Razzoqov (), eski nomi Isfana () — Qirgʻizistonning Botken viloyati gʻarbiy chekkasida joylashgan shahar. Razzoqov Fargʻona vodiysining gʻarbiy chekkasida, uch tomondan Tojikiston bilan chegaradosh hududda joylashgan.

Razzoqovda IX asrdan beri odamlar yashab keladi. Shaharda sovet davrida katta oʻzgarishlar sodir boʻlgan. 1937-yil Isfana qishloq kengashiga asos solingan. 1996-yil kengash qishloq boshqarmasi qilib oʻzgartirilgan. 2001-yil oʻsha paytdagi prezident Asqar Akayevning buyrugʻi bilan Isfanaga shahar maqomi berilgan.

Razzoqov Laylak tumanining administrativ markazidir. Mirzapochcha, Samat, Chimgen, Oqbuloq, Taylon va Gʻoʻlva qishloqlari ham Isfana shahar boshqarmasiga qaraydi. Qirgʻiz Respublikasi Statistika qoʻmitasi maʼlumotga koʻra, Razzoqov va unga qarashli qishloqlarning umumiy aholisi 34 219 kishidir. Shaharning oʻzida esa taxminan 23 038 kishi istiqomat qiladi.

Shahar nomi

„Isfana“ soʻzi „asbanikat“, „asbanikent“ yoki „aspanakent“ degan qadimiy sugʻd soʻzdan kelib chiqqan boʻlib, „otlar makoni“ degan maʼnoni anglatadi, deb ishoniladi. Tarixchi Noʻmon Negmatovga koʻra, I—IX asrlarda Isfana Asbanikat oʻlaroq maʼlum boʻlgan. X—XII asrlarda Aspanikent deb atalgan. 12-yoki XIII asrdan boshlab shahar nomi Asbani, Aspana, Asvona, Isvona, nihoyat, Isfana boʻlib oʻzgargan.

„Isfana“ soʻzi qirgʻizcha soʻz boʻlmagani uchun qirgʻiz millatchilari yillar davomida shaharni Qirgʻiziston SSR Kommunist partiyasining birinchi kotibi boʻlib ishlagan Isʼhoq Razzoqov nomi bilan qayta nomlashga chaqirishdi. 2021-yilning dekabrida, qoʻshni Tojikiston bilan chegarada vaziyat tang boʻlib qolayotgan paytda prezident Sadir Japarov shaharni Razzoqov nomiga qayta nomlashga qaror qilganini maʼlum qildi. Keyinchalik Japarov „Botken viloyati Laylak tumani Isfana shahrini Razzoqov shahri deb qayta nomlash toʻgʻrisida“gi qonunni imzoladi, 2022-yilning 16-martida qonunni Jogorku Kengesh qabul qildi.

Tarixi Qadimgi tarixi Isfana tarixi IX—XVI asrlarga borib taqaladi. 1957-yil arxeolog Yu. A. Zadneprovskiy shahar hududida XIV—XVI asrlardan qolgan jismlarni topdi. Noʻmon Negmatov Isfana oʻrta asrlardagi Asbanikat shahridir, degan fikrni ilgari surgan. Isfana dastlab Ustrushona tarkibida boʻlgan. Keyini uni somoniylar zabt etgan. 1221-yilda Isfanani Moʻgʻullar davlati qamalga olgan va zabt etgan. Razzoqovning moʻgʻullar bostirib kirgan shimoli-gʻarbiy qismi hozirgi kungacha „Moʻgʻul bosgan“ deb ataladi.

Isfana tarixiy shahri hozirgi Razzoqov shaharning markaziy qismida joylashgan boʻlgan. Isfanada XII asrda qurilgan yirik qalʼa boʻlgan. Isfana qalʼasi devorlarining saqlanib qolgan soʻnggi qismi 1970-yillarda buzib tashlangan.

