Ida — rejissyor Paweł Pawlikowski tomonidan 2013-yilda suratga olingan dramatik film. Ssenariy mualliflari — Pawlikowski va Rebecca Lenkiewicz. Voqealar 1962-yilda Polshada kechadi va katolik rohibasi boʻlish ostonasida turgan yosh qiz haqida hikoya qiladi. Ikkinchi jahon urushi davrida nemislar ishgʻoli vaqtida goʻdakligida yetim qolgan qiz oʻzining tirik qolgan yagona qarindoshi — kommunistik davlat prokurori boʻlib ishlagan xolasi bilan uchrashishi kerak boʻladi. Xolasi unga ota-onasi yahudiy boʻlganini aytadi. Shundan soʻng ikki ayol qarindoshlarining taqdirini bilish uchun Polsha qishloqlariga safarga otlanishadi.

Film tanqidchilar tomonidan "ixcham durdona" va "sirli goʻzallikdagi yoʻl filmi" deb eʼtirof etilgan. Shuningdek, unda Germaniyaning Polshani ishgʻol qilishi, Holokost va Stalinizm kabi qator tarixiy voqealar ochiq aytilmasa-da, "aybdorlik, zoʻravonlik va ogʻriq kosmosi mujassamlashgani" ta'kidlangan: "ularning hech biri toʻgʻridan-toʻgʻri aytilmaydi, lekin butun muhit shunga qurilgandek tuyuladi: mamlakat oʻlikdek, aholisi siyrak".

Ida 2015-yilda Eng yaxshi xorijiy til uchun Oskar mukofotini qoʻlga kiritib, ushbu mukofotga sazovor boʻlgan ilk polyak filmiga aylandi. Shuningdek, u Yevropa Kino mukofoti tomonidan 2014-yilning Eng yaxshi filmi hamda Britaniya Kino va Televideniye Sanʼati Akademiyasi tomonidan Ingliz tilida boʻlmagan eng yaxshi film deb topilgan. 2016-yilda film dunyo boʻylab 177 nafar kino tanqidchisi oʻrtasida oʻtkazilgan (BBCning XXI asrning 100 ta eng buyuk filmi) soʻrovnomaga koʻra, XXI asrning 55-eng yaxshi filmi deb topildi.

Syujeti 1960-yillardagi Polshada yosh novitsiy Anna monastir boshligʻi tomonidan qasamyod qilishidan oldin oʻzining yagona tirik qarindoshi boʻlgan xolasi Vanda Gruz bilan uchrashib kelish majburiyati haqida ogohlantiriladi. Anna chekishni kanda qilmaydigan, koʻp ichadigan, erkin hayot tarziga ega davlat prokurori va sobiq kommunist qarshilik harakati ishtirokchisi boʻlgan Vanda bilan koʻrishish uchun Varshavaga yoʻl oladi. Vanda Annaning asl ismi Ida Lebenstein ekanligini hamda Ikkinchi jahon urushi paytida nemislar ishgʻoli oxirida yahudiy ota-onasi oʻldirilgach, monastirda ulgʻayganini aytadi. Ida ota-onasining qabrini koʻrishni soʻraydi; Vanda esa ularning qayerda dafn etilgani yoki umuman koʻmilgan-koʻmilmagani nomaʼlumligini aytadi. Ular ota-onasi yashagan qishloqqa bormoq uchun safar uyushtirishadi.

Vanda Idaga qasamyod qilishdan oldin dunyoviy gunohlar va zavqlarni tatib koʻrishni maslahat beradi. Mehmonxonaga ketayotib, Vanda yoʻldan Lis ismli gitara chaluvchi va oʻsha shaharda konsert berishi kerak boʻlgan saksofonchini mashinaga oʻtqazib oladi. Vanda Ida va Lisni tanishtirmoqchi boʻladi, biroq Ida buni xohlamaydi. Keyinchalik u guruhning ishi tugagach ularning oldiga boradi. Lis Idaga eʼtibor qaratadi va ular suhbatlashishadi, shundan soʻng Ida xonada mast holda uxlab qolgan xolasining oldiga qaytadi.

