Norvegiya, Norvegiya Qirolligi (bukmolcha: Kongeriket Norge, nyunorskcha: Kongeriket Noreg) — Shimoliy Yevropadagi davlat. BMT aʼzosi. Skandinaviya yarim orolining gʻarbiy va shimoliy qismida. Maydoni — 385 ming km2. Aholisi 5,404,844 kishi (2023)Population, january 1 2019, Statistics Norway. Oslo shahri Maʼmuriy jihatdan 19 fyulke (viloyat)ga, jumladan, fyulkega tenglashtirilgan Oslo shahriga boʻlinadi. Shpitsbergen arxipelagi, Aiyq oroli, Yan Meyen va Buve orollari ham Norvegiyaga qaraydi. Norvegiya katta neft va sanoat davlati hisoblanadi.
Davlat tuzumi Norvegiya — konstitutsiyali monarxiya. 1814-yil 17-mayda qabul qilingan Norvegiya Qirolligi konstitutsiyasi amal qiladi, unga keyinchalik tuzatishlar kiritilgan. Davlat boshligʻi — qirol (2026-yil 28-avgust Haakon VIII). Qonun chiqaruvchi hokimiyatni ikki palatali (yuqori palatasi lagting, quyi palatasi odelsting) parlament — storting amalga oshiradi. Ijrochi hokimiyat qirol qoʻlida boʻlib, u Davlat kengashi (hukumat)ni tayinlaydi. Bosh Vazir 2021: Jonas Gahr Støre
Tabiati Norvegiya — togʻli oʻlka. Hududining qariyb 2/3 qismi dengiz sathidan 500 m dan baland; dengiz sohilidagina pasttekislik bor. Gʻarbiy qirgʻogʻida tik yon bagʻirli tor qoʻltiq (ford) koʻp. Yirik orollari — Lofoten, Vesterolen, Senya, Mageryo va boshqalar. Hududining katta qismini Skandinaviya togʻlari ishgʻol qiladi (eng baland joyi Galxyopiggen togʻi — 2470 m). Foydali qazilmalari: temir, nikel, mis, titan, uran, molibden, kobalt va kumush rudalari. Shimoliy dengizning quruqlikka yaqin sayoz qismida neft va gaz konlari bor. Iqlimi moʻtadil, shimoliy chekkasida subarktika, sohilida okean iqlimi yanvarning oʻrtacha harorati shimolda —2—4 °C, janubda 2 °C. Yozi salqin, tez-tez yomgʻir yogʻadi. Yillik yogʻin 1000–3000 mm. Muzliklarning umumiy maydoni 3000 km2 ga yaqinni tashkil etadi. Yirik daryolari — Glomma, Logen (Gudbransdal), Logen (Numedal). Katta gidroenergiya salohiyatiga ega boʻlgan bu daryolar qor, yomgʻir va muzliklardan toʻyinadi. Eng katta koʻli — Myosa. Asosiy tuprogʻi — yupqa tundra tuprogʻi, janubda togʻ podzol tuprogʻi uchraydi. Mamlakat hududining 27 % oʻrmon. Yovvoyi hayvonlardan tulki, silovsin, rosomaxa, suvsar, los, bugʻu, quyon, tiyin, lemming va boshqalar bor. Dengiz sohilida gala-gala qushlar, dengizlarda turli baliq va tyulen koʻp.
Aholisi Aholisining 97 % norveglar. Saamlar kvenlar shvedlar danlar nemislar va boshqalar ham yashaydi. Rasmiy til — norveg tili. Rasmiy din — lyuteranlik. Shahar aholisi 50 %. Yirik shaharlari — Oslo Bergen Tronxeym va boshqalar.
Tarixi Norvegiya hududida odam muzlik davridan keyingi asrlardan beri yashaydi. Miloddan avvalgi 1-ming yillik oʻrtalarida saam va german qabilalari yashagan. Norveglarning hayoti azaldan dengiz bilan bogʻliq: mamlakatning nomi ham „norveg“ — „shimoliy yoʻl“, „dengiz yoʻli“ maʼnosini bildiradi. 872-yil birinchi norveg qiroli taxtga oʻtirdi. VIII—XI asrlarda mohir dengizchi boʻlgan norveg vikinglari Islandiyaga, Grenlandiya sohillari va Shimoliy Atlantikadagi orollarga yetib borib, ularni mustamlakaga aylantirdilar. XI asrda xristianlik joriy etildi, markazlashgan monarxiya qaror topdi. XIV asr oʻrtalarida tarqalgan vabo mamlakat xoʻjaligini, ijtimoiy va siyosiy xayotni izdan chiqardi, asta-sekin mustaqillik barbod boʻlishiga olib bordi. 1319-yil Shvetsiya, 1380-yil Daniya bilan ittifoq tuzdi. 1397-yil Kalmar ittifoqiga koʻra, Norvegiya Daniyaga tobe boʻlib qoldi, 1537-yil Daniyaning viloyatiga aylandi.