XVIII—XIX asrlar Tarixda Razzoqov hozirgi Oʻzbekiston hududiga mos keluvchi yerlarni boshqargan davlatlar tarkibida boʻlgan. 1709-yildan 1876-yilgacha Isfana Qoʻqon xonligi tarkibida boʻlgan. XIX asrning oʻrtasiga kelib Rossiya imperiyasi hozirgi Markaziy Osiyo hududini bosib ola boshlagan. XIX asrning oxiriga kelib Rossiya imperiyasi hozirgi Oʻzbekiston hududiga toʻgʻri keluvchi yerda hukm surgan barcha uch xonlikni qoʻlga kiritgan. Xiva xonligi 1873-yil magʻlub boʻlgan. Buxoro xonligi 1866-yil bosib olingan. Qoʻqon xonligi esa 1876-yil Rossiya imperiyasi tarkibiga rasman qoʻshib olingan.

Rossiyalik lingvist Mirsolih Bekchurin 1866-yilda Isfanada 500 xoʻjalik boʻlgani haqida yozgan. Ammo oʻzbek tarixchisi Temirboy Yoqubov isfanaliklar qadimdan 1 000 xonadon soligʻini toʻlaganini aytib, bu iddaoga eʼtiroz bildirgan. Bekchurin Isfanani 200 nafar sarbozdan iborat garnizon qoʻriqlashi, ular „faqat nayza va qilichlar bilan qurollangani“ haqida yozgan.

Sovet va zamonaviy tarixi Ruslar Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasini avtonom oblastlarga parchalayotganda Isfanani Qora-Qirgʻiz avtonom oblasti tarkibiga kiritgan. Bu oblast keyinchalik Qirgʻiz avtonom oblasti va soʻngra Qirgʻiz SSR etib qayta tuzilgan. SSRI parchalanganidan keyin Qirgʻiz SSR Qirgʻiziston boʻldi. Shu asnoda asosan oʻzbeklar yashagan Isfana Qirgʻiziston tarkibiga qoldi.

thumb|Isfana bozori 1990-yilda Baʼzi manbalarga koʻra, sovetlar atayin chegaralarni milliy guruhlarning tarixiy yashash joyiga mos kelmaydigan qilib chizishgan. Bunday qilishdan maqsad ushbu hududlarning tarixiy egalarini butunlay Moskvaga tobe boʻlishlarini taʼminlash va shu yoʻl bilan ularni boshqarishni osonlashtirish boʻlgan. Bu manbalarga koʻra, alohida mamlakatlar yaratishdan maqsad Oʻrta Osiyoda panturkistik va panislomistik oqimlarning oldini olish boʻlgan. Bu strategiyani baʼzilar Iosif Stalinning „boʻl va boshqar“ siyosati deb nomlaydi. Hozir Qirgʻizistonda mahalliy aholisi asosan oʻzbeklardan iborat boʻlgan koʻplab aholi punktlari bor — Oʻzbekistonda esa qirgʻizlar yashab kelgan aholi punktlari bor. Markaziy Osiyoda yashayotgan koʻpchilik aholi aslida boshqa mamlakat tarkibida boʻlishlari kerakligiga ishonishadi. Ayrim olimlarning fikriga koʻra, sovetlar Markaziy Osiyo mamlakatlari chegaralarini belgilayotgan paytda bu yerlarda koʻp millat vakillari birga yashagani uchun milliy va hududiy chegaralarini aniq belgilashning iloji boʻlmagan.

Sovet davrida Razzoqovda katta oʻzgarishlar sodir boʻlgan. Bu davrda Isfana rivojlanmagan musulmon qishloqdan tipik sovet qishlogʻiga aylantirilgan. 1937-yil Isfana qishloq kengashiga (selsovetiga) asos solingan. Ikkinchi jahon urushi yillarida qishloqning 571 turgʻuni safarbar qilingan, ularning 385 nafari halok boʻlgan.

1996-yil Isfana kengashi qishloq boshqarmasiga oʻzgartirilgan. 2001-yil oʻsha paytdagi prezident Asqar Aqayevning buyrugʻi bilan Isfanaga shahar maqomi berilgan.

Geografiyasi Razzoqov Botken Viloyatining gʻarbiy qismida, dengiz sathidan 1 320 metr balandlikda joylashgan. Shaharni uch tomondan togʻlar oʻrab turadi. Bu togʻlar Razzoqovdan bir necha kilometr masofada joylashgan. Bu togʻlar ichida eng balandlari Turkiston tizmasi togʻlari boʻlib, ular shaharning janubiy tarafida joylashgan. Turkiston tizmasi Hisor-Olay togʻ tizimiga kiradi.