Vanda Idani oʻzlarining eski uyiga olib boradi, hozirda bu uyda Feliks Skiba ismli nasroniy dehqon oʻz oilasi bilan yashamoqda. Urush paytida Skibalar bu uyni egallab, Lebensteinlarni nemis maʼmurlaridan yashirishgan edi. Vanda Feliksdan otasi qayerdaligini aytishini talab qiladi. Qidiruvlardan soʻng ayollar kasalxonada oʻlim toʻshagida yotgan keksani topishadi; u Lebensteinlar haqida iliq gapiradi, biroq boshqa koʻp narsa demaydi. Vanda qarshilik harakatida jang qilish uchun ketganida oʻgʻli Tadzioni Lebensteinlarga qoldirgani va u ham ular bilan birga halok boʻlganini maʼlum qiladi. Feliks otasini aybdorlik hisobidan qutqarish maqsadida ulardan otasini bu ishga aralashmasliklarini soʻraydi. Evaziga esa, agar Ida Skibalarni tinch qoʻysa va uy hamda yerga boʻlgan har qanday daʼvodan voz kechsa, Lebensteinlar qayerda koʻmilganini aytishga rozi boʻladi.

Feliks ayollarni oʻrmonga olib borib, ularning qarindoshlarining suyaklarini qazib chiqaradi va ularni oʻzi oʻldirganini tan oladi. U Idaning yosh boʻlgani va nasroniyga oʻxshay olgani uchun uni monastirga berganini aytadi. Vandaning kichik oʻgʻli esa boshqalarga oʻxshagani uchun Idaning ota-onasi bilan birga oʻldirilgan edi. Vanda va Ida suyaklarni Lyublindagi qarovsiz qolgan va oʻsimliklar bosib ketgan yahudiy qabristonidagi oilaviy qismga olib borib dafn etishadi.

Boshidan kechirganlaridan qattiq taʼsirlangan Vanda va Ida oʻz yoʻllariga qaytib, avvalgi turmush tarzini davom ettiradilar. Vanda ichkilikbozlik va maʼnosiz tasodifiy aloqalarga berilib, yanada chuqur tushkunlikka botadi, oʻychan Ida esa monastirga qaytib, qasamyod qilish haqidagi qarorini qayta oʻylay boshlaydi. Oxir-oqibat Vanda oʻz kvartirasining derazasidan oʻzini tashlab, vafot etadi. Ida Varshavaga qaytib, Vandaning dafn marosimida qatnashadi va u yerda yana Lis bilan uchrashadi. Vandaning kvartirasida u oʻzining novitsiy kiyimini yechib, Vandaning tuflilari va kechki libosini kiyadi, chekish va ichishni sinab koʻradi, soʻngra Lisning konsertiga yoʻl oladi. Keyinchalik Lis unga raqsga tushishni oʻrgatadi va ular oʻpishadilar.

Konsertdan keyin Ida va Lis birga boʻlishadi. Lis ularning turmush qurishi, farzand koʻrishi va "odatdagi hayot" kechirishini taklif qiladi. Ertalab Ida Lisni uygʻotmasdan jimjinat oʻrnidan turadi, yana rohiba kiyimini kiyib, ehtimol monastirga qaytish va qasamyodini qabul qilish uchun chiqib ketadi.

Rollarda Agata Kulesza — Wanda Gruz Agata Trzebuchowska — Anna / Ida Lebenstein Dawid Ogrodnik — Lis Adam Szyszkowski — Feliks Skiba Jerzy Trela — Szymon Skiba Joanna Kulig — qoʻshiqchi Artur Janusiak — askar

