Bolgariya (), rasman Bolgariya Respublikasi () — Yevropaning janubiy, Bolqon yarim orolining sharqiy qismidagi davlat. Sharqda Qora dengiz bilan oʻralgan. Maydoni — 111 ming km². Aholisi — 6,4 million kishi (2022). Poytaxti — Sofiya shahri. Maʼmuriy jihatdan 9 viloyatga, ular jamoalarga boʻlinadi. Sofiya shahri viloyatga tenglashtirilgan. (otaboyev)
Davlat tuzumi Bolgariya — parlamentli respublika. 1946-yildan 1990-yil 15-noyabrgacha Bolgariya Xalq Respublikasi deb atalgan. Amaldagi konstitutsiyasi 1991-yil 12-iyulda kuchga kirgan. Davlat boshligi — prezident (2017-yildan Rumen Radev). Uni mamlakat aholisi toʻgʻri va yashirin ovoz berish yoʻli bilan 5 yil muddatga saylaydi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — 240 deputatdan iborat Xalq majlisi (doimiy ishlaydigan organ). Yangi konstitutsiyani qabul qilish, Bolgariya hududini oʻzgartirish masalasi yoki davlat tuzilishi va mamlakat boshqaruvi shakliga oʻzgartirish kiritish masalalarini hal etish uchun 400 vakildan iborat Buyuk xalq majlisi saylanadi. U oʻziga havola qilingan masalalar yuzasidan uzilkesil qaror qabul qilganidan soʻng vakolati toʻxtatiladi. Vazirlar Kengashi (hukumat) ijroiya hokimiyat organi hisoblanadi.
Tabiati Bolgariya relyefida togʻ va qirlar ustunlik qiladi (mamlakat hududining 70%ga yaqini). Mamlakat oʻrtasidan (gʻarbdan sharqqa) Bolqon togʻlari (mahalliy nomi StaraPlanina) kesib oʻtgan. Bolgariya shimolida Dunay sertepa tekisligi bor; sharqda bu tekislik Dobruja platosiga tutashgan. SrednaGora va Rodop togʻlari oraligʻida Maritsa daryosi boʻylab mamlakatdagi eng unumdor Yuqori Frakiya (yoki Maritsa) pasttekisligi joylashgan. Qora dengiz sohili aksari pasttekislik. Janubiy va janubi-gʻarbida RilaRodop togʻlari bor. Rila togʻlarida Musala choʻqqisi (2925 m) Bolqon yarim oroldagi eng baland choʻqqidir. Eng muhim qazilma boyliklari: koʻmir (Sharqiy Maritsa, Pernik, BobovDol havzalari), temir (Kremikovsi koni), qoʻrgʻoshinrux (Rodop), mis (Medet) rudalari, tosh tuz (Mirovo), neft, maʼdanli suvlar va qurilish materiallari. Bolgariyaning koʻp qismida iqlim moʻʼtadil kontinental. Janubida Oʻrta dengiz iqlimining taʼsiri bor. Togʻlarda balandlik iqlim mintaqalari mavjud. Tekislik va sertepa joylarda iyulning oʻrtacha temperaturasi 23—25°, yanvar niki — 2° dan 2,5° gacha, toglarda —10,8° gacha. Yogʻinni gʻarbiy va shimoliy gʻarbiy shamollar keltiradi. Yillik yogʻin tekisliklarda 450–600 mm, togʻlarda 850–1300 mm. Yogʻinning koʻp qismi yozning birinchi yarmida yogʻadi. Qurgʻoqchilik boʻlib turadi. Bolgariya daryolarining hammasi togʻlardan oqib tushadi. Yoz oxirida juda sayozlanib qoladi. Eng katta daryolari: Dunay (kema qatnaydi), Iskir, Maritsa, Mesta va Struma. Daryolardan sugʻorishda va elektr hosil qilishda foydalaniladi. Daryolarga koʻplab suv omborlari qurilgan. Bolgariyada koʻllar kam, borlari ham kichik koʻllar, asosan, Rila va Pirin togʻlarida. 