1805—14 yillardagi Angliya-daniya urushi va hosilsizlik Norvegiyani halokat yoqasiga keltirib qoʻydi, oʻn minglab kishi ochlikdan oʻldi. 1814-yil Kil sulh shartnomasiga koʻra, Norvegiya shvedlar mulki boʻlib qoldi. Bundan norozi boʻlgan norveg xalqi mustaqillik uchun kurash boshladi. Oʻsha yil 17-mayda birinchi parlament (taʼsis majlisi) chaqirilib, konstitutsiya qabul qilindi va qirol saylandi. Shvetsiya-Norvegiya ittifoqi 1905-yilgacha amal qildi, Norvegiya ichki mustakillikdan foydalandi. 1905-yil 7-iyunda storting Shvetsiya-Norvegiya ittifoqini bekor qildi.
Birinchi jahon urushida Norvegiya betaraflik eʼlon qildi. Ikkinchi jahon urushi boshlanishi bilanoq Norvegiya betaraf ekanini bildirgan boʻlsa ham, 1940-yilda gitlerchilar Germaniyasi unga bostirib kirdi, Norvegiya hukumati Londonga koʻchdi. 1942-yil fashistlar Norvegiyada V. Kvisling boshchiligida sotqin hukumat tuzdi. Mamlakatda Qarshilik koʻrsatish harakati avj oldi. 1945-yil 8-mayda Norvegiya ozodlikka erishdi. Urushdan keyingi yillarda mamlakat iqtisodiyotini qayta tiklash va rivojlantirishga kirishildi. 1945-yildan BMT aʼzosi. Oʻzbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini 1992-yil 10-iyunda oʻrnatgan. Milliy bayrami — 17-may Konstitutsiya kuni (1814).Madhiya: Civil:
Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari Norvegiya ishchi partiyasi, 1887-yil asos solingan; Markaz partiyasi, 1920-yil tashkil etilgan; Taraqqiyot partiyasi, 1973-yil tuzilgan; Venstre, liberal partiya, 1884-yil asos solingan; Sotsialistik soʻl partiya, 1975-yil tashkil etilgan; Xristian xalq, partiyasi, 1933-yil tuzilgan. Xeyre, konservativ partiya, 1884-yil asos solingan. Norvegiya kasaba uyushmalari markaziy birlashmasi, 1899-yil tashkil etilgan. Xalqaro erkin kasaba uyushmalari konfederatsiyasi va Yevropa kasaba uyushmalari konfederatsiyasiga kiradi.
Iqtisodiyoti Norvegiya — rivojlangan industrial-agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 28,6 %, qishloq xoʻjaligining ulushi 2,9 %. Dengiz kema qatnovi, baliq ovlash, tashki savdoning roli katta.
Sanoati Sanoatning yetakchi tarmoqlari: elektr metallurgiya, elektr kimyo, sellyuloza-qogʻoz, baliq sanoati, asosan tashki bozor uchun ishlaydi. Ichki bozorga xizmat qiladigan tarmoqlar orasida oziq-ovqat va yengil sanoat bilan birga mashinasozlik va metallsozlik durust taraqqiy etgan. Konchilikda temir va titan rudasi, kumir, neft va gaz qazib olish katta urin tutadi. Elektr energiyaning 99 % GESlarda hosil qilinadi (yiliga oʻrtacha 122 mlrd. kVt-soat). Qora va rangli metallurgiya, kemasozlik, elektrotexnika, radiotexnika va yogʻochsozlik sanoati koʻproq rivojlangan. Axrli jon boshiga elektr energiyasi, sellyulozaqogʻoz mahsulotlari, ferroqotishma, alyuminiy ishlab chiqarish va kemasozlikda Norvegiya dunyoda oldingi oʻrinlarda turadi.
Qishloq xoʻjaligi Mamlakatning tabiiy sharoiti qishloq xoʻjaligi uchun juda noqulay. Togʻ-tosh koʻpligidan Norvegiya hududining 3 % ga yaqini haydaladi. Qishloq xoʻjaligi, asosan, goʻsht sut chorvachiligiga ixtisoslashgan. Dehqonchiligida yem-xashak ekinlari, bir oz miqdorda gʻalla (suli va arpa), kartoshka ekiladi. Chorvachilikda yilqi, qoramol, qoʻy, choʻchqa, parranda boqiladi. Qishloq xoʻjaligi mamlakatning oziq-ovqatga boʻlgan ehtiyojini qondira olmaydi. Moʻyna hayvonotchiligi, baliqchilik rivojlangan, oʻrmonlarda koʻp miqdorda yogʻoch tayyorlanadi.