Ishlab chiqarilish

“Ida” filmi rejissyori Paweł Pawlikowski Polshada tugʻilgan va hayotining dastlabki oʻn toʻrt yilini oʻsha yerda oʻtkazgan. 1971-yilda onasi uni kutilmaganda Angliyaga olib ketadi va u yerda u taniqli kinorejissyorga aylanadi. “Ida” uning Polshada suratga olgan ilk filmi hisoblanadi; intervyularidan birida u shunday degan edi: “Film – bu mening bolaligimdagi Polshani tiklashga urinishim”. “Ida” asosan Polsha kino sanoati vakillaridan iborat ijodiy jamoa bilan Polshada suratga olingan. Film Pawlikowski va ingliz dramaturgi Rebecca Lenkiewicz hamkorligida yozilgan ssenariy asosida Polsha kino institutidan dastlabki muhim moliyaviy yordamni olgan. Polsha kino institutining koʻmagi taʼminlangach, produser Eric Abraham film ishlab chiqarilishini moliyalashtirgan.

Ssenariysining dastlabki versiyasini Lenkiewicz va Pawlikowski ingliz tilida yozgan boʻlib, oshnda u "Shafqat opasi" (inglizcha: Sister of Mercy) deb nomlangan. Shundan soʻng Pawlikowski ssenariyni polyak tiliga tarjima qilgan va uni suratga olish uchun moslashtirgan.

Vanda Gruz obrazi Stalinchi Polshada prokuror boʻlib ishlagan va koʻplab koʻrgazmali sud jarayonlarida qatnashgan yahudiy-polyak huquqshunosi Helena Wolińska-Brusdan ilhomlanib yaratilgan. Pawlikowski Oksford universitetida oʻqib yurgan kezlarida er Włodzimierz Brus professor boʻlib ishlagan Wolińska-Brus bilan uchrashgan edi, oʻshanda u ayolning oʻtmishidan bexabar boʻlgan. Yillar oʻtib Wolińska-Brus Stalin rejimi uchun ishlagani va Polsha hukumati uning ekstraditsiyasini talab qilayotganidan xabar topgach, Pawlikowski uning hayoti haqida hujjatli film suratga olish istagini bildirgan, ammo Włodzimierz Brus rafiqasi nomidan buni rad etgan emish. Pawlikowski Wolińska-Brusni Vanda Gruz uchun "arxetip" deb taʼriflagan.

Pawlikowski Anna Ida roli uchun aktrisa tanlashda qiynalgan. U 400 dan ortiq aktrisalarni sinovdan oʻtkazgach, Agata Trzebuchowska Varshavadagi kafelardan birida kitob oʻqib oʻtirgan joyida rejissyorning doʻsti tomonidan topilgan. Uning aktrisalik tajribasi ham, bu sohaga qiziqishi ham yoʻq edi. U faqat Pawlikovskiyning My Summer of Love (2004) filmining muxlisi boʻlgani uchun uning uchrashuv taklifiga rozi boʻlgan.

Film operatorlari sifatida Łukasz Żal va Ryszard Lenczewski koʻrsatilgan. Lenczewski Last Resort (2000) filmidan beri Pawlikovskiyning badiiy filmlarida operatorlik qilib kelgan; Lenczewskidan farqli oʻlaroq, u "Ida"dan oldin Angliyada ham, Polshada ham ishlagan edi. "Ida" qora-oq rangda suratga olingan va hozirda kamdan-kam qoʻllaniladigan 4:3 nisbatli ekran formatidan foydalanilgan. Pawlikowski film produserlariga ushbu qarorlari haqida aytganida, ular: "Pol, sen endi talaba emassan, ahmoqlik qilma", deb munosabat bildirishgan. Lenczewski shunday degandi: "Biz qora-oq rang va 1.33 freymni tanladik, chunki bu oʻsha davr – 1960-yillarning boshidagi polyak filmlarini eslatardi. Tomoshabinda ishonchsizlik uygʻotish, voqealarni boshqacha tarzda kuzatishini taʼminlash uchun gʻayrioddiy kompozitsiyalarni loyihalashtirdik." Dastlabki reja boʻyicha Żal Lenczewskiga yordam berishi kerak edi. Biroq Lenczewski kasal boʻlib qolgani sababli loyihani Żal davom ettirgan.

