Alkogolizm — tibbiyot nuqtai nazaridan spirtli ichimliklarni mudom ichaverish oqibatida roʻy beradigan surunkali kasallik; ashaddiy ichkilikbozlik. Keng maʼnoda — spirtli ichimliklarni meʼyoridan ortiq ichishning kishilar sogʻligʻi va mehnat qobiliyatiga, maʼnaviy va maishiy hayotiga, shuningdek jamiyat farovonligiga yetkazadigan zararlari majmui. Alkogolizm individual va ijtimoiy hayotning hamma shakllariga taʼsir koʻrsatadi. Ichkilik taʼsirida odamlar jamiyat va davlat oldida mas’uliyat sezish hissini yoʻqotib qoʻyadi, bezorilik va qonunni buzishga aloqador boshqa xatti-harakatlarni qilishi mumkin. Alkogolizm ishlab chiqarishga zarar yetkazadi, mehnat intizomining buzilishi va unumdorligining pasayishi, odamlarning xastalanib qolishi va hatto bevaqt halok boʻlishiga olib keladi. Mastlikda odamning muvozanatni yaxshi saqlay olmasligi, diqqati chalgʻib, atrofdagi vaziyatni aniq bila olmasligi baxtsiz hodisalarga sabab boʻladi.
Alkogolizm odam organizmidagi hamma sistemalar va aʼzolar faoliyatiga putur yetkazadi. Ichkilikboz odam oʻzi ichayotgan ichkilik miqdorini bilmay qoʻyadi, markaziy va periferik nerv sistemasi faoliyati buzilib (psixik kasalliklar, nevritlar va boshqa paydo boʻladi), ichki aʼzolar funksiyasi izdan chiqadi. Ichkilikning zaharli taʼsiri moddalar almashinuvi, ayniqsa vitaminlar almashinuvining buzilishiga olib keladi. Ichkilikboz odam qoʻl barmoqlari, koʻz qovoqlari, til uchining titrab turishi, shuningdek har kuni bajarib yurgan odatdagi ishini bajara olmay qolishi mumkin. Koʻp ichadigan odamda koʻz xiralashib, baʼzan quloq ham ogʻir tortib qoladi. Ichkilikning meʼdaga taʼsiri natijasida shu aʼzoning barcha funksiyalari buziladi. Ichkilik ayniqsa jigarga zararli taʼsir koʻrsatib, jigar sirrozi yuzaga keladi. Alkogolizm pankreatit, qand kasalligi, stenokardiya va miokard infarkti kasalliklariga ham sabab boʻladi. Ichkilik ichki sekretsiya bezlari va birinchi galda jinsiy bezlarga zarar qiladi, mijoz susayib, jinsiy zaiflik paydo boʻladi. Ayollar ichkilik taʼsirida tez soʻlib qoladi, pushti susayib, homiladorlik vaqtida har xil asoratlar koʻproq uchraydi. Mudom ichib yurish kishining barvaqt qarib, nogiron boʻlib qolishiga olib keladi. Alkogolizmning oldini olish. alkogolizm belgilari paydo boʻlganda, ichkilikbozni narkologiya shifoxonalariga yotqizib, uzoq vaqt davomida narkolog vrach kuzatuvida muntazam davolanishni tashkil qilish kerak.
Tavsifi Surunkali alkogolizmning rivojlanishi bilan qaram odamda salbiy fazilatlar kuchayadi, u xudbin, qattiqqoʻl va boshqalarga toqat qilmay qoladi. U oʻz nuqtai nazarini har qanday qarshilikni gʻazab va tajovuz bilan qabul qiladi, shuning uchun uni turmush tarzini oʻzgartirishga harakat qilish juda mushkul. Uning uchun hamma narsaning markazida alkogol va u bilan bogʻliq narsalar turadi. Asta-sekin, qaram odam oʻz ishiga, oilasiga qiziqishni yoʻqotadi, u yaqinlarining ehtiyojlari haqida qaygʻurishdan toʻxtaydi.
