Jazoir Demokratik Xalq Respublikasi (, Al-Jumhuriyatu l-Jazoiriyatu d-Dimuqrotiyatu sh-Shaʼbiya) — Afrikaning shimoli-gʻarbidagi davlat, Magʻrib mamlakatlaridan biri. BMT aʼzosi Maydoni 2381,7 ming km. Aholisi — 37,9 mln. kishi (2013). Poytaxti — Jazoir shahri. Jazoir hududi maʼmuriy jihatdan 47 viloya (viloyat) va Katta Jazoir poytaxt okrugiga boʻlinadi.

Davlat tuzumi Jazoir — respublika. Amaldagi konstitutsiya 1996-yil 28-noyabrdagi referendumda maʼqullangan. Davlat boshligʻi — prezident (1999-yildan A. Buteflika). U umumiy va toʻgʻri yashirin ovoz berish yoʻli bilan 5 yil muddatga saylanadi va yana 1-marta qayta saylanishi mumkin. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — bir palatali Milliy xalq majlisi. Ijrochi hokimiyat — prezident boshchiligidagi Vazirlar kengashi.

Tabiati Jazoir Atlas togʻlarining markaziy qismida va Sahroi Kabirda joylashgan. Oʻrta dengiz sohili subtropik, qolgan qismi tropik mintaqada. TelAtlas, Sahroi Kabir Atlasi tizmalari, Ores va Varsenis togʻlarini chuqur daralar kesib oʻtgan. Togʻ oralaridagi tekislik va platolarda shoʻr kul (sebx)lar, Shimoli-sharqdagi katta past-tekislikda qumliklar uchraydi. Janubi-sharqda zinapoyasimon platolar bilan oʻralgan Axaggar vulqon togʻligi (Taxat choʻqqisi 3005 m) joylashgan. Qumli (Katta Gʻarbiy Erg, Katta Sharqiy Erg, Igidi, Shesh va boshqalar) va toshloq, katta choʻllar bor. J.da neft, tabiiy gaz, uran, temir, qoʻrgʻoshin va rux rudalari, fosforit, simob qazib olinadi. Jazoir neft zaxirasi boʻyicha Afrikada 3-oʻrinda (200 ga yaqin neft va gaz konlari bor).

J.ning shimolda iqlim subtropik, Oʻrta dengiz iqlimi, qishi seryomgʻir, iliq, yozi issiq, quruq. Yanvarning oʻrtacha tempaturasi sohilda 12°, togʻ oraligʻidagi tekisliklarda 5°, iyulniki 25°. Eng yuqori tempatura hamma joyda 40° dan baland. Yozda quruq shamol va qattiq qurgʻoqchilik boʻlib turadi. Noyabr-yanvarda yogʻingarchilik koʻproq boʻladi. Yillik yogʻin Tel-Atlasda 400–800 mm, Kabiliya togʻlarida 1200 mm gacha. Qishda qor togʻ choʻqqilarida 10—20 kungina saqlanib turadi. Sahroi Kabir qismida iyulning oʻrtacha tempaturarasi 30°, yillik yogʻin 200–400 mm. Sahroi Kabirda choʻl iqlimi, yillik yogʻin 50 mm dan kam. Tempaturaning sutkalik farqi 30° ga yetadi. Qumli boʻron boʻlib turadi.

Quruq daryo oʻzanlari — vodiy koʻp. Eng kattasi — Shalif (uz. 700 km). Daryolarda qisqa vaqtli toshqinlar boʻlib turadi. J.ning shimoldagi vodiylarda toʻgʻon, suv omborlari va GESlar qurilgan. Sugʻorishda foydalaniladi. Sahroi Kabirda yer osti suvlarining zaxirasi katta. Shimoliy J.da jigarrang tuproqlar, balandlik mintaqalarida esa jigarrang va qoʻngʻir oʻrmon tuproqlari tarqalgan. Togʻ etaklarida shoʻrxoklar uchraydi. Sahroi Kabirda toshloq choʻl tuproqlari, shamolda koʻchib yuruvchi qumlar bor.