"Ida" filmini suratga olish ishlari erta tushgan qor boʻroni tufayli oʻrtasida toʻxtatib turilgan. Pawlikowski ikki haftalik tanaffusdan ssenariyni takomillashtirish, yangi manzillar topish va mashgʻulotlar oʻtkazish uchun unumli foydalangan. U bu tanaffus "filmni ma'lum bir ma'noda birlashtirishga" yordam berganini ta'kidlaydi.

"Ida" filmining montajchisi polyak kinosining faxriysi Jarosław Kamiński boʻlgan. Pawlikovskiyning oldingi ingliz tilidagi badiiy filmlarini David Charap montaj qilgan. Filmning yakuniy sahna musiqasidan tashqari hech qanday fon musiqasi mavjud emas; tanqidchi Dana Stevens tushuntirganidek, “soundtrekda diegetik boʻlmagan musiqa yoʻq – ya'ni qahramonlarning oʻzlari eshitmaydigan musiqa mavjud emas, lekin mavjud boʻlgan barcha musiqalar Vandaning qimmatbaho mumtoz plastinkalaridan tortib, ayollar oʻzlarining qaygʻuli manziliga qarab ketayotganda avtomobil radiosi orqali yangraydigan oddiy polyak qoʻshiqlarigacha juda ehtiyotkorlik bilan va muhim maʼnoda tanlangan“. Yakuniy sahna haqida Pawlikowski shunday degan: “Muhitdan tashqari boʻlgan yagona musiqa (filmdagi dunyodan tashqarida – ya'ni radioda yoki guruh tomonidan chalinmagan) bu oxiridagi Bax musiqasidir. Yakuniy sahna borasida bir oz ojiz qolgandim va buni montajda sinab koʻrdim. U minordagi tonallikda, lekin osoyishta koʻrinadi hamda dunyo va uning murakkabliklarini tan oladigandek tuyuladi“.

Namoyish etilishi

Kinoteatrlarda Dastlabki festival namoyishlaridan soʻng, Ida 2013-yil 25-oktabrda Polshada premyera qilindi, shundan soʻng keyingi oylarda Fransiya, Ispaniya, Italiya va Yangi Zelandiya kabi turli mamlakatlarda namoyish etildi. AQShda film kinoteatrlarda 2014-yil 2-may kuni namoyish qilindi.

Daniyaning Fandango Portobello kompaniyasi "Ida"ning xalqaro tarqatilishini boshqargan. 2014-yil iyul oyiga kelib film 30 dan ortiq mamlakatlarda sotuvga erishgan. 2014-yil 17-iyulda film Chexiya va Portugaliya kinoteatrlarida namoyish etila boshlandi.

Media formatlari Ida inglizcha subtitrlar bilan ham region 1, ham region 2 DVD formatlarida chiqarilgan. Shuningdek, u boshqa bir qancha tillardagi subtitrlar bilan ham taqdim etilgan. 2014-yil dekabr oyida Yevropa parlamenti tomonidan filmga Lyuks mukofoti berildi; ushbu mukofot filmlarning Yevropa Ittifoqining 23 ta rasmiy tillarining barchasiga subtitrlanishini qoʻllab-quvvatlaydi.

Tanqidlar Ida keng eʼtirofga sazovor boʻlib, tanqidchilar uning ssenariysi va operatorlik ishini yuqori baholadilar. Rotten Tomatoes sharhlar agregatori veb-saytida 168 ta tanqidchilar sharhlariga asoslanib, film 96% ijobiy reytingga ega va uning oʻrtacha bali 8.36/10 ni tashkil etadi. Veb-saytning umumiy xulosasida shunday deyiladi: “Hamdardlik bilan yozilgan, ajoyib tarzda ijro etilgan va goʻzal tasvirga olingan Ida rejissyor Pavel Pawlikovskiyning kuchli taʼsir koʻrsatuvchi oʻz ildizlariga qaytganidan dalolat beradi”. Vaznli oʻrtacha koʻrsatkichdan foydalanadigan Metacritic 35 ta sharhga asoslanib, 100 balldan 91 ball berdi, bu esa “umumjahon eʼtirofi”ni bildiradi.