Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi — BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1948-yil 10-dekabrda qabul qilingan deklaratsiya. U muqaddima va 30 moddadan iborat boʻlib, uni qabul qilishdan maqsad har bir inson va davlat mazkur. Deklaratsiyani nazarda tutgan holda maʼrifat va taʼlim orqali shu huquq va erkinliklar hurmat qilinishiga koʻmaklashishi lozim. Deklaratsiya har bir insonning tabiiy va ajralmas huquq va erkinliklari eʼlon etilgan asosiy xalqaro hujjatdir. Shu tariqa xalqaro munosabatlar tarixida birinchi marta insonning hamma rioya etishi zarur boʻlgan asosiy huquqlari va erkinliklari doirasi belgilab berilgan. Deklaratsiyada „insoniyat oilasining hamma aʼzolariga xos qadr-qimmatni, ularning teng va ajralmas huquqlarini tan olish — erkinlik, adolat va yalpi tinchlik negizi“ ekanligi eʼlon etilgan. Unga koʻra, umumhurmat va rioya qilishi shart boʻlgan inson huquqlari doirasi shaxsiy, siyosiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy huquqlardan iboratdir.

Shaxsiy huquqlar orasida avvalo har bir kishining hayoti, erkinligi va shaxsiy daxlsizligi huquqi alohida taʼkidlangan. Deklaratsiyaning boshqa qoidalari esa mazkur huquqlarni toʻldiradi. Xususan, hech kim qullikda, zabun holatda tutilmasligi, qiynoqqa yoxud ayovsiz, gʻayriinsoniy, odam shaʼnini yerga uradigan muomala va jazoga duchor etilmasligi, oʻzboshimchalik bilan qamoqqa olinmasligi, ushlab turilmasligi lozim ekanligi qayd etilgan. Shaxs huquqlari sirasiga shaxsiy va oilaviy hayotning, turar joyning daxlsizligi huquqi, yozishmalarni sir saqlash huquqi, oʻz shaʼni va obroʻsini himoya qilish huquqi, odil sudlov tomonidan muhofaza etilish huquqi kabilar kiradi (3— 5, 8—12-moddalar).

Deklaratsiyada insonning quyidagi siyosiy huquqlari hamda erkinliklari ham taʼkidlangan: fikrlash, vijdon, din erkinligi; eʼtiqod erkinligi va uni erkin ifodalash huquqi; tinch yigʻilishlar oʻtkazish hamda uyushmalarga aʼzo boʻlish huquqi; oʻz mamlakatini boshqarishda qatnashish huquqi; yashirin ovoz berish yoʻli bilan umumiy va teng saylash huquqi; erkin ravishda koʻchib yurish hamda oʻziga turar joy tanlash huquqi; boshpana huquqi; milliy yoki diniy alomat boʻyicha hech bir cheklovsiz nikohdan oʻtish va oila qurish huquqi; mulkka egalik qilish huquqi (13—21-moddalar).

Mehnat qilish huquqi, adolatli va yetarli ravishda taqdirlanish hamda mehnat uchun teng mehnat haqi olish huquqi, kasaba uyushmalari tuzish huquqi; dam olish huquqi; ijtimoiy taʼminlanish huquqi; onalik va bolalikni alohida himoyalash huquqi; taʼlim olish va madaniy hayotda qatnashish huquqi (22—27-moddalar) insonning asosiy ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari hisoblanadi.

Deklaratsiyada inson manfaatlarining ustuvorligi quyidagi tamoyillarda oʻz aksini topgan: inson huquqlarini hurmat qilish, inson huquqlarining tengligi, inson erkinliklari, inson huquqlarini amalga oshirishning demokratik jarayoni, inson huquqlarini taʼminlashning adolatligi. Deklaratsiyada eʼlon etilgan mazkur inson huquqlariga oid tamoyillarga koʻra barcha kishilar erkin tugʻiladi va oʻz qadr-qimmati hamda huquqlari jihatdan teng boʻlib, ular qonun oldida teng va qonun tomonidan bab-baravar himoyalanish huquqiga ega (1, 2, 7-moddalar).

Mazkur Deklaratsiya qoidalari davlat yoki ayrim shaxslar tomonidan inson huquqlarini buzish uchun ishlatilishi mumkin emas. Har bir shaxs uchun oʻzgalarning huquq va erkinliklarini hurmat qilish jamiyat aʼzolarining burchidir.

