Muslim ibn Uqba al-Murriy (; taxminan 622-yildan avval tugʻilgan – 683-yilda vafot etgan) – xalifalar Muoviya I () va uning oʻgʻli hamda vorisi Yazid I () hukmronligi davrida xizmat qilgan sarkarda. Umaviylarga sadoqatli va ishonchli sarkarda boʻlib, Siffin jangida jasorat koʻrsatgani bilan ajralib turgan. Xalifa Yazid I uni Madina aholisi ustiga yuborilgan harbiy yurishga bosh sarkarda etib tayinlagan, chunki Madina ahli oʻsha paytda Yazidga bay’at berishdan bosh tortgan edi. 683-yilda boʻlib oʻtgan al-Harra jangida Umaviylar qoʻshini gʻalaba qozongan, soʻngra Muslim boshchiligidagi qoʻshin Madina shahrini talon-taroj qilgan. Bu voqea Umaviylar tarixidagi eng katta adolatsizliklardan biri sifatida baholanadi.
Hayoti Muslim ibn Uqbaning yoshlik yillari va faoliyatiga oid tafsilotlar juda oz. Hijriy 622-yildan oldin tugʻilgan boʻlishi mumkin. Muslim Banu Murra qabilasining bir aʼzosi boʻlgan Uqbaning oʻgʻli edi, bu qabila Gʻatafon arab qabilasining bir boʻlagi hisoblanadi. Muslim ibn Uqba 630-yillarda boʻlib oʻtgan Shom (Suriya)ning musulmonlar tomonidan fath qilinishi davrida Arabistondan Suriyaga koʻchib oʻtgan boʻlishi mumkin. Suriyada hokimlik qilgan Muoviya ibn Abu Sufyon boshchiligidagi Umaviylar sulolasining sodiq tarafdori boʻlib qolgan. Birinchi musulmon fuqarolar urushi davrida xalifa Ali va uning tarafdorlariga qarshi kechgan Siffin jangida Muoviyaning qoʻshini tarkibida Shom piyoda askarlari guruhiga boshchilik qilgan. Biroq keyinchalik Arabistonning shimolida joylashgan Dumat al-Jandal vohasini Alining qoʻlidan tortib olishga urinib koʻrgan, biroq bunga erisha olmagan. 661-yilda Muoviya xalifa boʻlgach, Muslimni Falastindan yer soligʻi yigʻuvchisi etib tayinlagan. Muoviya umrining soʻnggi yillarida oʻlim toʻshagida yotgan paytda uning oʻgʻli va vorisi Yazid I vizantiyaliklarga qarshi janglardan Suriyaga qaytguniga qadar Muslim ibn Uqba va Damashq hokimi Dahhok ibn Qays al-Fihriyni vaqtincha hukmdorlar etib tayinlagan.
Manbalar
Turkum:Umaviylar xalifaligi generallari Turkum:683-yilda vafot etganlar Turkum:Ikkinchi fitnada ishtirok etgan kishilar