Sohillarda Oʻrta dengizga xos oʻsimliklar, togʻlarning 800–1000 m balandliklari oraligʻida doimiy yashil butazorlar, zaytun, xandon pista, undan yuqorida poʻkak daraxti, dub, qaragʻay, archa, sarv va b. oʻsadi. 1500–2000 m balandlikda tuyya va archazorlar, 2000 m dan yuqorida kedrzorlar bor. TelAtlasdan janubda chala choʻl oʻsimliklari, Sahroi Kabir qumlarida shoʻra, efemer oʻsimliklar oʻsadi.

Arslon, qoplon, gʻizol, tuyaqush, baklanning koʻpi qirib yuborilgan. Shimoliy Jazoirda maymun, toʻngʻiz, quyon, Sahroi Kabirda sirtlon, chiyaboʻri, tulki, gʻizol va jayronlar uchraydi. Kemiruvchilar, yirtqich qushlar, sudralib yuruvchilar, hasharotlar (chigirtka) va b. koʻp.

Aholisi asosan jazoir arablari (83 %) va barbarlardan iborat. Yevropaliklar ham bor. Shahar aholisi — 51,7 %. Rasmiy tili — arab tilining jazoir lahjasi. Arab va barbarlar islom dinining sunna mazhabida. Yirik shaharlari: Jazoir, Vahron, Qusantina, Annoba.

Tarixi Jazoir hududidan topilgan quyi va oʻrta paleolit davriga mansub tosh qurollar bu yerda 300—400 ming yil ilgari ibtidoiy odamlar yashaganidan dalolat beradi. Mil. av. XII asrda finikiyaliklarning birinchi manzilgohlari paydo boʻlgan. Mil. av. III asrda Jazoir hududida vujudga kelgan Numidiya davlatida shaharlar qurilgan, dehqonchilik rivojlangan. Keyinchalik u Rimning bir mil. av. 46 yil).

Rimliklar hukmronligi vaqtida lotin tili, II asrdan xristian dini tarqaldi. V asrda Jazoir hududini vandamar, VI asrda vizantiyaliklar egallagan. VII asrda Jazoir Arab xalifaligi tarkibiga qoʻshib olindi. Barbarlar islom dinini qabul qildi. VIII asrga kelib, Magʻribda bir necha sultonliklar Arab xalifaligidan ajralib chiqdi. Bulardan eng yirigi xorijiylar imomatlpgp edi. Keyinchalik bu yerda fotimiylar, ziyoriylar, hammodiylar davlati vujudga keldi. XI asrda ikki yirik arab qabilasi (Banu Hilol va Banu Sulaymon)ning Jazoirga kirib kelishi arablashtirishni tezlashtirdi. Mamlakatning gʻarbiy qismida Al-Murobitun, keyinchalik Al-Muvahhidun davlati paydo boʻldi.

