Efiopiya (amharacha: የኢትዮጵያ ፌዴራላዊ ዴሞክራሲያዊሪፐብሊክ (amharacha: yeʾĪtiyoṗṗya Fēdēralawī Dēmokirasīyawī Rīpebilīk), Efiopiya Federativ Demokratik Respublikasi), Habashiston (Efiopiyaning Sharqda tarqalgan ikkinchi nomi) — Shimoliy-Sharqiy Afrikadagi davlat. BMT aʼzosi. Maydoni — 1227 ming km². Aholisi — 115 mln. kishi (2022). Poytaxti — Addis Ababa shahri. Maʼmuriy jihatdan 9 shtatga boʻlinadi.
Davlat tuzumi Efiopiya — respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1995-yil 22-avgustda qabul qilingan. Davlat boshligʻi — prezident (2001-yildan Girma VoldeGiorgis), u parlament tomonidan 6 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Xalq vakillari kengashi (parlamentning quyi palatasi), ijrochi hokimiyatni Bosh vazir va hukumat amalga oshiradi. Parlament — Federal majlis 2 palata: Federatsiya kengashi (yuqori palata) va Xalq vakillari kengashi (quyi palata)dan iborat.
Tabiati Efiopiya hududining aksari qismi subekvatorial mintaqada boʻlib, katta qismini Efiopiya togʻligi (balandligi 2000–3000 m) egallaydi (eng baland joyi 4623 m, RasDashen togʻi). Mamlakat janubi-sharqidagi chuqur graben EfiopiyaSomali platosi (balandligi 1500 m gacha)ni togʻlikdan ajratib turadi. Shimoli-sharqda Afar botigʻi (botiqdagi Assal koʻlining sathi dengiz sathidan 116 m past) bor. Efiopiyada oltin, platina, mis, nikel, marganets rudalari, tabiiy gaz, kaliy guzi va boshqalar bor. Iqlimi shimoliy va sharqida tropik choʻl va chala choʻl iqlim, qolgan qismida subekvatorial iqlim. Oʻrtacha oylik temperatura 13° — 19° (Addis-Abeba). Oʻrtacha yillik yogʻin 150–160 dan 1500–1800 mm gacha (ayrim joylarda 50 mm dan kam). Asosiy daryolari: Koʻk Nil, VebiShebeli. Bir qancha koʻl bor; eng yirigi — Tana koʻli. Tuproklari Efiopiya togʻligi yon bagʻirlarida qizil qoʻngʻir va togʻ toʻq qizil tuproq, moʻʼtadil mintaqada togʻ qoramtir tuproq, sovuq mintaqada ishqorsizlangan tuproq, qurgʻoqchil sharqiy va janubiy chekkalarida qoʻngʻir va qizil qoʻngʻir, koʻpincha toshloq tuproqlar mavjud. Efiopiyaning shim., sharqiy va janubiy qismi butazorli choʻl va chala choʻl, choʻlga aylangan savannalardan iborat. Daryo vodiylarida doim yashil oʻrmonlar bor. Efiopiya togʻligining gʻarbiy va janubiy gʻarbiy yon bagʻirlari tropik oʻrmon. Hayvonot dunyosi xilma-xil: yirik sut emizuvchilar (kiyik, jirafa, buyvol, begemot, fil, zebra, togʻ echkisi) koʻp. Yirtqich hayvonlardan arslon, qoplon uchraydi; har xil maymunlar, qushlar yashaydi. Milliy bogʻlari: Avash, Gambela, Simen va boshqalar.
Aholisi Efiopiya aholisining 3/4qismini amxara va oromolar tashkil etadi; shuningdek tigrai, galla, tigre, sidimo va boshqalar xalqlar ham yashaydi. Rasmiy til — amxara tili. Dindorlarning aksariyati musulmonlar va xristianlar. Shahar aholisi 11,5%. Yirik shaharlari: Addis-Abeba, Xarar (Xarer), Nazret (Adama).
