Kuyganyor — Oʻzbekiston Respublikasi Andijon viloyatining Andijon tumanida joylashgan shaharcha. 1978-yilda shaharcha maqomini olgan. Kuyganyor shaharchasi Andijon tumanining maʼmuriy, iqtisodiy va madaniy markazi hisoblanadi.

Geografik joylashuvi Kuyganyor shaharchasi viloyat markazi hisoblanuvchi Andijon shahridan taxminan 7 km masofada, tumanning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan. Shaharcha hududidan Qoradaryo daryosi oqib o‘tadi hamda Katta Fargʻona kanali tizimi orqali suv taʼminoti amalga oshiriladi.

Aholisi 2001-yilgi maʼlumotlarga ko‘ra, Kuyganyor shaharchasida taxminan 9,2 ming kishi istiqomat qilgan. Aholining asosiy qismini o‘zbeklar tashkil etadi. Shuningdek, ruslar, tojiklar, qirg‘izlar va boshqa millat vakillari ham yashaydi.

Nomining kelib chiqishi “Kuyganyor” toponimining kelib chiqishi haqida bir nechta talqinlar mavjud. Baʼzi manbalarda u “kuygan jar” maʼnosini anglatishi qayd etiladi. Bu yerda “yor” so‘zi adabiy tildagi “jar” so‘zining dialektal shakli sifatida izohlanadi.

Taʼlim va ilmiy muassasalar Kuyganyorda Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti joylashgan. Mazkur oliy taʼlim muassasasi 1964-yil iyun oyida Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Andijon filiali bazasida Andijon paxtachilik instituti nomi bilan tashkil etilgan.

Shaharchada, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimiga kiruvchi Andijon ilmiy-ishlab chiqarish markazi huzuridagi Sug‘oriladigan yerlarda g‘alla va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti faoliyat yuritgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 10-fevraldagi “O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ-2125-son qarori bilan “Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti”ga o‘zgartirilgan Institutda don ekinlari seleksiyasi, agrotexnika, urug‘chilik, agrokimyo, o‘simliklarni himoya qilish, iqtisodiyot va boshqa yo‘nalishlarda ilmiy bo‘limlar mavjud.

Ijtimoiy infratuzilma Kuyganyor shaharchasida Andijon tumani maʼmuriy organlari, shifoxonalar, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, umumiy o‘rta taʼlim maktablari, kasb-hunar maktablari hamda Andijon tumani ixtisoslashtirilgan maktabi faoliyat yuritadi.

Shuningdek shaharchada quyidagi obyektlar mavjud:

Kuyganyor nasos stansiyasi Aloqa uyi “Xotira maydoni” Ikkinchi jahon urushi qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik Yoshlar madaniyat va istirohat bog‘i

Transport Avvallari Andijon trolleybus tizimi orqali Andijon shahri bilan trolleybus hamda 77-sonli avtobus qatnovi mavjud bo‘lgan. Hozirgi vaqtda esa shaharcha orqali Andijon shahriga 394-sonli avtobus va marshrutlar qatnaydi.

Manbalar

Turkum:Andijon tumani shahar tipidagi aholi punktlari