XVI asr boshlarida Jazoirning qirgʻoqboʻyi shaharlarini ispanlar bosib oldi. Jazoir zamindorlari mamlakatni himoya qilishda „dengiz qaroqchilari“ deb nom chikargan aka-uka Barbarossaaan yordam surashdi. Lekin Xayruddin Barbarossa (1519—46 yillar xukmronlik qilgan) harbiy tartib oʻrnatib, oʻzini turk sultonining noibi deb eʼlon qildi. XVI asrning 2-yarmida Jazoir Usmonli turk saltanatining qirolligi (viloyati)ga aylantirildi. Yuqori tabaqa vakillari tomonidan saylangan dey (yoʻlboshchi) Bobo Ali turklarga boj toʻlamay, mustaqil boʻlib oldi (1711). Yevropa davlatlari Jazoir mustaqilligini tan olib, u bilan shartnoma tuza boshladilar. Lekin fransuzlar dey armiyasini yengib (1830), mamlakat poytaxti — Jazoirni egalladi. Mamlakat ichkarisida amir Abdulkrdir boshchiligidagi kabilalar fransuzlarga qattiq qarshilik koʻrsatdi. Lekin bu harakat bostirildi. Fransiya hukumati yevropaliklarga Jazoir yerlaridan foydalanishga ruxsat berdi. Mamlakatda yevropalik ishchilar, xizmatchilar va ziyolilar soni orta boshladi. Ammo mahalliy aholining siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari va yevropaliklar tuzgan tashkilotlarga aʼzo boʻlishi man qilingan edi. XX asr boshlarida yosh jazoirliklar harakati boshlandi. Bu harakat qatnashchilari jazoirliklarga Fransiya fuqarolarining siyosiy huquqlari berilishini talab qildilar. Birinchi jahon urushi yillarida jazoirliklar Fransiya armiyasiga safarbar qilindi, bu esa mahalliy aholi noroziligini yanada kuchaytirdi. Mustamlakachilar hukumati ozodlik harakati tazyiqi ostida ayrim jazoirliklarga (sarmoyador, mansabdor va yer egalariga) oʻzini oʻzi boshqarish organlariga saylovda ishtirok etishlariga rozilik berdi (1919). 1926-yil Fransiyadagi jazoirlik ishchilarning koʻpchiligi „Shimoliy Afrika yulduzi“ nomli milliy inqilobiy tashkilotga birlashdi. Lekin bu tashkilot 1929-yildan Parijda, 1936-yildan J.da yashirin ishlashga majbur boʻldi. 1931-yil tuzilgan Ulamolar uyushmasi madaniyat va taʼlimning arab tilida olib borilishini talab qilib chiqdi. Natijada mahalliy aholi birmuncha siyosiy erkinliklarga, siyosiy partiyalar va kasaba uyushmalariga aʼzo boʻlish huquqiga ega boʻldi. Siyosiy tashkilotlar J.ni tinch yoʻl bilan demokratlashtirish tarafdorlari tashkiloti — Musulmonlar Kongressi (1936-yil tuzilgan)ga birlashdi. Ammo Ikkinchi jahon urushi boshlanishi bilan mamlakatda reaksiya kuchayib, bir necha partiyalar faoliyati taqiqlab qoʻyildi. Mamlakatda ishsizlar tobora koʻpaydi. Bu esa mustamlaka tuzumiga karshi norozilikni yanada kuchaytirdi. 1947-yil Jazoirning togʻli joylarida partizan otryadlari (fidoyilar) paydo boʻldi. 1954-yil martda „Birlikda harakat qilish inqilobiy qoʻmitasi“ tuzilib, keyinchalik u Milliy ozodlik fronti (MOF)ga aylantirildi. MOF sekin-asta qurolli qoʻzgʻolonga tayyorlandi. 1954-yil 1-noyabr da qoʻzgʻolon boshlandi. Fransiya hukumati qoʻzgʻolonni bostirish uchun J.dagi armiyasining sonini koʻpaytirdi. Jazoir Milliy ozodlik armiyasi (JMOA, 1954-yil tuzilgan) barcha vatanparvarlar bilan birlashib, mustamlakachilarga qattiq qarshilik koʻrsatdi. 1958-yilda JMOA rahbarlari bilan Marokash va Tunis hukmron partiyalari vakillari ishtirokida Tanjer va Tunis shaharlaridagi anjumanda tuzilgan Jazoir Respublikasining Muvaqqat hukumatini Osiyo va Afrikaning koʻpgina davlatlari tan oldi. J.dagi milliy ozodlik kurashini bostira olmagan Fransiya xukumati yon berishga majbur boʻddi. 1962-yil 18-martda Evian sh.da tuzilgan shartnomaga muvofiq urush harakatlari toʻxtatilib, Fransiya Jazoirdan oʻz armiyasini, Sahroi Kabirdan harbiy bazalarini olib ketdi. 1962-yil oʻtkazilgan saylovda Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi tuzilganligi eʼlon qilindi. Respublikaning birinchi hukumatini Axmad Bin Bella boshqardi.

1963-yil avgust konstitutsiyasiga binoan prezidentlik va yakka partiyalik tizimi joriy qilinib, Ahmad Bin Bella prezident deb eʼlon qilindi. Shundan soʻng teskarichi kuchlar qoʻzgʻolon uyushtirdi va bu qoʻzgʻolon vaqti-vaqti bilan 1965-yilgacha davom etdi.

