Keniya yoki Kenya (), Kenya Respublikasi () — Sharqiy Afrikadagi davlat. BMT aʼzosi. Maydoni — 582,6 ming km. Aholisi — 30,7 mln. kishi (2001). Poytaxti Nairobi shahri. Maʼmuriy jihatdan 7 viloyat (province)ra va poytaxt okrugiga boʻlinadi.
Davlat tuzumi Kenya — respublika. Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdoʻstlikka kiradi. Amaldagi konstitutsiyasi 1969-yilda qabul kilingan, keyinchalik tuzatishlar kiritilgan. Davlat boshligʻi — prezident (1978-yildan Daniel arap Moi). U umumiy toʻgʻri ovoz berish yoʻli bilan 5 yilga saylanadi va qayta saylanishi mumkin. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni prezident va Millat majlisi (bir palatali parlament), ijroiya hokimiyatni prezident, vitse-prezident va hukumat amalga oshiradi.
Tabiati Kenya Sharqiy Afrika yassitogʻligi (sharqda balandligi 500 m va gʻarbda bal. 1500 m) Shimoli-sharqiy chekkasida joylashgan. Hind okeani sohili uzilma togʻlardan iborat, tik va kam parchalangan. Jan.dan shim.ga tomon kengayib (50–200 km) boradigan tekislik bor. Unga tutash botiqning atrofi togʻ tizmalari (sharqda Aberder, bal. 400 m gacha, gʻarbda May va Elgeyo, bal. 3000 m gacha) va soʻngan vulkanlar (Kenya togʻi, 5199 m — Kenyadagi eng baland choʻqqi), Viktoriya koʻli boʻylari kambar tekislik bilan oʻralgan. Trona, oltin, kianit, diatomit, ohaqtosh, grafit, polimetall ruda konlari topilgan. Keniya ekvator iqlim mintaqasidajoylashgan. Sohilda harorat issiq (iyulda oʻrtacha temperatura 24—25°, yanvarda 27°), yassitogʻlikda salqinroq. Yillik yogʻin miqdori Shimoli-sharqda 250 mm dan janubi-gʻarbda 1500–2000 mm gacha. Ekvator yaqinida seryomgʻir mavsum: mart—aprel va noyabr—dekabr Daryolari kam suvli, qisqa, ayrimlaridagina kema qatnaydi. Yiriklari: Tana, Galana. Oqmas koʻl koʻp (eng kattasi — Rudolf). Mamlakatning sharqi va Shimoli-sharqi jigarrang-qizil lateritlashgan, toshloq, kamhosil, aksar shoʻr tuproqli. Shim.-gʻarbi va janubi-sharqi qizil-qoʻngʻir, Viktoriya koʻli boʻylari oʻtloqi qizil-qoʻngʻir, Hind okeani sohili qora va boʻz tuproqli. Kenya shimolida tikanli oʻrmonlar va butazorlar, choʻlga aylanayozgan savannalar, gʻarbida boʻydor oʻtli savannalar, togʻ etaklarida sernam tropik oʻrmonlar, togʻlarda oʻtloqlar bor. Yovvoyi hayvonlardan fil, karkidon, zebra, buyvol, jirafa, arslon, maymunlar, daryolarda timsoh, begemotlar uchraydi. Kenyada qoʻriqxona va milliy bogʻlar (Savo, Sibilon, Maun-Kenya, Meru, Aberder va boshqalar) koʻp.
Aholisining 66% ni benue-kongo tillarida soʻzlashuvchi xalqlar tashkil etadi. Ularning yiriklari: kikuyyu, luxya, kamba, kisii, meru va boshqa. Kenyada hindlar, yevropaliklar, arablar va b. ham yashaydi. Rasmiy tillar — suaxili va ingliz tillari; aholining 1/2 qismi mahalliy dinlarga eʼtiqod qiladi, qolganlari xristianlar, musulmonlar va boshqalar. Jami aholining 25,3% shaharlarda yashaydi. Yirik shaharlari: Nayrobi, Mombasa, Nakuru, Kisumu.
