Quddus ( Yerushalayim; al-Quds, ossuriylarning mixxat yozuvlarida Ursalimmu; qadimgi Misr yozuvlarida Urusalim, Markaziy Osiyoda Quddusi Sharif nomi bilan maʼlum) — Falastindagi shahar. Oʻrtayer va Oʻlik dengizlari orasida, Yahudiya yassitogʻligida joylashgan. Dunyodagi eng qadimiy shaharlardan biri hisoblanib, eng asosiy uch Ibrohimiy dinlar — Iudaizm, Xristianlik va Islomda muqaddas hisoblanadi. Isroil davlati va Falastin davlati shaharni oʻz poytaxtlari deb eʼlon qilgan. Shaharda Isroilning bosh hukumat muassasalari joylashgan, Falastin davlati esa shaharni oʻzining nihoyadagi poytaxti sifatida koʻradi. Ushbu daʼvolarning ikkisi ham jahon hamjamiyati tomonidan umum-eʼtirof etilmagan.
Oʻzining uzoq tarixi davomida Quddus kamida ikki marotaba vayron etilgan, 23 marotaba qamal qilingan, 44 marotaba bosib olingan va 52 marotaba dushman hujumiga uchragan. Shaharning Dovud shahri deb ataluvchi qismida dastlabki inson manzilgohlari alomatlari koʻchmanchi chorvadorlar qoʻnalgʻasi sifatida m. avv. 4 mingyillikka borib taqaladi. Kanʼon davrida (m. avv. XIV asr) Quddus Qadimgi Misr lavhalarida Urusalim deb nomlanib, bu nom Kanʼon xudolaridan boʻlmish Shalem sharafiga „Shalom shahri“ nomi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Isroil podsholigi davrida shaharda m. avv. X asrda (II Temir davri) keng koʻlamli qurilish ishlari olib boriladi va m. av. IX asrga kelib shahar Yahudiya podsholigining diniy va maʼmuriy markaziga aylanadi. 1538-yilda Usmonli sulton Sulaymon davrida soʻnggi marotaba shahar devorlari qayta quriladi. Bugungi kunda bu devor Eski shaharni ajratib turadi va u toʻrt kvartalga — armani, nasroniy, yahudiy va musulmon kvartallariga boʻlingan. Eski shahar 1981-yilda UNESCO Jahon meʼroslari roʻyxatiga kiritilgan va 1982-yilda Xatar ostidagii Jahon meʼroslari roʻyxatiga kiritilgan.1860-yildan buyon Quddus eski shahar devorlaridan tashqariga chiqib, misli koʻrilmagan darajada kengaydi. 2022-yilda Quddus aholisi 971,100 kishini tashkil qilib, ularning salkam 60% ni yahudiylar, 40% ni esa falastinliklar tashkil qildi. 2020-yilda esa shahar aholisi 951,100 kishini tashkil qilib, ulardan 570,100 (59.9%) ni yahudiylar, 353,800 (37.2%)ni musulmonlar, 16,300 (1.7%)ni nasroniylar tashkil qilgan.
Yahudiy Bibliyasiga koʻra podsho Dovud shaharni Yebusiylardan tortib olgan va unii Isroil podsholigining poytaxtiga aylantirgan. Uning oʻgʻli va vorisi podsho Sulaymon davrida Birinchi Ibodatxona barpo etilgan. Zamonaviy olimlar fikricha isroilliklar avvaliga oʻziga xos monolatrik — keyinchalik El/Yahve eʼtiqodiga asoslangan monoteistik dinning rivojlanishi bilan Kanʼondagi boshqa xalqlardan ajralib chiqa boshlashgan. M. avv. I mingyillik boʻsagʻasida sodir boʻlgan uchbu hodisalar yahudiy xalqi uchun markaziy ahamiyatga ega hodisalar hisoblanadi. Muqaddas shahar nomi (Ivrit: עיר הקודש, lotincha: Ir ha-Qodesh) quvgʻindan keyin ishlatiga boshlangan. Quddusning Xristianlikdagi muqaddasligi Yahudiy Bibliyasining yunonchaga oʻgirilishi va uning nasroniylar tomonidan Qadimgi Ahd sifatida qabul qilinishi bilan bogʻliq boʻlib, Yangi Ahdda keltirilgan Iso Masihning oʻsha yerda xochga tortilishi va osmonga koʻtarilishi voqeasi orqali mustahkamlangan. Islomda esa Quddus Makka va Madinadan keyingi uchinchi muqaddas shahar hisoblanadi. Shahar musulmonlar uchun dastlabki qibla hisoblangan, Islom taʼlimotida Muhammad 621-yilda shaharga tungi sayohat qilgani va Qur’onga koʻra Jannatga koʻtarilib, Xudo bilan soʻzlashgani hikoyasi mavjud. Shu sababdan, atigi 0.9 km2 maydonga ega boʻlishiga qaramasdan, Eski shahar koʻplab diniy ahamiyatga ega manzilgohlarni oʻz ichiga oladi va ular qatoriga Ibodatxona tepaligi va uning Gʻarbiy devori, Qoya gumbazi va al-Aqso masjidi hamda Muqaddas Qabr Cherkovi kabilarni keltirish mumkin.
Bugungi kunda Quddusning maqomi muammosi Isroil-Falastin nizosining eng markaziy masalalaridan biri boʻlib qolmoqda. 1947-yilgi BMT Falastinning Boʻlinishi rejasiga koʻra Quddus BMT tomonidan boshqariluvchi „maxsus xalqaro rejim ostidagi corpus separatum“ sifatida belgilangan. 1948-yildagi Arab-Isroil urushi davrida Gʻarbiy Quddus Isroil tomonidan anneksiya qilinadi, Sharqiy Quddus, jumladan Eski shahar esa Iordaniya tomonidan egallanadi va anneksiya qilinadi. 1967-yilgi olti kunlik urush davomida Isroil Sharqiy Quddusni va atrof hududlarni Quddus shahri hududiga qoʻshib oldi. Isroilning Bosh qonunlaridan biri, 1980-yilgi Quddus qonuni Quddusni davlatning boʻlinmas poytaxti sifatida eʼlon qiladi. Isroil hukumatining barcha shaxobchalari bosh shtablari, jumladan Knesset (Isroil parlamenti), Bosh vazir va Prezident qarorgohlari va Oliy Sud qarorgohi Quddusda joylashgan. Xalqaro jamoatchilik Sharqiy Quddusning anneksiya qilinishini noqonuniy deb eʼlon qiladi va Sharqiy Quddusni Isroil tomonidan bosib olingan Falastin hududi sifatida koʻradi.
Manbalar
Turkum:Muqaddas shaharlar