Ushbu Deklaratsiya mustaqil Oʻzbekiston Respublikasi imzolagan birinchi xalqaro hujjatdir (1991-yil 30-sentabr). Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining „Inson va fukarolarning asosiy huquklari, erkinliklari va burchlari“ deb atalgan 2-boʻlimi mazkur Deklaratsiya talablariga toʻla moye boʻlib, unda Oʻzbekiston Respublikasi barcha fuqarolari teng huquq va erkinliklarga ega boʻlishi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeʼidan qatʼi nazar, qonun oddida tengligi taʼkidlangan. Respublikada inson huquqlariga oid 100 dan ortiq qonunlar qabul qilingan va ular xalqaro meʼyorlar va andozalarga muvofiqlashtirilgan. „Inson huquqlari boʻyicha Oliy Majlis vakili (ombudsman) toʻgʻrisida“ qonun qabul qilingan (1997-yil 24-aprel). Inson huquqlariga rioya etilishi ustidan monitoring va nazoratni taʼminlovchi milliy institutlar — Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz va Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti ishlab turibdi. Toshkent shahrida hukumatga qarashli boʻlmagan „Human Rayts Votch Xelsinki“ xalqaro tashkilotining vakili, chet el ommaviy axborot vositalarining vakillari faoliyat koʻrsatmoqda hamda huquqni muhofaza qiluvchi boshqa xalqaro tashkilotlar bilan yaqin aloqa oʻrnatilgan.

Asosiy tamoyillar BMT Bosh Assambleyasining 3-sessiyasida 1948-yil 10-dekabrdagi 217 A (III) („Inson huquqlari boʻyicha xalqaro pakt“) rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan BMT ga aʼzo boʻlgan barcha davlatlar uchun tavsiya etilgan hujjat hisoblanadi. Deklaratsiya inson huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro billni tashkil etuvchi xalqaro hujjatlardan biri hisobladi:

Yaratilgan: 1948-yil

Retifikatsiya qilingan kun: 1948-yil 10-dekabr

Asl tili: Ingliz tili

Saqlash joyi: Chaillot saroyi, Parij

Muallif: Jon Xamfri, Rene Kassen, Chjan Penshun, Charlz Malik, Eleanor Ruzvelt va boshqalar

Yaratilish maqsadi: "Inson huquqlari "

Ushbu hujjat 30 ta moddadan iborat. Deklaratsiya matni barcha insonlar ega boʻlgan huquqlarning 1-global taʼrifi boʻlib, asosiy tamoyili 30 ta moddadan iborat boʻlib, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt, Iqtisodiy, ijtimoiy, va madaniy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt bilan birga Inson huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro billning 1-qismidir. Fuqarolik va siyosiy huquqlar, 2 ta ixtiyoriy protokollari hisoblanadi.

Preambula

Inson oilasi barcha aʼzolariga hos boʻlgan qadr‐qimmat hamda ularning teng va ajralmas huquqlarini tan olish erkinlik, adolat va yalpi tinchlikning asosi boʻlishini eʼtiborga olib,

Inson huquqlarini mensimaslik va oyoq‐osti qilish odamzod vijdonini oʻrtayotgan vahshiylarcha qilmishlarga olib kelganini hamda kishilar soʻz va maslak erkinligi sohibi boʻlib, qoʻrquv va muhtojlikdan holi boʻlib yashaydigan dunyoni bunyod etish odamlarning nufuzli intilishi, deb eʼlon qilinganligini eʼtiborga olib,

Inson soʻnggi chora sifatida zulm va istibdodga qarshi isyon qilib bosh koʻtarishga majbur boʻlmasligining oldini olish maqsadida inson huquqlarni qonun izmi bilan muhofaza etilishi zarurligini eʼtiborga olib,

Xalqlar oʻrtasida doʻstona munosabatlarni rivojlantirishga koʻmaklashish zarurligini eʼtiborga olib,

Birlashgan Millatlarning xalqlari Ustavida insonning asosiy huquqlarni, qadr‐qimmati va inson shaxsning benazirligiga hamda erkaklar va aѐllarning teng huquqligiga oʻz ishonchlarini tasdiqlaganliklarni hamda katta huquq bilan ijtimoiy taraqqiyot va turmush sharoitini yaxshilashga yordam berishga qaror qilganliklarni eʼtiborga olib,

Aʼzo boʻlgan davlatlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda inson huquqlari va asosiy erkinliklarni yalpi hurmat qilish va rioya etishga yordamlashish majburiyatini olganliklarni eʼtiborga olib,

Ushbu huquqlar va erkinliklar tusini yalpisiga tushunib olish mazkur majburiyatni toʻla‐toʻkis bajarilishi uchun juda katta ahamiyatga ega boʻladi.

Bosh Assambleya

Inson huquqlari mazkur umumjahon deklaratsiyasini barcha xalqlar va barcha davlatlar bajarishiga intilishi lozim boʻlgan vazifa sifatida eʼlon qilar ekan, bundan muddao shuki, har bir inson va jamiyatning har bir tashkiloti hamisha ana shu deklaratsiyani nazarda tutib maʼrifat va ilm yoʻli bilan ushbu huquqlar va erkinliklarning hurmat qilinishiga yordam berishga intilishlari hamda milliy va xalqaro taraqqiyparvar tadbirla yoʻli bilan ham, ushbu huquqlar va erkinliklarning Tashkilotga aʼzo boʻlgan davlatlar xalqlari oʻrtasida va mazkur davlatlarning yurisdiksiyasidagi hududlarda yashaѐtgan xalqlar oʻrtasida yalpisiga va samarali tan olinishiga kerak.

1‐modda

Barcha odamlar erkin, qadr‐qimmat va huquqlarda teng boʻlib tugʻiladilar. Ular aql va vijdon sohibidirlar va bir‐birlariga birodarlarcha muomala qilishlari zarur.