Hududi thumb|Razzoqov janubidagi Turkiston tizmasi togʻlari Razzoqovning hududi 41.35 km² ni tashkil qiladi.

Aholi punkti Hudud (km²)Razzoqov2.52Mirzapochcha0.26Samat1.16Chimgen0.87Taylon0.49Oqbuloq0.3Gʻoʻlva0.28

Iqlimi Razzoqovning iqlimi keskin kontinental boʻlib, qishda havo ancha sovuq, yozda esa ancha issiqdir. Bahor va kuzda koʻp yomgʻir yogʻadi, ammo yozda yogʻingarchilik koʻp boʻlmaydi.

Razzoqovda koʻplab bugʻdoy va arpa dalalari mavjud boʻlib, ular uchun qishda yoqqan qor va bahorda yoqqan yomgʻir juda muhim. Razzoqovda yoz uzun boʻlib, odatda maydan sentabrgacha davom etadi. Yoz oylarida havo keskin isishi mumkin. Shaharda yoz oylarida juda oz yogʻingarchilik kuzatiladi, ayniqsa iyundan sentabrgacha.

Demografiyasi thumb|Bir guruh razzoqovlik xorijlik sayyohlar bilan Razzoqov va unga qarashli qishloqlarning umumiy aholisi 34 219 kishidir. Shaharning oʻzida boʻlsa taxminan 23 038 kishi istiqomat qiladi.

2009-yilgi aholi sanogʻiga koʻra, shaharning aholisi oʻsha yili 18 244 kishi, Razzoqov va unga qarashli qishloqlarning umumiy aholisi esa 27 965 kishi boʻlgan. 1999-yilgi sanoqqa koʻra, oʻsha paytda qishloq boʻlgan Isfananing aholisi 15 910 kishidan iborat boʻlgan. 2009-yilgi aholi sanogʻiga koʻra Isfana va unga qarashli qishloqlarning aholisi quyidagichadir:

Aholi punkti Aholi soniRazzoqov18 244Mirzapochcha770Samat2 076Chimgen3 325Taylon1 360Oqbuloq681Gʻoʻlva1 506

Razzoqov aholisining aksar qismi Rossiyada muhojir ishchidir. Chetda ishlayotgan razzovoqvliklar soni haqida rasmiy maʼlumot yoʻq.

Razzoqovda koʻp millat vakillari yashaydi. Oʻzbeklar eng katta etnik guruhdir. Ammo Razzoqov va unga qarashli qishloqlar aholisi birga qaralsa, qirgʻizlar eng katta guruhdir. 2005-yilgi maʼlumotlarga koʻra, Razzoqov va unga qarashli qishloqlarda aholining etnik tarkibi quyidagichadir: 50.2 % qirgʻiz, 45.86 % oʻzbek, 0.3 % tatar, 0.3 % tojik va qolgani boshqa millat vakillari.

Shahar aholisining asosiy qismi Islom diniga eʼtiqod qiladi. Dindorlar islom dinining sunna mazhabida. Shaharda yetti masjid bor. Boshqa din vakillarining katta guruhlari mavjud emas.

Iqtisodi thumb|left|Razzoqovning asosiy bozori Sovet davrida Razzoqovda bir necha ishlab chiqarish fabrikalari va zavodlar boʻlgan. Shuningdek, yirik kolxoz mavjud boʻlgan. 1991-yil Qirgʻiziston mustaqil boʻlganidan keyin deyarli barcha zavod-fabrikalar yopildi.

Shahar aholisining aksar qismi chetga ishlagani boradi. Eng koʻp Rossiyaga boriladi. Bundan tashqari, Razzoqov aholisi qoʻshni Qozogʻiston, Tojikiston, Oʻzbekistonga ham borib ishlaydi. Chetda ishlaganlarning aniq soni haqida toʻliq va ishonarli maʼlumot yoʻq.

Razzoqovda qoladigan aholi esa asosan savdogarchilik va qishloq xoʻjaligi bilan shugʻullanadi. Chorvachilik ham keng tarqalgan. Dehqonchilik bilan shugʻullanuvchilar asosan donli oʻsimliklar, mevalar, sabzavotlar va moy chiqaruvchi oʻsimliklar yetishtiradi.