500 dan koʻproq maʼdanli buloq bor. Dunay tekisligida aksari kora va boʻz oʻrmon tuproq, Bolqon togʻlaridan janubida qoʻngʻir va qoramtir, togʻlarda qoʻngʻir oʻrmon va togʻ oʻtloq tuproqlari, daryo qayirlarida unumdor allyuvial tuproklar bor. Tabiiy oʻsimliklar faqat togʻlarda saqlanib qolgan. Bolgariya hududining 1/3 qismi oʻrmon, shundan 75% i keng bargli daraxtlar (dub, grab va qoraqayin), 24,7% i qaragʻay oʻrmonlari. 1700–2000 m dan balandda subalp va alp oʻtloklari bor. Tekisliklarning koʻp qismi ekinzor. Hayvonot dunyosi xilma-xil. Oʻrmonlarda — asl bugʻu, ohu, elik va togʻ echkisi, yovvoyi choʻchqa; togʻlarda — sassiqkoʻzan, boʻrsiq, latcha, boʻri, tulki, olmaxon; oʻrmonsiz shimoliy hududlarida yumronqoziq, olaxurjun va boshqa hayvon turlari bor. Qushlar va turli xil sudralib yuruvchilar koʻp. Qora dengizdan — pelamida, skumbriya, kambala, Dunaydan — sevryuga, sazan kabi baliqlar ovlanadi. Millim ʻ bogʻlari: Vitasha, Zlatni Pyasitsi, Ropotamo, Steneto va boshqa
Aholisi Asosiy aholisi bolgarlar, shuningdek turklar, loʻlilar, armanlar, ruslar, makedonlar va boshqa millatlar ham yashaydi. Aholining 67,93% shaharlarda istiqomat qiladi. Davlat tili — bolgar tili. Aholining aksariyati — pravoslavlar; musulmon sunniylar ham bor. Eng yirik shaharlari: Sofiya, Plovdiv, Varna, Ruse, Burgas, StaraZagora.
Tarixi Bolgariyaning eng qad. aholisi frakiy qabilalaridir. Milodiy I asrda Bolgariyani Rim imperiyasi bosib oldi; u qulaganidan soʻng Bolgariya Vizantiya tarkibiga kirdi. VII asr boshlarida Bolqonga slavyanlar bostirib kirib, keyinchalik bu yerda dastlabki davlat — Yetti slavyan qabilasi deb nomlangan ilk feodal davlatini tashkil etishdi. VII asrning ikkinchi yarmida Bolgariya hududiga xon Asparux (Isperix) boshchiligidagi protobolgarlar — qad. bulgʻorlar (koʻchmanchi turkiy elat) bostirib kirdi. Ular slavyanlar bilan birga poytaxti Pliska shahri boʻlgan Birinchi bulgʻor podsholigi (681—1018) ni tuzdilar. IX asr oxiriga kelib protobolgarlar slavyanlar bilan qoʻshilib ketdi, slavyanlar tili davlat tili boʻlib qoldi, bolgar deb nomlangan slavyan xalqi vujudga keldi. 1185–87 yillarda akauka Petr va Asen boshchilik qilgan yirik xalq qoʻzgʻolonlari natijasida poytaxti Tirnovo shahri boʻlgan Ikkinchi bulgʻor podsholigi (1187–1396) tuzildi. 1396-yil Bolgariyani turklar bosib oldi. Mahalliy boylarning bedodligi, ogʻir milliy zulm bolgar xalqining ozodlik kurashini kuchaytirdi. Mamlakatda gayduklar (xalq qasoskorlari) harakati keng quloch yoydi. 1876-yilgi eng kuchli aprel qoʻzgʻoloni shafqatsizlik bilan bostirildi. 1877–78 yillardagi Rossiya Turkiya urushi natijasida rus askarlari yordamida Bolgariya turklardan ozod qilindi. Ammo mamlakat Turkiyaga qaram boʻlib qolaverdi. 1908-yildan mustaqil podsholik tashkil topdi. Bolgariya 1912–13 yillardagi Bolqon urushlarida qatnashdi. Birinchi jahon urushida (1915-yildan) Olmoniya tomonida harakat qildi. 