Vaqt oʻtishi bilan ichkilikka xirs qoʻyish tobora kuchayib, kishi huddi haddan tashqari ochqolgan, chanqagan odam koʻyiga tushadi, shunda uning koʻz qorachiqlari kengayib, aʼzoyi badanini ter bosadi. Mastlikning birinchi holatdagi beradigan rohati ham kamayadi, u edni insonni boʻshashtirmaydi, tinchlantirmaydi ham, aksincha serharakat, tinib-tinchimas qilib qoʻyadi. Bemor ichkilik ichmagan vaqti lanj, paishonxotir ahvolda boʻladi, ammo ichib olgach jonlanib, harakatlari chaqqonlashadi. Lekin bunday koʻngil hushlikdan u tezgina tajanglik, gʻazabga tushadigan, yigʻlayveradigan holatga oʻtib qolishi, shuningdek, unda oʻrinsiz rashk, janjalkashlik, bosqinchilik ruhi paydo boʻlishi mumkin. thumb|Alkogolizmga mukkasidan ketish
Klinik manzarasi Mastlikning quyidagi turlari mavjud:
Oddiy mastlik holati boʻlib, uning 3 darajasi bor.
1. Yengil darajasida kayfiyatning koʻtarilishi, tetiklik, mamnunlik, shirin xayollar paydo boʻladi. Bunda nutqning baland boʻlishi, tezlashishi, imo-ishoralarning jonlanishi, harakatda aniqlikning yoʻqolishi bilan xarakterlidir. Bu darajadagi ichgan odamlar bajarayotgan ishning hajmi, sifati pasayadi. Vegetativ belgilardan yuzning qizarishi yoki oqarishi, jinsiy maylning oshishi namoyon boʻladi. Mastlikning yengil darajasida barcha voqealar bemorning xotirasida saqlanib qoladi.
2. Oʻrtacha ogʻir darajasi — bunda, koʻtarinki kayfiyat, jahldorlik, tajanglik, xafachilik boʻlib turadi. Mast kishi oʻz qobiliyatini yuqori baholaydi, oʻzoʻzini tanqid qilish pasayadi, harakatning chuqurroq buzilishi, ataksiya va dizartriya namoyon boʻladi. Fikrlashning susayishi, nutqning sekinlashuvi, bir soʻzni qayta-qayta takrorlashi paydo boʻladi. Bemorning diqqat eʼtibori pasayadi.
3. Mastlikning ogʻir darajasi — bunda, karaxtlik belgilari paydo boʻlib koma holatiga tushadi. Bunda bemorlarda muvozanat buziladi, mushaklar atoniyasi, amimiya, dizartriya belgilari namoyon boʻladi. Bemorlarda bosh ogʻriq, bosh aylanish, koʻngil aynish, qusish, nafas olish va yurak qontomir faoliyatida oʻzgarishlar boʻladi. Natijada, qoʻloyoqlarning sovuq qotishi, koʻkarib qolishi, haroratning pasayishi, tutqanoq xurujlari paydo boʻlib, ixtiyorsiz tagiga siyib yuborish va axlat chiqishi kuzatiladi. Mastlik holatining bu darajasida kishi xotirasi butunlay saqlanmaydi.
Oddiy mastlikning oʻzgargan turi Bu, asoratli mastlik boʻlib, bunda ruhiy buzilishlar kuchayib yoki pasayib ketadi. Oddiy mastlikning quyidagi oʻzgargan turi mavjud.
1. Eksploziv turi — mastlikka xos baland kayfiyat kamroq boʻlib, qisqa vaqt boʻladigan jahldorlik, norozilik bilan almashinib turadi.
2. Disforik turi — bunda, ruhiy taranglik, gʻamginlik, jahldorlik, tushkunlikka tushish, atrofdagi kishilarga xavf solish paydo boʻladi.
3. Isterik turida harakatning buzilishi boʻlib, qoʻllarini qiyshaytirib, bezovtalanadi, bunda oʻziga yengil jarohat yetkazishi mumkin. Bemorda
isterik tutqanoq xuruji paydo boʻlishi mumkin.
4. Depressiv turi-kayfiyatning pasayishi boʻlib, bemorlar koʻpincha, yigʻlaydilar, gʻamginlik, bezovtalanish, oʻziga suiqasd qilish fikrlari paydo boʻladi.
