Toʻychi Nazarov (1896-yil 15-may, Qalacha qishlogʻi, Fargʻona tumani, Fargʻona viloyati, Rossiya imperiyasi — 1974-yil 18-avgust, Qalacha qishlogʻi, Fargʻona tumani, Fargʻona viloyati, Oʻzbekiston SSR ) — sovet harbiy xizmatchisi, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (1945), 17-gvardiya mexanizatsiyalashgan brigadaning 2-motooʻqchi batalyoni oʻqchisi (1-Ukraina fronti, 4-gvardiya tank armiyasining 6-gvardiya mexanizatsiyalashgan korpusi). Tarjimayi holi Toʻychi Nazarov 1896-yil 15-mayda (baʼzi manbalarda, 1910-yil)Fargʻona viloyati Qalacha qishlogʻi (ayrim manbalarda, Kaptarxona qishlogʻi) dehqon oilasida tavallud topgan. Millati tojik. Oʻrta maktabni tugatib, kolxozda traktorchi boʻlib ishlaydi. 1943-yil may oyida Fargʻona tumani harbiy komissarligi tomonidan harbiy xizmatga safarbar etilgan. 1943-yil iyundan urushda ishtirok eta boshlagan. 1945-yil yanvarida Nazarov Sandomir-Sileziya hujum operatsiyasida, yaʼni Koben shahri (Polshadagi hozirgi Xobyenya) yaqinidagi Oder daryosini kesib oʻtib, daryoning gʻarbiy qirgʻogʻidagi hududni saqlab qolishda jonbozlik koʻrsatgan. 1945-yil 24-yanvarda ushbu shahar yaqinidagi jangda 12 nafar gitlerchilar va bitta qoʻl pulemyoti guruhini yoʻq qiladi. Nazarov 1945-yil 10-aprelda fashist bosqinchilariga qarshi kurashda qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi hamda ko‘rsatgan jasorat va qahramonligi uchun SSSR Oliy Soveti Prezidiumi farmoniga asosan Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni hamda Lenin ordeni va „Oltin yulduz“ medali bilan taqdirlanadi. Ikkinchi jahon urushi tugaganidan keyin Nazarov harbiy xizmatdan ozod etilib, oʻz yurtiga qaytib keladi. Nazarov oʻz qishlogʻida umrining oxirigacha yashab, ishlab kelgan. 1974-yil 18-avgustda 78 yoshida (baʼzi manbalarda, 1971-yil 61 yoshida) vafot etadi. Oʻz qishlogʻi Qalachadagi qabristonga dafn etilgan.

Unvon va ukofotlari Sovet Ittifoqi Qahramoni (1945-yil 10-aprel); „Oltin yulduz“ medali (1945-yil 10-aprel); Lenin ordeni (1945-yil 10-aprel); „Vladimir Ilich Lenin tavalludining 100 yilligi“ medali; „1941-1945-yillardagi Ulugʻ Vatan urushida Germaniya ustidan qozonilgan gʻalaba uchun“ medali (1945-yil 9-iyun); „1941-1945 yillardagi Ulug‘ Vatan urushidagi G‘alabaning yigirma yilligi“ yubiley medali (1965-yil 7-may);

Xotira Toʻychi Nazarov nomi Moskva shahri, Gʻalaba bogʻida joylashgan Gʻalaba muzeyidagi Shon-sharaf zaliga zarhal harflar bilan bitilgan; Qabriga yodgorlik qabrtoshi oʻrnatilgan.

Manbalar

Adabiyotlar