Agrar islohot oʻtkazilishining choʻzilib ketishi, mamlakatda ishsizlik koʻpligi natijasida aholi oʻrtasida hukumatga qarshi norozilik paydo boʻldi. 1965-yil 19-iyunda armiya Bin Bellani hokimiyatdan chetlatdi. Hokimiyat Inqilobiy Kengash qoʻliga oʻtdi va Xuari Bumiddin rahbarligida yangi hukumat tuzildi. Inqilobiy Kengash Amerikaning neft trestlari ustidan nazorat oʻrnatdi (1967), Fransiyaning 12 bankidan 11 tasini (1968) va chet el (asosan Fransiya) sanoat kompaniyalarini davlat ixtiyoriga oldi. 1979-yildan buyen prezident lavozimini egallab kelgan Sh. Binjadid 1992-yilda isteʼfoga chiqdi. 1995-yil 16-noyabrda oʻtkazilgan saylovda Liamin Zerual, 1999-yil 15-aprelda oʻtkazilgan saylovda Abdulaziz Buteflika prezident etib saylandi.

Jazoir — 1962-yildan BMT aʼzosi. Oʻzbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini 1992-yil 30-iyunda oʻrnatgan. Milliy bayrami — 1-noyabr — Inqilob kuni (1954).

Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari 1989-yilgacha Milliy ozodlik fronti mamlakatdagi birdan-bir partiya edi. Oʻsha yili boshqa partiyalarning faoliyatiga ham ijozat berildi. Asosiy partiyalari: Milliy ozodlik fronti, 1954-yil tuzilgan; Sotsialistik kuchlar fronti; 1963-yilda tuzilgan; Madaniyat va demokratiya uchun birlashma, 1989-yilda asos solingan;Jazoir bayrogʻi. Milliy demokratik birlashma, 1997-yilda tuzilgan; „AnNaxda“ harakati, 1990-yilda tashkil etilgan; Islom najot fronti, 1989-yilda asos solingan; Tinchlik uchun kurashuvchi jamiyat harakati, 1990-yilda tuzilgan, 1997-yilgacha Islom jamiyati harakati deb atalgan; Milliy islohotlar harakati, 1999-yilda asos solingan. Jazoir mehnatkashlari umumiy ittifoqi kasaba uyushmasi 1956-yilda tuzilgan, Afrika kasaba uyushmalari birligi tashkiloti va Arab kasaba uyushmalari xalqaro konfederatsiyasi aʼzosi.

Xoʻjaligi Jazoir — sanoati (xususan kon sanoati) nisbatan rivojlangan agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi — 37,7 %, qishloq xoʻjaligining ulushi — 14,9 %. Jazoir Afrika mamlakatlari ichida tabiiy gaz chiqarish, uzum yetishtirish va vino tayyorlashda, neft qazib olish, bugʻdoy, arpa yetishtirish va zaytun moyi tayyorlashda, sitrus mevalari yetishtirishda yetakchi oʻrinda turadi. Jazoir mustaqillikka erishgandan soʻng iqtisodiyotni tiklash va rivojlantirish yoʻliga oʻtdi. Iqtisodiyotda davlat sektori ustun mavqeni egallaydi (yalpi ichki mahsulotning salkam 80 %). Ammo davlat korxonalarining aksariyati oʻz quvvatining 40—50 % atrofida ishlaydi. Yengil va oziq-ovqat sanoatida xususiy sarmoya ustun — 70— 90 %, qurilishda 60 %, xizmat koʻrsatish, ulgurji va chakana savdoda 80 % gacha.

Sanoatda neft (yiliga oʻrtacha 35 mln. tonna), gaz (163 mlrd. m3), temir rudasi, fosfat va rangli metallar qazib olish va ularni qayta ishlash yetakchi tarmoqlarga aylangan. Temir va qoʻrgʻoshin rux rudalari, toshkoʻmir, birmuncha miqdor mis rudasi ham qazib olinadi. Bir yidda 17,3 mlrd. kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Mahsulot ishlab chiqarish sanoati metallurgiya, mashinasozlik, neftni qayta ishlash, kimyo va elektrotexnika tarmoqlari, qishloq xoʻjaligi xom ashyosini qayta ishlash korxonalaridan iborat. Oziq-ovqat, ayniqsa vinochilik, tamaki, konserva sanoati, zaytun yogʻi ishlab chiqarish rivojlangan. Toʻqimachilik, metall ishlash korxonalari bor.