5. Somnolensiya turi— qisqa vaqt koʻtarinki kayfiyatdan soʻng, uyqu kelishi va uxlab qolish mumkin.
6. Epileptoid turida epilepsiya xuruji va harakat koʻzgʻalishlari kuzatiladi.
7. Paranoid turi—bunda, harakat va nutq qoʻzgʻalishi kuchayib, atrofdagi kishilarni haqorat qiladi, urush va janjal qiladi.
Kasallikka xos mastlik Kasallikka xos mastlik oʻta oʻtkir oʻtkinchi psixoz boʻlib, spirtli ichimlik ichish natijasida paydo boʻladi. Hushning qorongʻilashuvi, uyquga ketish, ruhiy yoki jismoniy toliqish bilan kechadi. Bu holat erkaklarda boʻlib, qaltis harakatlar bilan oʻtadi va toʻliq amneziya bilan tugaydi. Alkogolni tez-tez isteʼmol qilish natijasida, odam unga oʻrganib qoladi va surunkali alkogol kasalligiga olib keladi. Surunkali alkogol kasalligining quyidagi bosqichlari mavjud:
1. Asosiy belgisi ichkilikka xos moyillik (intilish) boʻlib, oddiy ichikilikbozlikdan kasallikka oʻtishdan dalolat beradi. Birlamchi ichkilikka moyillik faqat ichkilik ichish bilan oʻtadigan marosim paytida paydo boʻladi. Bemorlar ichkilik ichish maqsadida, bunday marosimlarni oʻylab topadilar va tezlatadilar. Oʻzlari esa jonlanib ketadilar. Hamma ishlarni tashlab, ichkilik ichishga shoshiladilar, agar bemorlar oldida toʻsiqlar paydo boʻlsa, ularning ruhiyati, kayfiyati pasayib jahllanadilar,
qoniqarsiz boʻlib qoladilar. Birinchi bosqichda bemorlar mast boʻlishlari uchun ichkilik miqdorini 2—3 barobar oshirib ichadilar. Ichkilikka chidamlilikning oshishi qayt qilishning yoʻqolishi bilan kuzatiladi va mastlik holatiga olib keladi. Bemorlar bu mastlik holatidagi voqealarni xotirada saqlab qolmaydilar (giyohvand amneziya.)
2. Kasallikning birinchi bosqichdagi belgilarning kuchayishi bilan abstinent belgi (bosh ogʻriq) paydo boʻladi. Bunda bemorda mastlik tugashi bilan behollik va vegetativ oʻzgarishlar kuzatiladi. Bosh ogʻriq, bosh aylanish, yurak urishi, yuz va koʻz olmasining qizarishi, tinka qurishi, lanjlik paydo boʻlishi bilan davom etadi. Bu holat kechayu kunduz paydo boʻladi. Agar bemor ozgina ichsa, uning ahvoli yaxshilanadi. Alkogolizm rivojlanib borsa, abstinent holati ham ogʻirlashib boradi.
Bunda vegetativ oʻzgarishlar bilan birga somatik oʻzgarishlar ham qoʻshiladi. Bularga yurak qon tomir urishining buzilishi, ishtahaning kamayishi, ich
buzilishi, qayt qilish, qorindagi ogʻriqlar. Asab — ruhiy sohasida esa butun tanada titroq, xavotirlik, vasvasalar, oʻz-oʻzini ayblash, jahldorlik, koʻrolmaslik, yomon tush koʻrishlar, gallutsinatsiyalar paydo boʻladi. Abstinent holati 2—5 kun davom etib, bemorlar ertalabdan bosh ogʻriq uchun ichadilar. Bunda bemorni ichkilik ichishdan toʻxtatib boʻlmaydi. Ichkilikka boʻlgan chidamlilik bir necha yil davom etadi. Bemorlarda mastlik holati oʻzgaradi, eyforiya davri qisqarib, psixopatsimon holatlar uchraydi. Ichkilikbozlikning doimiy turida bemorlar har kuni hafta, oylar, yillar davomida koʻp ichadilar. Ichkiliklar orasi qisqa boʻladi. Ichkilikbozlikning davriy turida yolgʻon surunkali ichish bir necha kundan bir necha haftagacha davom etadi. Alkogolizmning ikkinchi bosqichida somatik kardiamiopatiya, jigarning yogʻ bosishi, gastrit va ijtimoiy (oila buzilishi, ish almashtirish) oqibatlar kuchli boʻladi.