1919-yilgi Nyoyi sulh shartnomasiga binoan kattagina hududidan, xususan Egey dengizi sohillaridan mahrum boʻddi. 1923-yil iyun toʻntarishidan keyin hokimiyatni qoʻlga olgan hukumat Sentabr qoʻzgʻolonini shafqatsiz bostirdi. 1941-yil martda Bolgariya Berlin paktiga jalb qilindi, Olmoniya qoʻshinlari Bolgariya xududiga kiritildi. Mamlakat iqtisodiyoti butunlay gitlerchilar manfaatlariga boʻysundirildi. Bolgar xalqi oʻz ozodligi va mustaqilligi uchun kurashni kuchaytirdi. 1942-yilda tuzilgan Vatan fronti fashizmga qarshi boʻlgan barcha kuchlarni birlashtirdi. 1943-yilda Bolgariya xalq ozodlik armiyasi tuzildi. 1944-yilda ZUkraina fronti qoʻshinlari Bolgariya chegaralariga kirgan paytda Bolgariya hukumati „toʻla betarafligi“ ni eʼlon qiddi. 1944-yil 9-sentabr ga oʻtar kechasi Sofiyada monarxiyaning fashist hukumatiga qarshi qurolli qoʻzgʻolon koʻtarildi. Reaksion hukumat agʻdarib tashlandi va Vatan frontining Xalq hukumati tuzildi. Bolgariyaning davlat tuzumi toʻgʻrisidagi referendum qatnashchilari (92,7%) xalq respublikasi tarafdori ekanini bildirdi. 1946-yil 15 sentda Bolgariya Xalq Respublikasi eʼlon qilindi. 1990-yil Xalq majlisiga koʻp partiyali asosda oʻtkazilgan saylovda Bolgariya sotsialistik partiyasi gʻalaba qozondi, dekabrda koalitsiyey hukumat tuzildi. 1997-yil apreldagi parlament saylovida Demokratik kuchlar ittifoqi harakatlari va tashkilotlari koalitsiyasi gʻalaba qildi (bu ittifoq 1989-yilda tuzilgan edi). Bolgariya — 1955-yildan BMT aʼzosi. Oʻzbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini 1992-yil 5-sentabrda oʻrnatgan. Milliy bayrami — 3-mart — Bolgariyaning Turkiya zulmidan ozod boʻlgan kuni (1878).
Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari va jamoat tashkilotlari Bolgariyada 80 ga yaqin partiya va siyosiy harakat ish olib boradi. Asosiylari: Bolgariya sotsialdemokratik partiyasi, 1891-yilda asos solingan, 1948-yilda faoliyatini toʻxtatgan,1989-yildan qayta faoliyat koʻrsata boshladi; Bolgariya sotsialistik partiyasi, 1990-yil aprelda tashkil etilgan; Bolgariya biznesbloki, 1991-yil 22-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazilgan; Bolgariya dehqonchilik xalq ittifoqi, 1899-yilda asos solingan; Huqukdar va ozodlik uchun harakat, Bolgariya musulmon aholisini birlashtiruvchi ijtimoiy-siyosiy tashkilot, 1990-yil yanvarda asos solingan; Xalq ittifoqi, siyosiy birlashma, 1994-yilda asos solingan. Bolgariya dehqonchilik xalq ittifoqi bilan Demokratik partiyani oʻz ichiga oladi; Demokratik kuchlar ittifoqi, 1989-yil dekabrda tashkil etilgan. Bolgariya mustaqil sindikatlari konfederatsiyasi, 1990-yilda tuzilgan; „Podkrepa“ mehnat konfederatsiyasi, 1990-yil tashkil etilgan; „Birlik“ mustaqil kasaba uyushmasi, 1990-yilda asos solingan.
Iqtisodiyoti Bolgariya — industrialagrar mamlakat. Yalpi mahsulotda sanoatning ulushi 36%, qishloq xoʻjaligining ulushi 12%, xizmat koʻrsatish sohasi ulushi 52% ni tashkil etadi.