2‐modda

Har bir inson, biror bir ayirmachiliksiz, irqi, terisining rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy eʼtiqodi yoki boshqa eʼtiqodlaridan, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishidan, mulkiy ahvoli, qaysi tabaqaga mansubligi va boshqa holatlaridan qatʼi nazar, mazkur Deklaratsiyada eʼlon qilingan barcha huquqlar va erkinliklar sohibi boʻlishi kerak. Bundan tashqari, inson mansub boʻlgan mamlakat yoki hududning siyosiy, huquqiy yoki xalqaro maqomidan qatʼi nazar, ushbu hudud mustaqilmi vasiylikdami, oʻzini oʻzi boshqaradimi, yoki mustaqilligi biror bir tarzda cheklanganmi, bundan qatʼi nazar sira ayirmachilik boʻlmasligi kerak.

3‐modda

Har bir inson yashash, erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga egadir.

4‐modda

Hech kim qullikda yoki qaramlikda saqlanishi mumkin emas; qullik va qul savdosining barcha turlari taqiqlanadi.

5‐modda

Hech kim azob‐uqubatga yoki vahshiylarcha, insonlikka isnod boʻlgan yoki qadr‐qimmatni xoʻrlaydigan muomala va jazoga mustahiq boʻlmasligi kerak.

6‐modda

Har bir inson, qayerda boʻlishidan qatʼi nazar, oʻzining huquq subyekti sifatida tan olinishi huquqiga egadir.

7‐modda

Barcha odamlar qonun oldida tengdir va, sira ayirmachiliksiz, qonun tomonidan bab-baravar muhofaza etilishi huquqiga egadir. Barcha odamlar mazkur Deklaratsiyani buzadigan har qanday kamsitishidan teng muhofaza qilinish huquqiga va ana shunday kamsitishga gij‐gijlashdan teng muhofaza qilinish huquqiga egadirlar.

8‐modda

Har bir inson, mabodo uning konstitutsiya yoki qonun berib qoʻygan asosiy huquqlari buzilgudek boʻlsa, nufuzli milliy sud tomonidan oʻz huquqlarining samarali tarzda tiklanishi huquqiga egadir.

9‐modda

Hech kim oʻzboshimchalik bilan qamalishi, ushlanishi yoki quvgʻin qilinishi mumkin emas.

10‐modda

Har bir inson, uning huquqlari va burchlarini belgilash va unga qoʻyilgan jinoiy aybning nechogʻligi asoslanganligini aniqlash uchun, batamom tenglik asosida, oʻz ishi oshkora, adolatning barcha talablariga rioya etilib, mustaqil va xolis sud tomonidan koʻrib chiqilishi huquqiga egadir.

11‐modda

Jinoyat sodir etishda ayblanayotgan har bir insonga himoya uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilib, sud majlisida oshkora tartibda qonuniy yoʻl bilan uning aybdorligi aniqlanmaguncha, beayb deb hisoblanish huquqiga egadir.

Hech kim, biror bir xatti‐harakat yoki faoliyatsizlik sodir etilgan vaqtda, bular milliy qonunlar yoki xalqaro huquqqa koʻra oʻsha paytda jinoyat deb topilmagan boʻlsa, shu jinoyatni sodir etganliklari asosida hukm qilinishlari mumkin emas. Shuningdek, jinoyat sodir etilgan vaqtda qoʻllanishi mumkin boʻlgan jazoga nisbatan ogʻirroq bir jazo qoʻllanishi ham mumkin emas.

12‐modda

Hech kim insonning shaxsiy yoki oilaviy hayotiga oʻzboshimchalik bilan aralashishi, insonning uy‐joyi daxlsizligiga, uning xatlaridagi sirlarga yoki or‐nomusi va shaʼniga oʻzboshimchalik bilan tajovuz qilishi mumkin emas. Har bir inson ana shunday aralashish ѐki ana shunday tajovuzdan qonun yoʻli bilan himoya huquqiga egadir.

13‐modda

Har bir inson har bir davlat hududida erkin yurish va oʻziga istiqomat joyi tanlash huquqiga egadir.

Har bir inson har qanday mamlakatdan, shu jumladan oʻz mamlakatidan chiqib ketish va oʻz mamlakatiga qaytib kelish huquqiga egadir.

14‐modda

Har bir inson taʼqibdan boshqa mamlakatlarda boshpana izlash va bu boshpanadan foydalanish huquqiga egadir.

Mabodo, aslida siѐsatga daxldor boʻlmagan jinoyat yoki Birlashgan Millatlar Tashkiloti maqsadlari va prinsiplariga zid boʻlgan xatti‐harakat sodir etilishi asosida jinoyat yuzaga kelsa bu huquqdan foydalanish mumkin emas.

15‐modda

Har bir insonning fuqarolik huquqi bor.

Hech kim oʻzboshimchalik bilan oʻz fuqaroligini oʻzgartirish huquqidan mahrum etilishi mumkin emas.

16‐modda