2016-yilgi Togʻli Qorabogʻdagi qurolli toʻqnashuv, shuningdek Toʻrt kunlik urush nomi bilan ham tanilgan, Aprel urushi deb ham ataladi.

Mojarolar 2016-yil 1-aprelda sobiq Togʻli Qorabogʻ aloqa chizigʻi boʻylab boshlandi. Bir tomonda Togʻli Qorabogʻ respublikasi qurolli kuchlari va uni qoʻllab-quvvatlagan Armaniston qurolli kuchlari, ikkinchi tomonda esa Ozarbayjon qurolli kuchlari turardi.

Toʻqnashuvlar oʻzini mustaqil deb eʼlon qilgan Togʻli Qorabogʻ respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasida bahsli boʻlgan hududda yuz berdi. Hudud sobiq Sovet Togʻli Qorabogʻ muxtor viloyatini hamda oʻsha paytda arman kuchlari nazoratida boʻlgan Ozarbayjonning atrof tumanlarini oʻz ichiga olgan.

Ozarbayjon oʻz harbiy operatsiyasini Ozarbayjon fuqarolik hududlariga goʻyoki davom etayotgan arman oʻq uzishlarini toʻxtatish maqsadida boshlaganini maʼlum qilgan. Biroq arman tomonining oʻq uzganligiga oid dalillar mavjud emas edi.

2020-yildagi Togʻli Qorabogʻda sodir etilgan qurolli toʻqnashuvgacha bunday hujumlar 1994-yilgi sulhdan beri eng yirik janglar hisoblangan.

5-aprel kuni Moskvada Ozarbayjon va Armaniston oʻrtasida sulhga erishildi. Togʻli Qorabogʻ hokimiyati ham ushbu ogʻzaki kelishuvni maʼqulladi.

Kelishuvdan keyin har ikki tomon bir-birini sulhni buzishda aybladi. Ozarbayjon hududni qaytarib olganini daʼvo qildiQurolli Kuchlarimiz tomonidan 2000 gektardan ortiq hudud ozod qilindi, arman rasmiylari esa strategik ahamiyatga ega boʻlmagan hudud yoʻqotilganini maʼlum qildi.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, Bokuda 31 nafar harbiy xizmatchi halok boʻlganini eʼlon qilgan, biroq ularning ismlarini oshkor qilmagan. Arman manbalari esa Ozarbayjon yoʻqotishlarini 300 dan 500 nafargacha deb baholagan.

Armaniston Mudofaa vazirligi jami 92 nafar harbiy va fuqarolik qurbonlari nomlarini eʼlon qilgan.

Amerika Qoʻshma Shtatlari davlat departamenti esa jami 350 nafar harbiy va fuqaro halok boʻlganini taxmin qilgan.

Tarixiy jarayonlar

Birinchi Togʻli Qorabogʻ urushi sulh bitimi bilan yakunlangan va u 1994-yil 12-mayda kuchga kirgan. Keyingi yillarda sulh tez-tez buzilgan, ayniqsa 2008 va 2010-yillardagi keskinlashuvlar buning yaqqol isbotidir. Ammo hodisalar ayniqsa 2014-yildan keyin kuchayib borgan.

„International Crisis Group“ maʼlumotlariga koʻra, 2015-yilda sulh buzilishlari sabab jami 60 nafar harbiy va fuqaro halok boʻlgan.

2016-yil aprel toʻqnashuvlari 1994-yildagi sulhdan beri eng jiddiy buzilish boʻlgan.

Mojaroning keskinlashuvi ortidagi ehtimoliy sabablar orasida Ozarbayjon iqtisodiyotining yomonlashuvi ham bor edi. 2015–2016-yillardagi neft narxlarining keskin pasayishi tez-tez tilga olinib, toʻqnashuvlar Ozarbayjon aholisining oshib borayotgan narxlar va ishsizlikdan eʼtiborini chalgʻitish uchun ishlatilgani aytilgan. Shu bilan birga, ayrim arman manbalari zoʻravonliklarning qoʻzgʻatilishida Turkiyani ayblagan. Baʼzi turk sharhlovchilari esa mintaqani beqarorlashtirishga qaratilgan Rossiya strategiyasi mavjudligini taxmin qilgan.

Ozarbayjon bir necha yillardan beri Togʻli Qorabogʻga qarshi hujum operatsiyalariga ochiqchasiga tayyorgarlik koʻrib kelgan. Buni uzluksiz va keng koʻlamli harbiy kuchlarning kuchayib borishi ham tasdiqlaydi, shuningdek, Ozarbayjon rasmiylarining mojaroning harbiy yechimini qoʻllab-quvvatlovchi koʻplab bayonotlari ham bunga dalil boʻlgan. Shunday qilib, 2015-yil 23-martda Ozarbayjon mudofaa vaziri Ozarbayjon armiyasi ilk zarbada qarshi kuchlarning 70 foizini yoʻq qilish uchun zarur qurollarni toʻplaganini maʼlum qilgan. 2016-yil fevralida AQSh Milliy razvedka direktori James Clapper Ozarbayjonning harbiy kuchayishi va iqtisodiy sharoitlarning yomonlashuvi birgalikda 2016-yilda keskinlashuv xavfini oshirayotganini taʼkidlagan.

2016-yil 19-mart kuni Prezident Aliyev shunday degan: „Mojaroni hal qilish uchun, avvalo, mamlakatimiz va armiyamiz yanada kuchli boʻlishi kerak. Bu yoʻnalishda koʻp ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda biz aloqa chizigʻida toʻliq ustunlikka erishdik.“. Bundan tashqari, Prezident Aliyev oʻz nutqida Minsk guruhi hamraislarini Ozarbayjonga qarshi provokatsiyada ochiqchasiga ayblagan va Ozarbayjonning ularning faoliyatiga boʻlgan ishonchi butunlay yemirilganini bildirgan.

Izohlar

Yana qarang

Birinchi Togʻli Qorabogʻ urushi Togʻli Qorabogʻdagi qurolli toʻqnashuv (2020) Ozarbayjon – Armaniston munosabatlari

Manbalar

Turkum:Togʻli Qorabogʻ