Tarixi Efiopiya hududidan topilgan arxeologik topilmalar yoshi taxminan 2 mln. yilga yaqin. Miloddan avvalgi asrlarda Efiopiya hududida somxom va boshqalar til guruhlariga mansub xalqlar yashagan. Mil. boshlarida Shimoliy Efiopiya hududida Aksum podsholigi mavjud boʻlgan. V–VI asrlarda xristianlikning monofislik yoʻnalishi mamlakatdagi hukmron dinga aylandi. VII asrda arablarning Shimoliy va Sharqiy Afrikaga bostirib kirishi va Arab xalifaligining paydo boʻlishi natijasida Aksum podsholigi inqirozga uchradi. XIII asrdan bu hududda Efiopiya podsholigi mavjud boʻlgan. XVIII asr oxiri — XIX asr 1-yarmida oʻzaro urushlar natijasida bir qancha knyazliklarga boʻlinib ketdi. XIX asrning 50-yillari Kuaralik Kasa mamlakatni birlashtirishda muhim rol oʻynadi 1855-yil oʻzini Teodros (Fyodor) II nomi bilan imperator deb eʼlon qilgan. 1867-yil Buyuk Britaniya Efiopiyaga qarshi urush boshladi. Urushda Efiopiya armiyasi yengildi (1868), lekin ingizlar xalq ommasining qattiq qarshiligiga uchrab, mamlakatdan chiqib ketishga majbur boʻldi. XIX asrning 70–80-yillari Efiopiya Misr va Sudan bilan urush olib bordi. Urushlar natijasida Efiopiyaning kuchsizlanganidan foydalangan Italiya 1882-yil Assab, 1885-yil Massaua portlarini bosib oldi. 1889-yilgi bitim boʻyicha Efiopiya Italiya protektoratiga aylandi. 1890-yil boshida Italiya Qizil dengiz boʻylaridagi oʻzi egallagan yerlarni Eritreya mustamlakasiga birlashtirdi. 1895-yil italyan qoʻshinlari Efiopiyaga yana hujum qildilar. 1896-yilI martdagi jangda Efiopiya qoʻshinlari italyanlarni tormor keltirdi. 1896-yil 26-oktabrda tuzilgan sulh shartnomasiga koʻra, Italiya Efiopiyaning toʻla mustaqilligini tan oldi. Imperator Menelik II davri (1889–1912)da mamlakatni markazlashtirish nihoyasiga yetdi va bir qator qoʻshni viloyatlar Efiopiyaga qoʻshib olindi. Uning oʻlimi (1913)dan soʻng hokimiyat uchun kurash avj oldi. 1930-yil Xayle Selassiye I Efiopiya imperiyasi imperatori boʻldi. U bir qancha islohotlarni amalga oshirdi (1931-yil mamlakatning birinchi konstitutsiyasini qabul qildi). 1935–36 yildagi Italiya-Efiopiya urushi natijasida Italiya Efiopiyani egalladi va uni „Italiya Sharqiy Afrikasi“ mustamlakasi tarkibiga kiritdi. 1941-yil yanvar da inglizefiop qoʻshinlari Sudan hududidan Efiopiyaga kirib, italyan qoʻshinlariga qarshi hujum boshladilar va 1941-yil oxirida Efiopiyani italyan qoʻshinlaridan ozod qildilar (harbiy harakatlarda qatnashgan ingliz qoʻshinlari mamlakatdan 1954-yil chiqib ketdilar). 1942-yil mamlakatda qulchilikni taqiqlash va qullarni ozod qilish toʻgʻrisida farmon eʼlon qilindi. 1952-yil BTM Bosh Assambleyasining qaroriga muvofiq Italiyaning sobiq mustamlakasi — Eritreya federativ asosda Efiopiyaga qoʻshildi. 1962-yil Eritreyaning federativ maqomi imperatorlik hukumatining tazyiqi bilan bekor qilindi va u Efiopiya bilan toʻliq birlashdi. XX asr 60– 70-yillarida turli ijtimoiy qatlamlarning faolligi kuchaydi. Agrar islohotlar haqidagi masalani hal etishning choʻzilishi, 1973-yildagi qurgʻoqchilik va yuz minglab kishilarning ochlikdan halok boʻlishi, narxnavoning oshib, yuqori amaldorlar oʻrtasida poraxoʻrlikning avj olishi 1974-yil boshiga kelib monarxiya tuzumining ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy tangligini kuchaytirdi. 1974-yil fevralda ish tashlash va namoyishlar boshlandi. U mehnatkashlarning monarxiyaga qarshi inqilobiga aylanib ketdi va 1974-yil 12-sentabrda Xayle Selassiye I agʻdarib tashlandi. 1975-yil martda mamlakat respublika deb eʼlon qilindi va Sotsialistik Efiopiya deb ataldi, 1987-yil sentabrdan Efiopiya Xalq Demokratik Respublikasi, 1991-yil iyundan Efiopiya, 1995-yil avgustdan Efiopiya Federativ Demokratik Respublikasi deb nomlandi. 1993-yil mayda mustaqillik uchun olib borgan 30 yillik kurashdan soʻng Eritreya Efiopiyadan ajralib chiqdi va oʻz mustaqilligini eʼlon qildi. Efiopiya — 1945-yildan BMT aʼzosi. Oʻzbekiston Respublikasi suverenitetini 1992-yil 2-yanvarda tan olgan va 1996-yil 15-iyulda diplomatiya munosabatlari oʻrnatgan. Milliy bayrami — 28-may — Tinchlik va demokratiya oʻrnatilgan kun (1991-yil 28-mayda Efiopiya xalqlari inqilobiy demokratik fronti hokimiyat tepasiga kelgan).
Asosiy siyosiy partiya va tashkilotlari Hamda kasaba birlashmalari Efiopiyada tinchlik va demokratiya uchun muqobil kuchlar ittifoqi, 1993-yil tashkil etilgan; Efiopiya demokratik birlik partiyasi, 1984-yil asos solingan; Efiopiya xalklari inqilobiy demokratik fronti, 1989-yil tuzilgan. Efiopiya kasaba uyushmalari, 1977-yil tashkil etilgan.