Tarixi Kenya hududida ilk paleolit davrida manzilgohlar boʻlgani maʼlum. Ayrim tadqiqotchilar dastlabki odamzot shu yerda paydo boʻlgan, deb hisoblaydilar. Hozirgi aholisining koʻpchiligi XIV—XIX asrlarda Afrikaning turli joylaridan kelgan bantu va nilot qabilalaridan tarqalgan. Mil. av V—VI asrlarda Keniyaga yunon, misr, xitoy, arab dengiz sayyohlari va savdogarlar kelib ketib turgan. VII—VIII asrlarda qishloqlar, XI—XV asrlarda shahar-davlatlar paydo boʻldi. XVI asrda portugallar Kenyaning sharqiy qismini bosib oldi. XVIII asrda bir necha arab sultonliklari vujudga keldi va qul savdosi rivojlandi. Buyuk Britaniya qul savdosiga qarshi kurash bahonasi bilan Keniyaga suqilib kela boshladi. XIX asr oxirida Keniya Buyuk Britaniya qoʻl ostiga oʻtdi. Mustamlakachilar mahalliy aholidan unumdor yerlarni tortib oldi. Afrikaliklar maxsus ajratilgan joylarda yashashga majbur etildi, irqiy kamsitildi. 1920-yilda Keniya Buyuk Britaniya mustamlakasi deb eʼlon qilindi. Shundan keyin mustamlakachilikka qarshi harakat qiluvchi siyosiy tashkilotlar (Kikuyyu tashkiloti va b.) tuzilib, ular majburiy mehnat bekor qilinishi, soliqlar qisqartirilishini, maorif tizimi yaxshilanishi va tortib olingan yerlar qaytarib berilishini talab qildi. Ikkinchi jahon urushi davrida Keniya oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi xom ashyosi yetkazib beruvchi manbaga aylantirildi, kenyalik askarlar Buyuk Britaniya mustamlaka qoʻshinlari safida Yaqin Sharq va Birma (hoz. Myanma)dagi urushda qatnashdilar. 40-yillar oxirida ozodlik harakati yanada kuchaydi. 1952-yilda qurolli qoʻzgʻolon boshlandi. Qoʻzgʻolon 4 yil davom etdi. Mustamlakachilar qoʻzgʻolonni bostirib vatanparvarlardan 11 ming kishini oʻldirdi, 100 mingga yaqin kishini qamoqqa oldi. 1960-yil tuzilgan Keniya afrikaliklar milliy ittifoqi (KANU) Keniya mustaqilligini talab qildi. 1961-yil Krnun chiqaruvchi kengashga oʻtkazilgan saylovda KANU 67% ovoz oldi. 1963-yil mayda yangi Millat majlisiga oʻtkazilgan saylovda ham KANU gʻolib chiqib, J. Keniata boshchiligida birinchi milliy hukumat tuzildi. 1963-yil 12-dekabrda Keniya mustaqil davlat, 1964-yil 12-dekabrda esa respublika deb eʼlon qilindi Kenya — 1966-yildan BMT aʼzosi. Milliy bayrami — 12-dekabr — Mustaqillik kuni (1963).
Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari Demokratik partiya, 1992-yilda tuzilgan; Keniya afrikaliklar milliy ittifoqi (KANU), 1960-yilda asos solingan; Milliy rivojlanish partiyasi, 1994-yilda tuzilgan; Sotsial-demokratik partiya, 1992-yilda asos solingan; Ford-Asili va Ford-Keniya partiyalari, 1992-yil oktabrda tuzilgan. Keniya kasaba uyushmalari markaziy tashkiloti, 1965-yilda tuzilgan.
Iqtisodiyoti Kenya — agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda qishloq, oʻrmon xoʻjaligi va baliqchilikning ulushi — 24%, sanoatning ulushi — 10% gayaqin. Iktisodiyotining asosi — q.h., uning mahsuloti mamlakat eksportining 3/4 qismini tashkil etadi. Kenya mustaqillikka erishgach, yalpi ichki mahsulot tarkibida qishloq xoʻjaligining ulushi tobora pasayib, sanoat va savdoning ulushi oshib, natural ishlab chiqarish ulushi kamaydi.