Sanoatida mamlakatdagi mehnatga qobiliyatli aholining 41% band. Mashinasozlik, elektron va elektr texnika, metallsozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qora va rangli metallurgiya, kimyo va neft kimyosi, yogʻochsozlik, oziq-ovqat tarmoqlari rivojlangan. Yiliga oʻrtacha 35,6 mlrd. kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi. Bolgariyaning yoqilgʻienergetika zaxiralari cheklangan, qazib olinayotgan koʻmirning sifati past. Pleven va Shabla atroflarida ozroq neft, Vratsa yaqinida gaz konlari bor. Elektr energiyaning aksariyatini issiqlik elektr stansiyalari beradi. Kozloduy shahri yaqinida atom elektr stansiyasi qurilgan. Bolgariyaning metallurgiya sanoati mamlakatning rangli metallar (qoʻrgʻoshin, pyx va mis) ga boʻlgan ehtiyojini toʻlatoʻkis, prokat va qora metallga boʻlgan ehtiyojining koʻp qismini qondiradi. Mashinasozlikda, asosan, koʻtarma transport vositalari (elektr karlar va motokarlar, liftlar), metall qirqish stanoklari, ogʻir va energetika uskunalari, qishloq xoʻjaligi mashinalari, oziq-ovqat sanoati uchun uskunalar, transport vositalari va boshqa ishlab chiqariladi. Asosiy mashinasozlik markazlari: Sofiya, Ruse, Varna, Burgas, Gabrovo, Lovech, Plovdiv, Shumen. Sement sanoati Devnya, Pleven va Vratsadagi zavodlardan iborat. RilaRodop togʻlaridagi igna bargli daraxtlar, Bolqon togʻlaridagi buk oʻrmon yogʻochlari asosida yogʻochsozlik, jumladan, mebelsozlik tarmogʻi barpo etilgan. Toʻqimachilik sanoatida ip gazlama toʻqish, yengil sanoatda tikuvchilik, poyabzal ishlab chiqarish yetakchi oʻrinda. Oziq-ovqat sanoatida chetga chiqarishga moʻljallangan mahsulotlar — tamaki, konserva, vino va konyak ishlab chiqarish rivojlangan.
Qishloq xoʻjaligida mamlakatdagi mehnatga qobiliyatli aholining 18% band. Bolgariyada gʻalla, sabzavot, poliz ekinlari, kartoshka, yemxashak, texnika ekinlaridan tamaki, paxta (janubida), kungaboqar, qand lavlagi yetishtiriladi. Qadimdan ekib kelinayotgan efir moyli ekinlar (atirgul, yalpiz, lavanda) asosan Karlovo va Qozonliq soylari boʻyida ekiladi. Bolgariyada bogʻdorchilik va tokchilik rivojlangan. Pomidor va chuchuk qalampir koʻp yetishtiriladi. Chorvachilikda qoramol, qoʻy, ot, eshak, xachir, choʻchqa, parranda boqiladi, baliq ovlanadi. Asosiy baliq ovlash porti — Burgas.
Transporti Ichki yoʻllarda yuk va yoʻlovchi tashishda temir yoʻl (yuklarning 17% tashiladi) va avtomobil transporti (yuklarning 70% tashiladi)ning ahamiyati katta. Bolgariya larning uz. 6,6 ming km (62% elektrlashtirilgan) va avtomobil yoʻllarning uz. salkam 37 ming km (33,8 ming km qattiq qoplamali). Bolgariya hududidan Gʻarbiy Yevropani Yaqin Sharq mamlakatlari bilan bogʻlovchi xalqaro temir yoʻl va avtomobil magistrallari oʻtgan. Dengiz transporti asosan tashqi savdoga xizmat qiladi. Asosiy dengiz portlari: Varna va Burgas. Dunayda kemalar qatnaydi (portlar — Ruse, Svishtov, Lom). „Balkan“ va „JesAyr“ firmalari samolyotlari xalqaro va ichki yoʻnalishda yoʻlovchilar tashiydi.
Tashqi iqtisodiy aloqalari