3. Ichkilikka boʻlgan chidamlilikning kamayishi kasallikning 3- bosqichga oʻtishini bildiradi. Bunda bemorlar oz-ozdan kun boʻyi ichadi. Bir necha haftadan bir necha oyga choʻziladi. Ichkilikning birinchi kuni koʻp ichib, oxirgi kunlari esa ichkilikka chidamlilik kamayib boradi. Jismoniy oʻzgarishlar yuzaga kelib, butunlay ichmay qoʻyadilar. Bemorlar uyatsiz, sharm-hayosiz, urishqoq, yolgʻonchi boʻlib qoladilar. Bunda gepatit, yurakdagi oʻzgarishlar tuzalmaydigan darajaga keladi. Kasallikning kechishi ichkilik ichgandan uning ikkinchi bosqichi boshlanguncha, 6—7 yil vaqt oʻtadi. Bu tez rivojlangan turi hisoblanadi. Oʻrta rivojlangan turi 7—15 yilgacha, astasekin rivojlangan davrida 15 yildan koʻproq vaqt oʻtadi.
Sabablari Surunkali alkogolizm bu kimyoviy qaramlikdir. Tana etanolning yana bir dozasini talab qiladi, shuning uchun bemor doimiy alkogol, spirtli ichimliklar isteʼmolidan oʻzini toʻxtata olmaydi. Ammo kasallikka olib keladigan predispozitsiya qiluvchi omillar ham mavjud:
Yangi jamoada moslashishdagi qiyinchiliklar. Oʻzaro munosabatlarni buzmaslik uchun hamkasblar bilan birga ichish majburiyadi. Irsiyat (agar oilada allaqachon ichkilikbozliklar avjiga olgan boʻlsa). Oiladagi muammolar yoki toʻliq yolgʻizlik. Spirtli degidrogenaza deb ataladigan fermentning minimal miqdori. Doimiy stress va ruhiy azob.
Belgilari
Koʻp ichadigan odam sogʻligʻida quyidagi holatlar kuzatiladi:
shamollash; yaralar va jarohatlar; surunkali bosh ogʻrigʻi; oshqozon-ichak traktining buzilishi; uyqu buzilishi haqida tez-tez shikoyatlar.
Tashqi belgilar:
yuzning qizarishi; qizargan koʻzlar; barmoqlarning titrashi (ayniqsa ertalab); chekish; koʻz qovogʻidagi doimiy koʻkarishlar; toʻgʻri harakatlana olmaslik; mushaklar kuchsizligi, oyoq va toʻpiqda ogʻriq;
Davosi Surunkali alkogolizm uch bosqichda davolanadi: 1. Zararsizlantirish (dezintoksikatsion terapiya); umumiy davolash 40% 20 ml glukoza bilan 5% 5,0 askorbin kislotasi tomir ichiga 15 kun, unitiol 5% 3—5 ml 6—10 marta mushak orasiga; tiosulfat natriy 30% 15—20 ml 10—15 marta tomir ichiga; natriy xlor 0,9% 1—2 litr tomir ichiga tomchilatib yuboriladi; gemodez, reopoligukin 400,0 ml tomir ichiga 4—5 kun, magneziy sulfat 25% 5—10,0 ml eritmasiga 40% glukoza qoʻshib, tomir ichiga 14 kungacha beriladi. Vitamin B 1 1000 mg, B6 100 mg, nikotin kislota katta dozada beriladi. Abstinent holatlarda va surunkali davrlarda qoʻllanadi. Abstinent holatida vegetativ astenik asab oʻzgarishlarida nootrop dorilar, fenazepam 1—2 mg, seduksen 0,5% 2—4 ml, pirroksin 1—3 ml 2—6 marta qilinadi.