Transporti Ichki yuklar va tashqi savdo mahsulotlarining aksariyati dengiz kemalarida tashiladi. Dengiz savdo flotining tonnaji 38,3 mln. tonna dedveyt. Yirik portlari: Oslo, Bergen, Stavanger. Temir yoʻl uzunligi — 4 ming km, avtomobil yoʻllari 89,7 ming km. Asosiy aeroportlari — Gardermoen (Oslo), Sulla (Stavanger) va Budyo.
Eksport va import Chetga neft va tabiiy gaz, kemasozlik, sellyuloza-qogʻoz va kimyo sanoati mahsulotlari, qora va rangli metallar, baliq mahsulotlari chiqaradi. Chetdan mashina, mineral xom ashyo, avtomobillar oladi. Tashqi savdodagi asosiy hamkorlari: Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Germaniya, Niderlandlar. Pul birligi — krona.
Tibbiy xizmati Norvegiyada sogʻliqni saqlash yuqori darajada tashkil etilgan. Tibbiy xizmat qiymatining 80 % ijtimoiy sugʻurta hisobidan qoplanadi. Vrachlar universitetlarning tibbiyot fakultetlarida tayyorlanadi. Sankt — Olafs — Kille, Sanneford, Larvik, Xanke balneologik kurortlari, gʻarbiy sohilida Bergen dengiz boʻyi iqlimiy shifoxonasi bor.
Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari Dastlabki maktablar XII asr boshlarida ochilgan. 1848-yil 7 yoshdan 13—14 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun majburiy taʼlim joriy etildi, 1968-yil 16 yoshgacha yetkazildi. Hozir taʼlim tizimi maktabgacha tarbiya muassasalari, 6 yillik kichik va 3 yillik yuqori majburiy maktablar, oʻrta umumiy taʼlim maktabi — gimnaziyalar, hunar-texnikalar oʻrta maxsus oʻquv yurtlarini oʻz ichiga oladi. Oslo, Bergen, Tronxeym, Tromsyodagi universitetlar, 10 ta institut oliy taʼlim beradi.
Mamlakatdagi ilmiy tadqiqotlarni Fan va texnika davlat qoʻmitasi hamda ilmiy tadqiqotlar maslahat kengashi muvofiklashtiradi. Norvegiya fan va adabiyot akademiyasi (1857), 300 dan ortiq ilmiy tadqiqot instituti, sanoat va savdo firmalarining 300 laboratoriya, 40 ga yaqin ilmiy jamiyat va boshqalar bor. Bundan tashqari, Oslo universitetida 90, Tronxeym universitetida 50 ilmiy tadqiqot institut va laboratoriya ish olib boradi. Universitetlar huzurida yirik kutubxonalar va Oslo shahri kutubxonasi, Norvegiya xalq muzeyi (1894), universitet milliy osori atiqalar muzeyi, Milliy galereya, Amaliy sanʼat muzeyi, Zoologiya muzeyi va boshqalar bor. Norveg vikinglarining kemalari, T.Xeyerdalning „Kon-Tiki“ soli muzeyda saqlanayotir.
Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi Eng yirik gazeta va jurnallari: „Adresseavisen“ („Manzilli gazeta“, kundalik gazeta, 1767-yildan), „Arbeyderbladet“ („Ishchilar gazetasi“, kundalik gazeta, 1884-yildan), „Bergene arbeyderblad“ („Bergen ishchilar gazetasi“, kundalik gazeta, 1927-yildan), „Verdene gang“ („Harakatdagi dunyo“, kundalik gazeta, 1945-yildan), „Vort land“ („Bizning mamlakat“, kundalik gazeta, 1945-yildan), „Dagbladet“ („Kundalik gazeta“, 1969-yildan), „Morgenbladet“ („Tonggi gazeta“, kundalik gazeta, 1819-yildan), „Nashunen“ („Millat“, kundalik gazeta, 1896-yildan), „Norges indoʻstri“ („Norvegiya sanoati“, 2 haftada chiqadigan jurnali, 1920-yildan), „Fremover“ („Olgʻa“, kundalik gazeta, 1903-yildan), „Harstad tidende“ („Harstad gazetasi“, kundalik gazeta, 1887-yildan), „Aktuelt perspektiv“ („Dolzarb istiqbol“, jurnal, 1963-yildan), „Fri fagbevegelse“ („Erkin kasaba harakati“, 2 haftada chiqadigan jurnal, 1906-yildan) va boshqa Norvegiya telegraf byurosi (NTB) — norveg gazetalarining aksiyadorlik jamiyati, 1867-yilda tuzilgan. Norvegiya davlat radioeshittirish mahkamasi (1933-yilda asos solingan) mamlakatdagi radioeshitirish va telekoʻrsatuvlarni nazorat qiladi.
Adabiyoti