Razzoqovda ikki yirik bozor mavjud. Bozorda ishlovchilar mollarni asosan Oʻsh, Qorasuv va Xoʻjanddan olib kelishadi.

Razzoqov iqtisodi boshqa Qirgʻiziston shaharchalari iqtisodi kabi doʻkon iqtisodidir. Savdoning katta qismi shahar boʻylab joylashgan bozor va doʻkonlarda amalga oshadi. Savdo odatda yaqindan nazorat qilinmaydi.

Hukumati Razzoqovda mer va shahar kengashi shaharni boshqaradi. Merni Shahar kengashi aʼzolari saylashadi. Shahar kengashida 30 aʼzo bor. Mirzapochcha, Samat, Chimgen, Oqbuloq, Taylon va Gʻoʻlva qishloqlari ham Razzoqov shahar boshqarmasiga qaraydi. Razzovoqning hozirgi meri Chingiz Risovdir.

thumb|Razzoqov meriyasi binosi + Isfana merlari roʻyxati № Mer Faoliyati boshlanishi Faoliyati yakuni 1 Saliha Muratova 02.02.2001 10.04.2001 2 Umarali Isabekov 12.04.2001 18.12.2005 3 Maʼrifjon Moʻminov 20.12.2005 09.02.2009 4 Isak Pazilov 10.03.2009 16.07.2010 5 Berdimurat Jalilov 16.07.2010 27.08.2011 6 Hamza Salyamov 27.08.2011 31.01.2013 7 Tashpolot Qozubayev 31.01.2013 16.12.2014 8 Muxtar Anarbotoyev 15.01.2015 24.08.2018 9 Abdivali Xamrayev 18.09.2018 07.06.2021 10 Chingiz Risov 07.06.2021 Hozirgacha

Razzoqov Laylak tumanining maʼmuriy markazidir. Laylak tumanining barcha mahkamalari Razzovoqda joylashgan.

Boshqa millat vakillarining yirik guruhlari mavjud boʻlgan boshqa Qirgʻiziston aholi punktlaridagidek Laylak tumanida ham deyarli barcha davlat ishlarida qirgʻiz millatiga mansub shaxslar ishlaydi. Qirgʻiziston mustaqil boʻlganidan beri Laylak tumanining barcha hokimlari qirgʻiz boʻlib kelmoqda. Hozir Razzoqov meriyasida va Kengashida oz sonli oʻzbek ishchi bor.

Taʼlimi Maktablar thumb|right|Razzoqovdagi ikki gimnaziyadan biri boʻlmish Oʻzbek gimnaziyasi binosi Razzoqovda bir necha taʼlim muassasasi bor. Shaharda ikkita gimnaziya bor: Usmon Matkarimov nomli gimnaziya-oʻrta maktab (qisqacha Oʻzbek gimnaziyasi deb ataladi) va 1-son gimnaziya (qisqacha Qirgʻiz gimnaziyasi deb ataladi). Bu ikki gimnaziya oʻqishga layoqati yuqori boʻlgan oʻquvchilarni qabul qiladi. Shuningdek, shaharda kam taʼminlangan oilalarda ulgʻayayotgan bolalar uchun moʻljallangan maktab-internat — „Oq chiyir“ bolalar taʼlim markazi bor.

Shaharda oltita oʻrta maktab mavjud. Bu maktablarning aksarida oʻquvchilar oʻzbek tilida taʼlim oladi. Baʼzi maktablarda ham oʻzbek, ham qirgʻiz sinflar bor. Shahardagi eng katta oʻrta maktablar Alisher Navoiy, „Isfana“ va Yuriy Gagarin oʻrta maktablaridir. Alisher Navoiy nomli oʻrta maktabda darslar oʻzbek, qirgʻiz va rus tillarida olib boriladi. Gagarin maktabida darslar asosan rus tilida oʻtiladi. Ushbu maktabda qirgʻiz sinflar ham bor. „Isfana“ oʻrta maktabida darslar faqat oʻzbek tilida olib boriladi. Amir Temur va Toʻqtogʻul oʻrta maktablarida ham faqat oʻzbek sinflar mavjud. „Issiqkoʻl“ oʻrta maktabi Isfanadagi eng kichik maktab boʻlib, u yerda darslar oʻzbek va qirgʻiz tillarida olib boriladi.