yil 17-iyul, Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani — 2003-yil 8-iyun) — oʻzbekistonlik jurnalist va yozuvchi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi (1999).
Biografiyasi 1934-yil 17-iyulda Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani Jangallik qishlogʻida tugʻilgan. 1945—1952-yillarda Qarshidagi 2-maktabda kashshoflar yetakchisi, viloyat madaniy-oqartuv boshqarmasida hisobchi, Chimqoʻrgʻon suv ombori qurilishida ekskavator mashinistiga yordamchi boʻlib ishlagan. 1956-yilda Oʻrta Osiyo davlat universitetining jurnalistika boʻlimini tugatgan. „Qashqadaryo haqiqati“ viloyat gazetasida qishloq xoʻjaligi boʻlimi mudiri, masʼul kotib, Respublika radioeshittirish qoʻmitasining Qashqadaryo viloyatidagi muxbiri, Respublika Markaziy Qoʻmitasining „Sovet Oʻzbekistoni“ gazetasida adabiy-badiiy masʼul kotib, sayyor muxbir, Oʻzbekiston Kommunistik partiyasining „Guliston“ oynomasida masʼul kotib boʻlib ishlagan. 1973-yilda birinchi guruh nogironi boʻlib qolgan. Qarshiga qaytib, Qashqadaryo yozuvchilar boʻlimini tuzgan va boshqargan. 1999-yilda „Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi“ faxriy unvoni bilan taqdirlangan. Adib 2003-yil 8-iyunda vafot etgan. Qarshi shahridagi „Eshon Shohid“ qabristoniga dafn etilgan.
Ijodi Asarlari Oʻzbekiston va qardosh respublikalarda, Moskvadagi „Советский писатель“, „Дружба народов“ nashriyoti va jurnallarida chop etilgan. „Olis yulduzlar“ va „Soyaki xurmo“ qissalari, besh hikoyasi teleekranlashtirilgan. Orol dengizi fojiasi haqidagi „Suv qoʻshigʻi“, „Qur-ey, qur-ey“ „Qushlar qaytib keldilar“ hujjatli qissalar muallifi. Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyotda, „Yosh gvardiya“, „Yozuvchi“, „Советский писатель“ nashriyotlarida chop etilgan. „Choʻl uygʻon“, „Durdona“, „Bir uy quvonch“, „Beda hidi“, „Bodom guli“, „Yaylovdagi gulxanlar“, „Saharxez qushlar“, „Миндаль зацветёт“ nomli hikoyalar toʻplamlari, „Seni sevaman hayot“, „Chaqmoq“, „Olis yulduzlar“, „Davomli maktublar“ qissalari, „Narvon“, „Maysalarni ayoz urmaydi“, „Qora tong“ nomli romanlari, jami yigirma ikki kitobi nashr etilgan. Kitoblari nusxasi (tiraji) ikki milliondan oshgan. Ayrim asarlari rus, ukrain, ozarbayjon, tojik, turkman, qozoq, eston, bulgʻor, turk va boshqa tillarga tarjima qilingan. „Qora tong“ turkumidagi tarixiy badiiy asarlari ustida ishlagan. Shu turkumdagi uchinchi kitob — „Qora tong“ („Qarshi xoni“) adib oʻlimidan soʻng nashr etildi.
Manbalar
Turkum:Alifbo boʻyicha yozuvchilar Turkum:Oʻzbek tilidagi yozuvchilar Turkum:Rus tilidagi yozuvchilar Turkum:Oʻzbekiston yozuvchilari uyushmasi aʼzolari Turkum:Oʻzbekiston Milliy universiteti bitiruvchilari