Iqtisodiyoti Efiopiya — agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoat 12%, qishloq xoʻjaligi 55%, xizmat koʻrsatish tarmogʻi 33%ni tashkil etadi.
Qishloq xoʻjaligi iqtisodiyotda yetakchi rol oʻynaydi. Mehnatga layoqatli aholining 85%ga yaqini qishloq xoʻjaligida band. Qishloq xoʻjaligining asosiy tarmogʻi — dehqonchilik. Asosiy oziq-ovqat ekini — arpa, teff (tariqning bir turi), makkajoʻxori, bugʻdoy, yer yongʻoq, kungaboqar. Shuningdek, shakarqamish, paxta, tamaki yetishtiriladi. Sabzavot xam ekiladi. Sitrus mevalar, oʻrik, shaftoli, anor, banan oʻstiriladi. Eksport uchun kofe yetishtiriladi. Chorvachiligida qoramol, qoʻy, echki, xachir, tuya bokiladi. Parrandachilik, oʻrmon asalarichiligi rivojlangan. Oʻrmonlarida qimmatbaho yogoch tayyorlanadi.
Sanoatida oziq-ovqat, yengil, neftni qayta ishlash, metallsozlik, toʻqimachilik, koʻnpoyabzal tarmoqlari yetakchi. Yiliga oʻrtacha 1,28 mlrd. kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi. Eng yirik GES — Fincha. Hunarmandchilikda toʻquvchilik, teri, suyak va yogʻochni qayta ishlash rivojlangan. Platina, oltin, marganets rudasi, kaliy tuzi, kvars qumi qazib olinadi.
Transporti Efiopiyada temir yoʻllar uzunligi — 0,78 ming km, avtomobil yoʻllari uzunligi — 19,4 ming km. Tashqi savdo yuklari asosan, Jibuti porti orqali amalga oshiriladi. Efiopiya chetga kofe, teri xom ashyosi, dukkakli donlar, moyli uruglar chiqaradi. Chetdan neft va neft mahsulotlari, oziq-ovqat, mashina va jihozlar, isteʼmol mollari oladi. Tashqi savdoda Germaniya, Saudiya Arabistoni, AQSH, Italiya, Yaponiya, Jibuti bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — bir.
Tibbiy xizmati Aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish davlat davolash muassasalari tomonidan amalga oshiriladi. Vrachlar Addis-Abebadagi universitetning tibbiyot fakulteti va Gonderdagi tibbiyot kollejida tayyorlanadi.
Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari Taʼlim tizimi 6 yillik boshlangʻich va 6 yillik oʻrta maktabdan iborat. 7–12 yoshdagi bolalar uchun boshlangʻich taʼlim majburiy. Oʻqish amxara tilida olib boriladi. Hunartexnika taʼlimi toʻliqsiz oʻrta maktab negizida amalga oshiriladi. Boshlangʻich maktab oʻqituvchilari 2 yil lik oʻqituvchilar institutida, oʻrta maktab oʻqituvchilari untlar, Addis-Abebadagi pedagogika institutida tayyorlanadi. Addis-Abebada milliy unt, Bahr-Darda politexnika instituti, Jimmada qishloq xoʻjaligi instituti bor. Qishloq xoʻjaligi institut va kollejlari mamlakatning boshqa shaharlarida ham bor.institutlar milliy universitet huzuridagi qishloq xoʻjaligi stansiyalari, efiop tadkiqotlar instituti, geofizika rasadxonasi, oʻrmon tadqiqotlari instituti, xaritagrafiya va geografiya instituti, geologiya tadqiqotlari boʻlimida olib boriladi. Shuningdek, Addis-Abebada qishloq xoʻjaligi instituti, Afrika chorvachiligi tadqiqot markazi, Efiopiya geologiya xizmati, Jimma yaqinida kofe seleksiya ilmiy tekshirish stansiyasi mavjud. Yirik kutubxonalari: Addis-Abebadagi universitet kutubxonasi, Addis-Abebadagi milliy kutubxona. Addis-Abebada Arxeologiya muzeyi, Desse shahrida muzey bor.
Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi Efiopiyada bir qancha gazeta va jurnal nashr etiladi. Asosiylari: „Addis zemen“ („Yangi vaqt“, amxara tilida chiqadigan kundalik gazeta, 1941-yildan), „Yezareitu Itiopiya“ („Bugungi Efiopiya“, amxara tilidagi haftalik gazeta, 1952-yildan), "Yekatit („Fevral“, amxara va ingliz tillaridagi bezakli jurnal), „Meskerem“ („Sentabr“, amxara tilida har choraqda chiqadigan nazariy jurnal, 1980-yildan), „Efiopian gerald“ („Efiopiya xabarnomasi“, ingliz tilidagi haftalik gazeta, 1943-yildan). Hukumatga qarashli Efiopiya axborot agentligi 1964-yil tashkil etilgan. Efiopiya radiosi, hukumat radioeshittirish xizmati, 1941-yil tuzilgan; Efiopiya televideniyesi, hukumat xizmati, 1964-yil asos solingan.
Adabiyoti