Qishloq xoʻjaligida aholining 70% band. Asosiy ekinlari — kofe, choy, sizal, piretrum, paxta, sholi, bugʻdoy, shakarqamish; ichki ehtiyojlar uchun makkajoʻxori, maniok, tariq, joʻxori, arpa yetishtiriladi. Sut chorvachiligi, parrandachilik, choʻchqachilik rivojlangan. Qoramol, qoʻy, echki boqiladi. Baliq ovlanadi va yogʻoch tayyorlanadi.
Sanoati, asosan, qishloq xoʻjaligi xom ashyosini qayta ishlovchi korxonalar va hunarmandchilik ustaxonalaridan iborat. Oziq-ovqat, toʻqimachilik, avtomobil yigʻuv, koʻnchilik, kimyo, neftni qayta ishlash, taxta tilish va metallsozlik, qogoz sanoati korxonalari, sement zavodlari ham bor. Konchilik sanoatida flyuorit, tabiiy soda, diatomit, kaolin, gips, kianit, asbest, osh tuzi qazib chiqarish ustun. Birmuncha miqdorda mis, qoʻrgʻoshin, kumush qazib olinadi. Yirik sanoat markazlari: Nayrobi, Mombasa, Kisumu, Nakuru, Tika, Eldoret shahri Energetika soxasida gidroelektr stansiyalariningsalmogʻi katta. Tana daryosi boʻyida Gitaru, Kamburu, Kindaruma GESlari qurilgan. Yiliga oʻrtacha 3,1 mlrd. kVt-soat elektr energiyasi hosil qilinadi.
Transporti 3 ming km temir yoʻl, 62 ming km avtomobil yoʻli bor (shundan 4,5 ming km asfaltlangan). Asosiy dengiz porti — Mombasa. Nayrobi va Mombasada xalqaro aeroportlar bor.
Kenya chetga kofe, choy, neft mahsulotlari, tamaki, piretrum, sizal, meva va sabzavot, kalsinirlangan soda, goʻsht, teri, sement va hokazo chiqaradi. Chetdan sanoat va transport uskunalari, oziq-ovqat va kimyo mahsulotlari, qora va rangli metall, neft, dori-darmon va hokazo oladi. Tashqi savdodagi asosiy mijozlar — Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSH, Yaponiya, Niderlandiya. Tashqi sayyohlik rivojlangan. Pul birligi — Kenya shillingi.
Tibbiy xizmat Sogʻliqni saqlash tizimiga davlat rahbarlik qiladi. Yuqumli kasalliklar (bezgak, ichburugʻ, yuqumli gepatit, ich terlama va b.) keng tarqalgan. Xususiy shifoxonalar ham bor. Vrachlar Nayrobi universitetida, oʻrta malakali tibbiy xodimlar Tibbiy tayyorgarlik markazi va tibbiyot maktablarida tayyorlanadi.
Maorifi, madaniy-maʼrifiy va ilmiy muassasalari Keniyada boshlangʻich maktab 7 yillik va bepul. Bolalar 6 yoshdan ingliz tilida oʻqitiladi. 4-sinfdan boshlab suaxili tili.oʻrgatiladi. Oʻrta maktab 6 yilliKeniya Mamlakatda 16 ming boshlangʻich, 2,5 ming oʻrta maktab bor.. Ilk hunar-texnika taʼlimi boshlangʻich maktab negizida 2—6 yillik savdo, tijorat, hunarmandchilik, qishloq xoʻjaligi, oʻrmon va veterinariya hunar bilim yurtlari va maktablarida, shuningdek, korxonalarda amalga oshiriladi. Oʻrta texnika taʼlimi kichik oʻrta maktab negizida kollejlarda tashkil etilgan. Oliy oʻquv yurtlari: Nayrobidagi Milliy universitet, Egerton universiteti, Nayrobidagi universitet kolleji. Yirik kutubxonalari: Milliy universitet kutubxonasi, Nayrobidagi Yodgorlik kutubxonasi, universitet kolleji kutubxonasi, Mombasadagi ommaviy kutubxona; muzeylari: Nayrobidagi Keniya milliy muzeyi, Kitale sh.dagi Gʻarbiy Keniya milliy muzeyi, Mombasadagi muzey va b.
