Panjunan qizil masjidi (indonezcha: Masjid Merah Panjunan, javacha: Masjid Abang) – Indoneziyaning Gʻarbiy Java provinsiyasi, Cirebon okrugiga qarashli Panjunan qishlogʻida joylashgan java uslubidagi masjid. Java uchun xos boʻlgan hinduiylik meʼmorchiligi unsurlarini oʻzida aks ettirgan ushbu XV asrga oid bino Indoneziyadagi eng qadimiy masjidlardan biridir.
Tarixi Panjunan qizil masjidi dastlab 1480-yilda Bagʻdoddan kelgan muhojirlar guruhiga bosh boʻlgan arab millatiga mansub Sharif Abdurahmon (shuningdek, Pangeran Panjunan – „Panjunan shahzodasi“ nomi bilan ham tanilgan) tomonidan bunyod etilgan. Keyinchalik Sharif Abdurahmon Indoneziyada eʼzozlanadigan toʻqqiz avliyo – Vali Sanganing biri boʻlgan Sunan Gunungjatining shogirdiga aylangan. Panjunan qizil masjidi Cirebon shahrida islom dinining yoyilishida muhim rol oʻynagan.
Dastlab Panjunandagi ushbu masjid al-Athya Musallasi deb atalgan. Atrofi qizil gʻishtdan terilgan devor bilan oʻralgani sababli „Qizil masjid“ yoki „Masjid Abang“ nomi bilan ham mashhur boʻlgan. Boshida bu masjid maydoni 40 kvadrat metrni tashkil etgan kichik ibodatxona (musalla) boʻlgan. Maskan Panjunan mahallasida barpo etilgan boʻlib, u qurilgan davrda bu hudud Sirebon shahri yaqinidagi yoʻlovchilar uchun chorraha vazifasini oʻtagan. Masjid joylashgan Panjunan qishlogʻi oʻzining sopol buyumlari bilan tanilgan.
Meʼmorchiligi Ilgari bu musallaning umumiy maydoni 40 kvadrat metrni tashkil etgan. Masjid qilib kengaytirilgandan soʻng, uning maydoni 150 kvadrat metrga yetgan. Panjunan masjidining meʼmorchiligi hinduiylik, xitoy va islom madaniyatlari uygʻunligini oʻzida aks ettiradi. Masjidning atrofi koʻproq Balida uchraydigan Indoneziya hinduiylik ibodatxonalarini eslatadi. Devorlari qizil gʻishtdan qurilgan boʻlib, masjidning asosiy kirish qismini darvoza – kandi bentar bezab turadi. Kandi bentar XIII – XIV asrlarda hinduiylik hukmron boʻlgan Singxasari va Madjapaxit saltanatlari meʼmorchiligiga xos..
Masjid hajmi kengligi jihatidan nisbatan kichik. Eshigi past boʻlgani uchun bino ichiga kirayotganda odam engashishga majbur boʻladi. Bino tajug deb ataladigan piramidasimon tom bilan yopilgan. Yava meʼmorchiligida tajug usulidagi tom faqat muqaddas binolar – masalan, hindu ibodatxonalari yoki masjidlar uchun qoʻllanadi. Masjid tarhi toʻgʻri toʻrtburchak shaklda boʻlib, tomni 12 ta ustun koʻtarib turadi. Masjidning asosiy xonasini oʻrab turgan devor konstruktiv vazifa bajarmaydi. Butun bir tom yava meʼmorchiligiga xos ravishda ustunlar orqali tutib turiladi.
Masjidning mehrobi hamda devordagi bir nechta arabcha yozuv binoning masjid ekanini bildirib turadi. Tashqi devorga xitoycha sopol likopcha va chinni buyumlar qadalgan. Aytishlaricha, bu likopcha va chinni bezaklar Sunan Gunungjati Ong Tien Nio bilan turmush qurganida toʻy sovgʻalari boʻlgan. Masjid mehrobi ham chinni bezaklar bilan bezatilgan. Mehrob shaklan paduraksaga oʻxshaydi. Bu ham eski hindu davri taʼsiri bilan bogʻliq. Sharqiy Javadagi XIII asr Kandi Jago ibodatxonasida kandi bentar va paduraksa tasvirlangan boʻrtma tasvirlar topilgan. Yava hind meʼmorchiligida paduraksa ibodatxonaning eng muqaddas hududini belgilaydi. Panjunan masjidida minbar yoʻq, chunki bu masjid faqat kunlik namozlar uchun moʻljallangan. Juma namozi yoki yillik hayit namozlari uchun ishlatilmaydi.
Yana qarang
Indoneziyada Islom Indoneziyadagi masjidlar roʻyxati
Manbalar
Adabiyotlar
Havolalar
Turkum:Indoneziyadagi masjidlar Turkum:Indoneziyada Islom tarixi