Kenyada 20 ga yaqin ilmiy muassasa, jumladan, Nayrobida Keniya industrial tadqiqot instituti, Milliy qishloq xoʻjaligi laboratoriya, Tibbiyot tadqiqotlari laboratoriya, Sil kasalliklari tadqiqot markazi, Q.x. tadqiqot markazi, Tibbiy tadqiqot instituti, Sharqiy Afrika instituti, Afrika tarixini oʻrganuvchi xalqaro institut, Nyanza viloyatida paxta tadqiqoti stansiyasi, Ru-iruda kofe tadqiqoti markazi, Kerichoda choy tadqiqoti instituti va b. bor.
Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi Kenyada 60 ga yaqin gaz. va jurnal nashr etiladi. Eng muximlari: „Deyli neyshn“ („Millatning kundalik gazetasi“, ingliz tilida, 1960-yildan), „Kenya leo“ („Bugungi Kenya“, suaxili tilidagi kundalik gaz., 1983-yildan), „Kenya tayme“ („Kenya vaqti“, ingliz tilidagi kundalik gaz., 1982-yildan), „Pipl deyli“ („Xalq kundalik gazetasi“, ingliz tilida, 1998-yildan), „Standard“ („Bayroq“, ingliz tilidagi gaz., 1902-yildan), „Taifa leo“ („Hozirgi millat“, suaxili tilidagi kundalik gaz., 1960-yildan), „Dram“ („Doʻmbira“, ingliz tilidagi oylik jurnal, 1956-yildan), „Target“ („Maqsad“, ingliz tilidagi jurnal, 1964-yildan).’ Keniya axborot agentligi (KNA) 1963-yil dekabrda tashkil etilgan. Keniya radioeshittirish korporatsiyasi 1989-yilda tuzilgan. Radioeshittirishlar 1927-yildan, telekoʻrsatuvlar 1962-yildan olib boriladi.
Adabiyoti asosan, ingliz tilida, shuningdek, kikuyyu, masai, suaxili va b. mahalliy tillarda folklor negizida rivojlanib kelayotir. Umuman Keniyada yozma adabiyot XVII asrda suaxili tilida yuzaga keldi. Unda qahramonlik, diniy va b. mavzudagi dostonlar muhim oʻrin tutadi. Etnograf olim, milliy-ozodlik harakatining rahbari J. Keniata xalq afsonalari, ertaklari, rivoyatlarini qayta ishlab eʼlon qildi. Oʻzi ham „Kenya togʻiga qarab“ (1936) va „Mening xalqim — kikuyyu“ (1942) kitoblarini yozib nashr ettirdi. XIX — XX asrlarda ham, asosan, nazm rivojlandi. Nasriy asarlar 50-yillar oxirida yuzaga kela boshladi. M. Gikaruning „Quyosh oʻlkasi“, V. Itotening „General May May“, J. Kariukaning „May May hibsda“, M. Gateruning „Ikki olam farzandi“ qissalarida inglizlarning Keniyani mustamlakaga aylantirishi va demokratik kuchlarning ozodlik uchun kurashi koʻrsatilgan. J. Ngugining ingliz tilidagi romanlari („Yigʻlama, boʻtam“, „Oramizdagi daryo“) va „Qora darvish“ pyesasi eʼlon kilingan. Keyingi yillarda B. O. Vandera, E.Xinga, M.Alot, M.Mvangi, A.Kadambe, D.Karoka, L.Kibera, M.Ruxena kabi yosh yozuvchilar adabiyot maydoniga oʻz ovozlari va yangi mavzular bilan kirib keldilar. Ngugi Va Txiongoning „Qonli yaproklar“ va „Sanamdagi iblis“ romanlari ayniqsa diqqatga sazovor.
Meʼmorligi va tasviriy sanʼati